
Zargarlik buyumlarini ishlab chiqaruvchilarga soliq imtiyozlari beriladi
O‘zbekistonda zargarlik sohasini rivojlantirishga qaratilgan qonun loyihasi birinchi o‘qishda ko‘rib chiqildi. Hujjatda ishlab chiqaruvchilarning qimmatbaho metallarga bo‘lgan ehtiyojini qondirish va qulay tadbirkorlik muhitini yaratish maqsadida qonunchilikka o‘zgartirishlar kiritish taklif etilmoqda.
Loyihaga ko‘ra, 2027-yil 1-sentyabrgacha “O‘zbekzargarsanoati” uyushmasiga a’zo bo‘lgan tadbirkorlar mol-mulk va yer solig‘idan ozod etiladi. Ushbu qadam zargarlik buyumlari ishlab chiqaruvchilarni qo‘llab-quvvatlash va ularning rivojlanishini rag‘batlantirishga qaratilgan.
Bundan tashqari, affinaj korxonalariga qimmatbaho metallarni ishlab chiqaruvchilar uchun qulay shakl va miqdorlarda sotish huquqi taklif etildi. Shuningdek, qimmatbaho metallardan esdalik tangalar tayyorlash va sotishga ruxsat beriladi. Zargarlik mahsulotlari ishlab chiqaruvchilari yarim tayyor mahsulotlarni shu sohadagi boshqa korxonalarga sotishlari mumkin bo‘ladi.
Qonun loyihasida chet elda ishlab chiqarilgan zargarlik buyumlarini sotishga doir talablar kiritilmoqda. Ular bojxona to‘lovlari to‘langanligini tasdiqlovchi hujjatlarga ega bo‘lishi shart, qimmatbaho metallar va buyumlar bilan bog‘liq bitimlar esa vakolatli organ tomonidan nazorat qilinadi.
Deputatlarning ta’kidlashicha, qonunning qabul qilinishi zargarlik sohasining o‘sishi, mahalliy ishlab chiqaruvchilarni qo‘llab-quvvatlash va eksport salohiyatini oshirish uchun sharoit yaratadi. Qonun loyihasi birinchi o‘qishda qabul qilindi.