
Markaziy bankning yangi raisi tayinlandi
O‘zbekiston Respublikasi Oliy Majlisi Senatining Kengashi Timur Ishmetovni O‘zbekiston Markaziy banki Boshqaruvi raisi lavozimiga tayinlashni tasdiqladi. Uning nomzodini O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti taqdim etgan.
Ishmetov 1979-yilda Toshkentda tug‘ilgan. U Toshkent moliya instituti, Toshkent davlat yuridik instituti hamda Buyuk Britaniyadagi Birmingham universitetini tamomlagan.
Ishmetov o‘z faoliyati davomida Markaziy bank, Investitsiyalar bo‘yicha davlat qo‘mitasi va Moliya vazirligida yuqori lavozimlarda ishlagan. U 2020-yildan 2022-yilgacha moliya vaziri bo‘lib ishlagan, 2022-yildan boshlab esa Prezidentning iqtisodiyot, investitsiyalar va tashqi savdo masalalari bo‘yicha maslahatchisining birinchi o‘rinbosari lavozimida faoliyat yuritgan.