“O‘zbekko‘mir” yangi rekord o‘rnatdi: 2024-yilda ko‘mir qazib olish 6,7 million tonnaga yetdi
2024-yilda “O‘zbekko‘mir” davlat kompaniyasi ko‘mir qazib olish bo‘yicha rekord ko‘rsatkichga erishib, 6,7 million tonna ko‘mir qazib oldi. Bu haqda Tog‘-kon sanoati va geologiya vazirligi matbuot xizmati ma’lum qildi.
Eng ko‘p ko‘mir “Angren” konidan qazib olindi — 5,5 million tonnadan ortiq. “Apartak ko‘mir koni” filiali ham birinchi marta 1,2 million tonnadan oshib, sezilarli hissa qo‘shdi.
‘O‘zbekko‘mir‘ning ishlab chiqarish ko‘rsatkichlari barqaror o‘sishni namoyish etmoqda: 2023-yilda qazib olish hajmi 5,8 million tonnani tashkil etgan bo‘lsa, 2024-yilda bu ko‘rsatkich deyarli 15 foizga oshdi.
So‘nggi yillarda mamlakatda ko‘mir qazib olishning o‘sish sur’ati sezilarli darajada. 2016 yilda ko‘mir qazib olish hajmi 4 million tonnadan kam bo‘lgan bo‘lsa, 2023 yilga kelib 6,55 million tonnaga yetdi.
2024-yil uchun 8 million tonna ko‘mir ishlab chiqarish rejalashtirilgan edi, shundan 900 ming tonnasini xususiy tadbirkorlar ta’minlashi ko‘zda tutilgandi. O‘zbekiston 2025-yilga borib qazib olish hajmini 10 million tonnaga, uzoq muddatli istiqbolda esa yiliga 20 million tonnaga yetkazishni rejalashtirmoqda.
Tog‘-kon sanoati va geologiya vaziri Bobir Islomov yer qa’ridan foydalanishda xususiy sektorni jalb qilish va yangi investitsiya loyihalarini amalga oshirish orqali ishlab chiqarish hajmini sezilarli darajada oshirishga erishilganini ta’kidladi. Prezident tarmoqni yanada rivojlantirish uchun ko‘mir sanoatiga investitsiyalarni jalb etishni jadallashtirish bo‘yicha ko‘rsatma berdi.