Bokuda o‘zbek maishiy texnika savdo uyi faoliyatini boshladi
23 январь

Bokuda o‘zbek maishiy texnika savdo uyi faoliyatini boshladi

Ozarbayjon poytaxtida Ohangaron shahrida joylashgan “Premier” kompaniyasi mahsulotlarini taqdim etuvchi “Premier Elektronics” savdo uyi ochildi. Bu korxona elektr maishiy texnika ishlab chiqarishga ixtisoslashgan bo‘lib, yillik aylanmasi 5 million dollarga yetmoqda. Kompaniya mahsulotlari allaqachon Rossiya, Qozog‘iston, Qirg‘iziston va Tojikistonga eksport qilinmoqda.

Savdo uyining ochilish marosimida Ozarbayjon tadbirkorlar hamjamiyati vakillari va savdo markazlari rahbarlari ishtirok etdilar. Tadbir qatnashchilari o‘zbek texnikasining yuqori sifati va hamyonbop narxini alohida ta’kidlab o‘tdilar.

Birinchi bosqichda kompaniya Ozarbayjon bozoriga yillik savdo hajmi 400-500 ming dollar bo‘lgan muzlatgichlar, televizorlar, kir yuvish mashinalari va konditsionerlarni yetkazib berishni rejalashtirmoqda. Kelajakda “Premier” zavodining ishlab chiqarish liniyalarini bevosita Ozarbayjonda ishga tushirish imkoniyati ko‘rib chiqilmoqda.