
O‘zbekiston Amerikadagi diplomatik aloqalarini kengaytirmoqda
2025-yilga mo‘ljallangan davlat rejasi doirasida O‘zbekiston Shimoliy va Janubiy Amerika davlatlari bilan aloqalarni mustahkamlashni maqsad qilgan. Asosiy tashabbuslar qatorida Kanadada bosh konsulxona ochish ikki tomonlama munosabatlarni rivojlantirishda muhim qadam bo‘ladi.
Shu paytgacha Kanada bilan diplomatik masalalar Moskvadagi elchixona orqali hal qilinib kelingan, biroq 2024-yilda vakolatlar Ostonadagi vakolatxonaga o‘tkazildi. Hozirda Kanadaning mintaqadagi manfaatlarini Qozog‘iston, O‘zbekiston va qo‘shni davlatlardagi elchisi Alan Xemson ifoda etmoqda. O‘zbekistonning AQSH, Kanada va Braziliyadagi elchisi esa Furqat Sidiqov hisoblanadi.
Rejada, shuningdek, Kanada, Braziliya va Kuba bilan siyosiy maslahatlashuvlar o‘tkazish, ushbu mamlakatlardan qo‘shma loyihalar uchun kompaniyalarni jalb etish hamda sog‘liqni saqlash, farmatsevtika va qishloq xo‘jaligi kabi sohalarda aloqalarni rivojlantirish ko‘zda tutilgan.
Bundan tashqari, O‘zbekiston madaniyat va sport vakillarining Lotin Amerikasi tadbir va festivallarida ishtirokini tashkil etish, shuningdek, ushbu mamlakatlardan O‘zbekistonga delegatsiyalar tashrif buyurishini ta’minlash taklifi bildirildi. Bu qadamlar madaniy va iqtisodiy aloqalarni mustahkamlashga xizmat qiladi.
Belgilangan barcha vazifalarni 2025-yil oxirigacha amalga oshirish rejalashtirilgan.