Saneg O‘zbekistonda ilk o‘z-o‘ziga xizmat ko‘rsatuvchi konteynerli AYOQSH’ni ishga tushirdi
11 январь

Saneg O‘zbekistonda ilk o‘z-o‘ziga xizmat ko‘rsatuvchi konteynerli AYOQSH’ni ishga tushirdi

Baxt shahridagi M34 trassasida mamlakatdagi birinchi o‘z-o‘ziga xizmat ko‘rsatish terminali o‘rnatilgan konteynerli AYOQSH (KAZS) faoliyatini boshladi. Saneg “Baxt” AYOQSH hududida joylashgan yangi stansiya zamonaviy texnologiyalar yordamida tez va qulay yonilg‘i quyish imkoniyatini yaratmoqda.

O‘z-o‘ziga xizmat ko‘rsatish terminali HUMO va UzCard bank kartalari orqali to‘lovni qabul qiladi. Yonilg‘i quyish jarayoni bir necha oddiy bosqichdan iborat: yonilg‘i turini tanlash (AI-95 yoki AI-98), miqdori yoki hajmini belgilash, to‘lovni amalga oshirish va yonilg‘i quyishni boshlash.

Saneg bosh direktori To‘lqin Yusupov konteynerli AYOQSH mijozlarning vaqtini tejaydigan hamda yuqori sifatli xizmat ko‘rsatishni ta’minlaydigan samarali va ixcham yechim ekanligini ta’kidladi.

KAZSdan tashqari, stansiya hududida AI-80, AI-92 va dizel yoqilg‘isini taklif etuvchi 10 ta standart kolonka ishlaydi. Shuningdek, AYOQSH hududida avtomobil va sayohat uchun zarur mahsulotlar sotiladigan S-Mart do‘koni faoliyat yuritmoqda. Yaqin kelajakda bu yerda moy almashtirish va avtoyuvish shoxobchalarini ochish ko‘zda tutilgan.