Malayziya kompaniyasi O‘zbekistonda dronlar ishlab chiqarishni yo‘lga qo‘yadi
7 февраль

Malayziya kompaniyasi O‘zbekistonda dronlar ishlab chiqarishni yo‘lga qo‘yadi

O‘zbekistonda Malayziyaning Meraque kompaniyasi intellektual qishloq xo‘jaligi texnikasi va dronlar ishlab chiqarishni tashkil etadi. Zavod Toshkent viloyati Yangiyo‘l tumanidagi Qishloq xo‘jaligini mexanizatsiyalash ilmiy-tadqiqot instituti negizida joylashtiriladi.

Kelishuv O‘zbekiston delegatsiyasining Kuala-Lumpurga tashrifi davomida erishildi. Delegatsiya tarkibiga Qishloq xo‘jaligi vazirligi vakillari, Toshkent va Qashqadaryo viloyatlari rahbarlari, shuningdek, agroklasterlar vakillari kirgan.

Ilgari O‘zbekiston Qishloq xo‘jaligi vazirligi xabar berganidek, Meraque uch yil mobaynida mingta ish o‘rni yaratadigan va 100 ming gektar qishloq xo‘jaligi yerlariga xizmat ko‘rsatadigan ishlab chiqarishni tashkil etish uchun 20 million Malayziya ringgiti (taxminan 4,5 million AQSH dollari) miqdorida sarmoya kiritishni rejalashtirmoqda. Bundan tashqari, texnologiyalarni rivojlantirish uchun kompaniya qo‘shimcha ravishda yana 6,78 million AQSH dollari jalb etadi.