
2025-yilgi Davlat byudjeti loyihasi birinchi o‘qishda ko‘rib chiqildi
Oliy Majlis Qonunchilik palatasining navbatdagi yalpi majlisida deputatlar ‘2025-yil uchun O‘zbekiston Respublikasining Davlat byudjeti to‘g‘risida‘gi qonun loyihasini muhokama qildilar. Bosh vazir o‘rinbosari, iqtisodiyot va moliya vaziri Jamshid Qo‘chqorov ma’ruza qildi.
Byudjet loyihasida davlatning barcha ijtimoiy majburiyatlarini bajarish uchun yetarli mablag‘lar ko‘zda tutilgan. Ish haqi, pensiya va nafaqalarni o‘z vaqtida to‘lash, shuningdek, ularni inflatsiya darajasidan past bo‘lmagan miqdorda oshirishga alohida e’tibor qaratilgan. Xarajatlarning katta qismi ta’lim, sog‘liqni saqlash va ijtimoiy himoyani rivojlantirishga yo‘naltirilgan. Xususan, kambag‘allikni qisqartirishga 22 trillion so‘m ajratilgan.
Asosiy soliq stavkalarini o‘zgarishsiz saqlab qolish va daromad bazasini kengaytirish maqsadida "xufiyona iqtisodiyot‘ga qarshi kurashish rejalashtirilmoqda. Shuningdek, soliq-byudjet siyosatini xalqaro standartlarga, jumladan Jahon savdo tashkiloti talablariga muvofiqlashtirish choralari muhokama qilindi.
Prognozlarga ko‘ra, 2025-yilda yalpi ichki mahsulot o‘sishi 6 foizni tashkil etib, aholi jon boshiga daromadlar 3251 dollarga yetadi. Iqtisodiyotning turli tarmoqlarida, jumladan, sanoat, qishloq xo‘jaligi va xizmat ko‘rsatish sohalarida o‘sish ko‘zda tutilgan. Inflyatsiya darajasi 7 foiz atrofida bo‘lishi kutilmoqda.
Deputatlar tashabbuskor byudjetlashtirish amaliyotini takomillashtirish va “yashil” byudjet islohotlarini jadallashtirish zarurligiga e’tibor qaratdilar. Shuningdek, byudjet daromadlarini ko‘paytirish, xufiyona iqtisodiyotni qisqartirish va mablag‘lardan foydalanish samaradorligini oshirish bo‘yicha tavsiyalar berildi.
Siyosiy partiyalar fraksiyalari qonun loyihasi yuzasidan o‘z nuqtai nazarlarini bildirdilar. Bolalarni ijtimoiy himoya qilish, ta’lim muassasalarining raqobatbardoshligini oshirish va ekologik vaziyatni yaxshilash bilan bog‘liq masalalar alohida muhokama qilindi. Kinematografiyani qo‘llab-quvvatlash, byudjet sohasida ish haqini oshirish va soliq ma’muriyatchiligini takomillashtirish mavzulariga ham e’tibor qaratildi.
Muhokamalar yakunida byudjet loyihasi konseptual jihatdan birinchi o‘qishda ma’qullandi.