O‘zbekistonda 2025-yilgi byudjet ijrosi rejasi taqdim etildi
Prezident Shavkat Mirziyoyevga ‘O‘zbekiston Respublikasining 2025-yil uchun Davlat byudjeti to‘g‘risida"gi qonun ijrosini ta’minlash bo‘yicha chora-tadbirlar haqida ma’lumot berildi. 17 modda va 10 ilovadan iborat qonun joriy yil uchun asosiy iqtisodiy ko‘rsatkichlarni o‘z ichiga oladi. 2025-yilda yalpi ichki mahsulotning 6 foizga o‘sishi kutilmoqda.
Konsolidatsiyalashgan byudjet YaIMga nisbatan 3 foiz taqchillik bilan tasdiqlandi: daromadlar 431 trillion so‘mni, xarajatlar esa 480,5 trillion so‘mni tashkil etadi. Davlat byudjeti va maqsadli jamg‘armalar byudjetlari balansi ham 2 foiz taqchillik bilan rejalashtirilgan. Davlat byudjeti daromadlari 308,5 trillion so‘m etib belgilangan bo‘lib, davlat maqsadli jamg‘armalariga o‘tkazmalarni hisobga olgan holda xarajatlar 344,8 trillion so‘mga yetadi.
Qoraqalpog‘iston Respublikasi, viloyatlar va Toshkent shahar mahalliy byudjetlari daromadlari 65,8 trillion so‘mni, xarajatlari esa 84,3 trillion so‘mni tashkil etishi kutilmoqda. Farqni qoplash uchun respublika byudjetidan 18,5 trillion so‘m miqdorida byudjetlararo transfertlar ajratilishi ko‘zda tutilgan.
Qonunga ko‘ra, byudjet ijtimoiy yo‘nalishini saqlab qoladi: mablag‘larning 52 foizi ta’lim, sog‘liqni saqlash, ijtimoiy himoya, ilm-fan, madaniyat va sportni rivojlantirish hamda kam ta’minlangan fuqarolarni uy-joy bilan ta’minlashga yo‘naltiriladi.
Mahalliy byudjetlar daromadlarini ko‘paytirish va ularning mustaqilligini oshirish maqsadida qo‘shimcha soliq tushumlari belgilandi. Bular aylanmadan olinadigan soliq, yuridik shaxslardan olinadigan yer solig‘i va mol-mulk solig‘i, shuningdek, jismoniy shaxslardan olinadigan daromad solig‘ining hamda davlat mulkini xususiylashtirishdan keladigan tushumlarning kamida 50 foizidir. Tuman va shahar Kengashlariga ayrim soliq turlariga nisbatan koeffitsiyentlarni qo‘llash vakolati berildi.