
London Toshkent bilan barcha yo‘nalishlarda munosabatlarni kengaytirishdan manfaatdor
O‘zbekiston elchisi Ravshan Usmonov Buyuk Britaniya Bosh vazirining O‘zbekiston bo‘yicha yangi savdo vakili lord Jon Olderis bilan muzokaralar olib bordi. Uchrashuv iqtisodiy, investitsiya va ta’lim sohalarida ikki tomonlama hamkorlikni rivojlantirish masalalariga bag‘ishlandi.
Lord Olderis O‘zbekistonning keng ko‘lamli islohotlar jarayonida erishgan sezilarli taraqqiyotini ta’kidlab, Londonning Toshkent bilan hamkorlikni kengaytirishga bo‘lgan qiziqishini bildirdi. Britaniya vakiliga mamlakatning siyosiy, iqtisodiy va ijtimoiy hayotida yuz berayotgan asosiy o‘zgarishlar haqida ma’lumot berildi.
Buyuk Britaniya Bosh vazirining savdo vakillari ishbilarmonlik aloqalari uchun yuqori salohiyatga ega mamlakatlarga tayinlanadi. Ularning vazifasi tadbirkorlar o‘rtasidagi aloqalarni rivojlantirish, investitsiyalarni jalb qilishga ko‘maklashish va savdo missiyalarini tashkil etishdan iborat. Shu nuqtai nazardan, tomonlar iqtisodiy hamkorlikni chuqurlashtirishning mumkin bo‘lgan yo‘nalishlarini muhokama qildilar.