
Misr farmatsevtika kompaniyasi O‘zbekistonda qo‘shma loyihani amalga oshirishni rejalashtirmoqda
O‘zbekiston delegatsiyasi farmatsevtika sohasidagi ilg‘or texnologiyalarni o‘rganish maqsadida Misrga tashrif buyurdi. O‘zbekiston Farmatsevtika tarmog‘ini rivojlantirish agentligi va “Magnit Grand Farma” kompaniyasi vakillarining tashrifi O‘zbekiston elchixonasi ko‘magida amalga oshirilgani “Dunyo” axborot agentligi tomonidan ma’lum qilindi.
Tashrif davomida delegatsiya Misrning yetakchi “Minapharm” biofarmatsevtika kompaniyasining ishlab chiqarish quvvatlari bilan tanishib, uning talab yuqori bo‘lgan dori vositalarini ishlab chiqarish bo‘yicha salohiyati va tajribasini o‘rgandi. Muzokaralar chog‘ida hamkorlik istiqbollari, jumladan, amalga oshirilishi mumkin bo‘lgan qo‘shma loyihalar muhokama etildi.
Birinchi bosqichda tomonlar fevral oyi o‘rtalarida misrlik mutaxassislarning O‘zbekistonga tashrif buyurishi haqida kelishib olishdi. Ular farmatsevtika bozorini tahlil qilib, tegishli loyihalarni tayyorlaydilar, mahalliy kadrlarni tanlash va malakasini oshirish bilan shug‘ullanadilar. Kelajakda Toshkent viloyatidagi “Parkent” erkin iqtisodiy zonasi hududida dori vositalari ishlab chiqarishni yo‘lga qo‘yish rejalashtirilmoqda.
Keyingi qadam ilg‘or texnologiyalarni joriy etish, tarqatish markazini tashkil etish, dori vositalarini O‘zbekiston bozorida ro‘yxatdan o‘tkazish, shuningdek, ishlab chiqarishni mahalliylashtirish va keyinchalik mahsulotni eksport qilishdan iborat bo‘ladi.