O‘zbekiston xitoylik investorlar bilan hamkorligini mustahkamlayapti
O‘zbekiston Investitsiyalar, sanoat va savdo vazirligi vakillari rahbarligidagi Namangan viloyati delegatsiyasi Xitoyning Shinjon-Uyg‘ur muxtor rayoni va Pekinga tashrif buyurdi. Tashrif maqsadi Namangan viloyatida loyihalarni amalga oshirish uchun to‘g‘ridan-to‘g‘ri investitsiyalarni jalb etishdan iborat bo‘ldi.
Tashrif doirasida delegatsiya Xitoyning Hunan Zhongwei Group, Xinjiang Tianshan, GCL Group va boshqa yirik kompaniyalari rahbarlari bilan uchrashuvlar o‘tkazdi. Turizm, tibbiyot, qishloq xo‘jaligi mahsulotlarini qayta ishlash, avtomobilsozlik, to‘qimachilik, qurilish materiallari va qayta tiklanadigan energetika uskunalari ishlab chiqarish sohalaridagi loyihalar muhokama etildi.
Xitoylik hamkorlar O‘zbekistonning ishbilarmonlik muhitini yuqori baholab, xorijiy investorlar uchun taqdim etilayotgan imtiyoz va kafolatlarni ta’kidladilar. Muzokaralarda qo‘shma loyihalar bo‘yicha kelishuvlarga erishildi va Investitsiyalar vazirligi ularni amalga oshirishning barcha bosqichlarida qo‘llab-quvvatlashga tayyorligini izhor etdi.
Tashrif doirasidagi asosiy voqea 6-dekabr kuni Pekinda bo‘lib o‘tgan O‘zbekiston-Xitoy biznes-forumi bo‘ldi. Tadbirda Xitoyning 20 dan ortiq kompaniyasi vakillari taklif etilgan loyihalarga qiziqish bildirdi. B2B formatidagi muzokaralar ularni amalda joriy etish uchun keyingi qadamlarni kelishib olish imkonini berdi.