
Oʻzbekiston va Qozogʻiston erkin savdo rejimini joriy qiladi
Tomonlar sanoat kooperatsiyasi, transport, energetika, qishloq xoʻjaligi, fan va taʼlim sohalarida hamkorlikni rivojlantirish masalalarini muhokama qildilar.
Oʻzaro savdo hajmini 10 milliard dollarga yetkazish maqsadida ikki davlat hukumati toʻliq erkin savdo rejimiga oʻtishni va uchinchi davlatlardan importni almashtirishni rejalashtirmoqda. Bu haqda Oʻzbekiston Bosh vaziri Abdulla Aripov matbuot xizmati xabar berdi.
11-12 iyul kunlari Olma-otada Oʻzbekiston va Qozogʻiston bosh vazirlari raisligida ikki tomonlama hamkorlik boʻyicha hukumatlararo qoʻshma komissiyaning 21-yigʻilishi boʻlib oʻtdi.
"Geopolitik va tez oʻzgarayotgan vaziyatni hisobga olgan holda, mavjud zaxiralarni samarali ishlatib, yaqin yillarda oʻzaro savdo hajmini 10 milliard dollarga yetkazish zarur, buning uchun uchinchi davlatlardan importni almashtirish va toʻliq erkin savdo rejimiga oʻtish boʻyicha tizimli ishni kuchaytirish kerak", deyiladi rasmiy xabarda.
"Karavan-Info"