
Tungi iqtisodiyotni rivojlantirish loyihasi e’lon qilindi
Strategik islohotlar agentligi tungi vaqtda iqtisodiy faollikni oshirish, yangi ish o‘rinlari yaratish va sayyohlarni jalb qilishga qaratilgan tungi iqtisodiyotni rivojlantirish konsepsiyasi loyihasini taqdim etdi. Hujjat kecha-kunduz xizmat ko‘rsatishni muvaffaqiyatli rivojlantirgan mamlakatlar tajribasiga asoslangan.
Konsepsiya o‘nta asosiy yo‘nalishni qamrab oladi, jumladan kecha-kunduz ishlaydigan gastronomik hududlar, tungi bozorlar, madaniy va ko‘ngilochar tadbirlarni tashkil etish. Ularni qo‘llab-quvvatlash uchun soliq imtiyozlari, litsenziyalar berishni soddalashtirish va xorijiy investorlarga infratuzilma imkoniyatlarini taqdim etish taklif etilmoqda.
Fuqarolarga tungi xizmatlar, tadbirlar va jamoat transporti yo‘nalishlari haqida ma’lumot beruvchi “Tungi shahar” raqamli platformasini joriy etish rejalashtirilgan. Xavfsizlikka alohida e’tibor qaratilmoqda: tunda huquq-tartibot kuchlarining 70 foizi ishlaydi, kecha-kunduz patrullik va mobil klinikalar tashkil etiladi.
Tungi iqtisodiyotni rivojlantirishni muvofiqlashtirish uchun yangi lavozim — tuman hokimi o‘rinbosari vakolatiga ega koordinator lavozimi joriy etilmoqda. Uning vazifalariga biznes bilan hamkorlik qilish, xizmatlar sifatini nazorat qilish va infratuzilmani boshqarish kiradi.