
Markaziy bank rahbariyati Xalqaro omonatlarni kafolatlash uyushmasi konferensiyasida ishtirok etdi
Markaziy bank raisining o‘rinbosari Abrorxo‘ja Turdaliyev boshchiligidagi Fuqarolarning banklardagi omonatlarini kafolatlash jamg‘armasi (FBOKJ) delegatsiyasi Xalqaro omonatlarni kafolatlash uyushmasi (AIDI) yillik konferensiyasida qatnashdi.
Konferensiya davomida delegatsiya Koreya va Hindiston omonatlarni sug‘urtalash jamg‘armalari vakillari bilan uchrashdi, shuningdek, Xorvatiya omonatlarni kafolatlash agentligi bilan o‘zaro anglashuv memorandumini imzoladi.
Delegatsiya, shuningdek, Yevrosiyo va Osiyo-Tinch okeani mintaqaviy qo‘mitalarining yig‘ilishlarida ishtirok etdi. Unda omonat sug‘urtalovchilari O‘zbekistonda omonatlarni kafolatlash tizimidagi muhim o‘zgarishlar haqida ma’lumot oldilar va hamkasblari bilan tajriba almashdilar.
Bundan tashqari, Koreya omonatlarni kafolatlash korporatsiyasi (KDIC) bilan uchrashuv doirasida O‘zbekistonda omonatlarni to‘lash tizimini takomillashtirish bo‘yicha qo‘shma loyihaning istiqbollari muhokama qilindi. FBOKJning paybox-plus tizimiga o‘tishi munosabati bilan omonatlarni kafolatlash sohasida tajribaga ega xorijiy tashkilotlar bilan ham muzokaralar olib borildi.