Transport vaziri Xitoyning O‘zbekistondagi elchisi bilan uchrashdi
Transport vaziri Ilhom Mahkamov Xitoyning O‘zbekistondagi Favqulodda va Muxtor elchisi Yu Szun bilan uchrashuv o‘tkazdi. Uchrashuvning asosiy mavzusi ikki mamlakat o‘rtasida transport logistikasi sohasidagi hamkorlikni rivojlantirish bo‘ldi.
Tomonlar avtomobil transportida yuk tashish uchun ruxsatnomalar kvotasini ko‘paytirish, shuningdek, Xitoy portlari va chegara punktlari orqali konteynerlarning o‘tishini tezlashtirish masalalarini muhokama qildilar. O‘zbek aviakompaniyalarining Xitoyga qatnovlari sonini oshirishga alohida e’tibor qaratildi.
Xitoy — Qirg‘iziston — O‘zbekiston temir yo‘lini qurish loyihasi uchrashuvning muhim mavzusiga aylandi. Uch tomonlama konsessiya bitimini imzolashni tezlashtirish va ushbu muhim magistral qurilishini boshlash marosimiga tayyorgarlik ko‘rish masalalari ko‘rib chiqildi.