
O‘zbekiston elektrotexnika sanoati o‘sish yo‘lida
Prezident Shavkat Mirziyoyev 11-yanvar kuni mamlakat sanoatining 3,5 foizini tashkil etadigan va tovar eksportining 10 foizini ta’minlaydigan elektrotexnika tarmog‘ining yutuqlari va istiqbollari bilan tanishdi. O‘tgan yil yakunlariga ko‘ra, ishlab chiqarish hajmi 31 trillion so‘mni, eksport esa 1,3 milliard dollarni tashkil etgan.
“O‘zeltexsanoat” uyushmasi raisining ma’lum qilishicha, 2025-yilgacha umumiy qiymati 4 milliard dollarlik 290 ta yangi loyihani amalga oshirish, 600 million dollarlik investitsiyalarni o‘zlashtirish va misni qayta ishlash hajmini 75 foizgacha oshirish rejalashtirilgan.
Tadbirkorlikni rag‘batlantirish maqsadida texnoparklarda tayyor binolar qurib, ularni elektrotexnika va turdosh tarmoqlar korxonalariga keyinchalik sotishga ruxsat berish taklifi bildirildi. Shuningdek, yuqori texnologiyali ishlab chiqarishni yo‘lga qo‘ygan kompaniyalarni uch yil davomida foyda solig‘i va mol-mulk solig‘idan ozod etish mumkinligi aytildi.
Mahsulotlarni vazirliklar va sanoat tarmoqlari orqali sotish uchun 15 trillion so‘mlik kafolatlangan bozor yaratishga alohida e’tibor qaratildi. Bundan tashqari, ijtimoiy obyektlar uchun mahalliy ishlab chiqaruvchilardan qayta tiklanuvchi energiya uskunalarini xarid qilish mexanizmi ishlab chiqilmoqda.
Mas’ul shaxslarning ta’kidlashicha, tarmoq yillik ishlab chiqarish hajmini 50 trillion so‘mgacha, eksportni esa 3 milliard dollargacha yetkazish salohiyatiga ega.