
Namangan viloyatiga 527 million dollar investitsiya kiritilishi mumkin
Shavkat Mirziyoyev Namangan viloyatida investitsiya muhiti, tadbirkorlik sharoitlarini yaxshilash va aholi farovonligini oshirish chora-tadbirlariga bag‘ishlangan yig‘ilish o‘tkazdi. Yil yakuniga qadar viloyat iqtisodiyoti sakkiz foizga o‘sishi kutilmoqda.
O‘tgan o‘n oy davomida viloyatda 681 ta loyiha amalga oshirilib, 21 ming ish o‘rni yaratildi. Ishlab chiqarish faolligi 21 trillion so‘mga yetdi, shundan 702 million dollarlik mahsulotlar eksport qilindi.
Yig‘ilishda kelgusi yilga mo‘ljallangan maqsadlarni belgilash haqida qaror qilindi. Buning uchun tumanlarga ishchi guruhlar yuborilmoqda, tadbirkorlarning takliflari o‘rganilib, rejalar tuzilmoqda. Namangan viloyatida umumiy qiymati 527 million dollarlik 182 ta yangi loyihani amalga oshirish imkoniyatlari aniqlandi. Bular orasida Barkamol avlod mahallasidagi kichik sanoat zonasini kengaytirish bo‘lib, u yerda 60 million dollarlik charm-poyabzal korxonasini qurish rejalashtirilmoqda. Mingbuloqdagi “Namangan” massivida 25 million dollarlik sanoat loyihalari uchun zona tashkil etish taklif etilmoqda.
Yirik investitsiya tashabbuslariga alohida e’tibor qaratildi. Jumladan, Pop tumanidagi tadbirkor amerikalik hamkorlar bilan flyuorit toshini qayta ishlashga 80 million dollar sarmoya kiritishni taklif qildi. Bu loyiha 200 ta ish o‘rni yaratish va har yili 70 million dollarlik mahsulot eksport qilish imkonini beradi.