O‘zbekiston 2024-yilda JSTga a’zo bo‘lish bo‘yicha 15 ta davlat bilan muzokaralarni yakunladi
O‘zbekiston 2024-yilda Jahon savdo tashkilotiga (JST) a’zo bo‘lish yuzasidan 15 ta davlat, jumladan AQSH, Xitoy, Filippin, Tailand, Pokiston, Argentina, Braziliya va Shri-Lanka bilan ikki tomonlama muzokaralarni yakunladi. Shu tariqa, muzokaralar yakunlangan davlatlarning umumiy soni 22 taga yetdi.
Prezidentning JST masalalari bo‘yicha maxsus vakili Azizbek O‘runov ma’lum qilishicha, joriy yilda ilgari o‘tkazilgan muhokamalar asosida Ishchi guruh hisoboti loyihasini ishlab chiqish boshlangan. Ushbu hujjat ustidagi ishlar 2025-yilda yakunlanishi kutilmoqda.
Tashkilotga a’zo bo‘lishga tayyorgarlik doirasida O‘zbekiston 30 dan ortiq huquqiy hujjatlar, jumladan 9 ta qonun hamda prezident va Vazirlar Mahkamasining bir qator qarorlarini qabul qildi. Shuningdek, Ishchi guruh yig‘ilishlari, qishloq xo‘jaligi bo‘yicha maslahatlashuvlar, xalqaro tadbirlar va mamlakatimiz Prezidentining JST bosh direktori Ngozi Okonjo-Iveala bilan uchrashuvlari o‘tkazildi.
O‘zbekiston Rossiya, Yevropa Ittifoqi, Buyuk Britaniya va boshqa davlatlar bilan muzokaralarni davom ettirmoqda. O‘runovning aytishicha, ular “oz qolgan” va ushbu muhokamalarning yakunlanishi tashkilotga kirish yo‘lidagi navbatdagi qadam bo‘ladi.
O‘zbekistonning JSTga a’zo bo‘lishi bo‘yicha ishlar 2023-yilda, prezident Shavkat Mirziyoyev jarayonni jadallashtirish to‘g‘risida ko‘rsatma berganidan so‘ng faollashdi. Yozda JST masalalari bo‘yicha maxsus vakil lavozimi ta’sis etildi, 20 ta idorada ishni muvofiqlashtirish uchun bo‘linmalar tashkil qilindi.
Prezident JSTga a’zo bo‘lish eksportni, ayniqsa tayyor mahsulotlar eksportini ko‘paytirish uchun muhim qadam bo‘lishini ta’kidlab, bu vazifani BMT Bosh Assambleyasida ustuvor vazifa sifatida belgiladi. O‘zbekiston 2026-yilda bo‘lib o‘tadigan JSTning 14-Vazirlar uchrashuviga qadar jarayonni yakunlashni rejalashtirmoqda.
Soliq qo‘mitasi raisining birinchi o‘rinbosari Mubin Mirzayev O‘zbekistonga 2-3 yillik o‘tish davri berilishini, bu davrda boshqa a’zo davlatlar bilan tuzilgan bitimlar asosida bojxona to‘lovlari belgilanishini ma’lum qildi. Iqtisodiyot va moliya vaziri Jamshid Qo‘chqorov O‘zbekiston tadbirkorlari ochiq raqobat sharoitiga moslashishlari zarurligini ta’kidladi.