
O‘zbekistonda qurilishda eskrou hisobvaraqlar joriy etilmoqda
2025-yil 1-iyuldan boshlab O‘zbekistonda ulushdorlar qurilishga ikki usulda sarmoya kiritishlari mumkin bo‘ladi: maxsus eskrou hisobvaraqlar orqali yoki amaldagi tizim bo‘yicha. Biroq, 2026-yil 1-yanvardan boshlab faqat eskrou hisobvaraqlardan foydalanish mumkin bo‘ladi. Bu o‘zgarishlar Prezident Shavkat Mirziyoyevning farmonida nazarda tutilgan.
Qurilish ustidan nazoratni kuchaytirish maqsadida, belgilangan muddatga qadar ishlar jarayonini kuzatish imkonini beradigan elektron platforma ishga tushiriladi. Bundan tashqari, 2025-yil 1-iyulga qadar ulushli ishtirok shartnomalarini elektron shaklda rasmiylashtirish va soliq organlariga yuborish imkoniyati yaratiladi.
Iqtisodiyot va moliya vazirligi huzurida uy-joy qurilishining barcha bosqichlarini nazorat qilish vazifasini o‘z zimmasiga oladigan maxsus loyiha ofisi tashkil etiladi.