Toshkentda O‘zbek-Turk biznes-forumi bo‘lib o‘tdi
OSTIM birlashgan sanoat zonasi raisi Orxon Aydin boshchiligidagi turk ishbilarmon doiralari delegatsiyasi tashrifi doirasida Toshkentda O‘zbekiston va Turkiya o‘rtasidagi iqtisodiy hamkorlikni mustahkamlashga bag‘ishlangan biznes-forum tashkil etildi.
Tadbirda Investitsiyalar, sanoat va savdo vazirining o‘rinbosari Akram Aliyev, viloyatlar ma’muriyatlari vakillari, erkin iqtisodiy va sanoat zonalari hamda 200 dan ortiq yirik kompaniya rahbarlari ishtirok etdi. Forum IT, metallurgiya, qurilish, ta’lim, turizm va savdo kabi yo‘nalishlarni qamrab oldi.
Ishtirokchilar o‘z chiqishlarida ikki tomonlama savdoning sezilarli o‘sishini qayd etdilar: so‘nggi besh yilda u 1,3 barobar oshib, 3,1 milliard dollarga yetdi. Preferensial savdo to‘g‘risidagi bitimning imzolanishi va shartlarini kengaytirish hamkorlik uchun yangi imkoniyatlar yaratmoqda. Qo‘shma korxonalar soni uch barobarga oshib, 1900 dan oshdi, 2023 yilda esa turk kompaniyalari O‘zbekistonga 1,2 milliard dollar miqdorida investitsiya kiritdi.
Forum davomida turk biznesi vakillariga investorlar uchun yaratilgan qulay sharoitlar, jumladan, soliq va bojxona imtiyozlari, GSP+ dasturi orqali Yevropa bozorlariga kirish imkoniyati, erkin iqtisodiy zonalar tashkil etilishi va JSTga qo‘shilish bo‘yicha olib borilayotgan ishlar haqida ma’lumot berildi.
Alohida e’tibor Toshkent viloyatining Zangiota tumanida tashkil etilayotgan "OSTIM Global sanoat zonasi‘ga qaratildi. 100 gektar maydonga ega va 150 million dollar qiymatga ega bo‘lgan ushbu hududda quyosh elektr stansiyasi, ijtimoiy obyektlar, kasb-hunar kolleji va sertifikatlash markazi kabi infratuzilma ob’ektlari barpo etilgan.
Forum doirasida B2B muzokaralari o‘tkazilib, tadbirkorlar qo‘shma loyihalarni ishga tushirish imkoniyatlarini muhokama qildilar. Tashkilotchilar turk kompaniyalarini amaldagi va yangi tashabbuslarni amalga oshirishda qo‘llab-quvvatlashga tayyor ekanliklarini bildirdilar.