
O‘zbekiston 1-iyuldan aksariyat tovarlar bo‘yicha eksport cheklovlarini bekor qiladi
1-iyuldan boshlab O‘zbekistonda tovarlarni eksport qilish bo‘yicha barcha cheklovlar olib tashlanadi, eksport bojlari saqlanib qoladigan xomashyo va ijtimoiy ahamiyatga ega mahsulotlarni o‘z ichiga olgan 86 ta tovar guruhlari bundan mustasno. Bu haqda Shavkat Mirziyoyev bugun biznes uchun teng sharoitlar yaratish va eksportni soddalashtirish masalalariga bag‘ishlangan yig‘ilishda topshiriq berdi.
Davlatimiz rahbari import qilinayotgan mahsulotlarning bojxona qiymatini pasaytirib ko‘rsatish mahalliy ishlab chiqaruvchilarni qiyin ahvolga solib qo‘yayotganiga ham e’tibor qaratdi. Yangi farmonga ko‘ra, olib kiriladigan tovarlarning bojxona qiymatini aniqlash tartibi xalqaro standartlarga muvofiqlashtiriladi.
Bundan tashqari, Mirziyoyev tovarlarni markirovkalash mavzusiga to‘xtalib, barcha do‘konlar qoidalarga rioya qilmagani uchun bozorda hamon markirovkalanmagan mahsulotlar sotilayotganini ta’kidladi. Soliq va Bojxona qo‘mitalariga markirovkaning ishlab chiqarish hajmiga salbiy ta’sirini kamaytirish, nazoratni kuchaytirish bo‘yicha topshiriqlar berildi.
Prezident Shavkat Mirziyoyev eksport cheklovlarining bekor qilinishi tadbirkorlarga qimmat bozorlarga chiqish imkonini berishini, bu esa, o‘z navbatida, ishlab chiqarish hajmini oshirish, mahsulot sifatini yaxshilash va iqtisodiy o‘sishni rag‘batlantirishini ta’kidladi.