
O‘zbekistonda shakarga aksiz solig‘i bekor qilinadi: oziq-ovqat sanoatini yana nimalar kutmoqda
O‘zbekistonda shakarga aksiz solig‘i va quruq sut importiga cheklovlar bekor qilinadi. Prezident Shavkat Mirziyoyev 18-aprel kuni oziq-ovqat sanoatidagi to‘siqlarni bartaraf etishga qaratilgan yig‘ilishda shu haqda ko‘rsatma berdi.
2021-yilda joriy etilgan shakarga 20 foizlik aksiz solig‘ining bekor qilinishi va quruq sut importiga qo‘yilgan cheklovlarning olib tashlanishi mahalliy iqtisodiyotning yetakchi sohalaridan bo‘lgan qandolatchilik sanoati va salqin ichimliklar ishlab chiqarishni rivojlantirishni qo‘llab-quvvatlashga qaratilgan. Ushbu chora-tadbirlar tarmоqda faoliyat yuritayotgan 5500 ta korxonaning yillik aylanmasini 50 trillion so‘mga yetkazishga yordam berishi va 40 mingga yaqin kishini ish bilan ta’minlashi kutilmoqda.
Shuningdek, yig‘ilishda restoran va kafelar uchun QQSning bir qismini qaytarish tizimi muhokama qilindi. Prezident Davlat soliq qo‘mitasiga mavjud kelishmovchiliklarni bartaraf etish va umumiy ovqatlanish korxonalari ushbu qo‘llab-quvvatlash chorasidan to‘liq foydalana olishlari uchun qo‘shilgan qiymat solig‘ini qaytarishning adolatli mexanizmini joriy etish vazifasini topshirdi.