UzAuto Motors Powertrain kompaniyasiga yangi vazifani bajaruvchi bosh direktor tayinlandi
UzAuto Motors Powertrain kompaniyasining vazifani bajaruvchi bosh direktori etib Saidazim G‘ulomov tayinlandi. Korporativ axborot yagona portalida xabar berilishicha, bu qaror kompaniya aksiyadorlari tomonidan 26-dekabr kuni o‘tkazilgan yig‘ilishda qabul qilingan.
G‘ulomov 2025-yil 30-iyungacha, ya’ni yangi rahbar tayinlangunga qadar ushbu lavozimda ishlaydi. Vazifalarni bajarish davrida u bosh direktorning barcha huquq va vakolatlariga ega bo‘ladi.
Ilgari UzAuto Motors va UzAuto Motors Powertrain kompaniyalarining bosh direktori Bu Andersson edi. U uch yil va to‘rt oylik faoliyatdan so‘ng 27-dekabr kuni o‘z lavozimini tark etdi. Kompaniya e’lonida uning ketishi “tomonlarning o‘zaro kelishuviga ko‘ra” yuz bergani ta’kidlangan.
Saidazim G‘ulomov kompaniyada boy tajribaga ega. U 2016-yildan Andersson kelguniga qadar UzAuto Motors Powertrain’ni boshqargan va umuman olganda, 2010-yil aprelidan buyon shu yerda ishlaydi. Bundan oldin G‘ulomov GM O‘zbekiston va AQShdagi Regions Bank’da faoliyat yuritgan.