
O‘zbekistonda Alkogol va tamaki bozorini tartibga solish inspeksiyasi tashkil etiladi
O‘zbekistonda alkogol va tamaki bozorini tartibga solish tizimini takomillashtirish maqsadida qonun loyihasi ko‘rib chiqildi. Loyiha bir nechta amaldagi qonun hujjatlariga, jumladan davlat boji, litsenziyalash hamda alkogol va tamaki mahsulotlarini tarqatishni cheklash to‘g‘risidagi qonunlarga o‘zgartishlar kiritishni nazarda tutadi.
Loyihaga ko‘ra, Iqtisodiy jinoyatlarga qarshi kurashish departamenti huzuridagi Alkogol va tamaki bozorini tartibga solish inspeksiyasi etil spirti, alkogol va tamaki mahsulotlari ishlab chiqarishni nazorat qiluvchi vakolatli organ sifatida belgilanadi. Shuningdek, u alkogol va tamaki mahsulotlarining ulgurji savdosini litsenziyalashda xabardor qilish tartibiga rioya etilishini ham nazorat qiladi.
Qonun loyihasida etil spirti, alkogol mahsulotlarini ishlab chiqarish va ulgurji savdoga oid litsenziyalar uchun davlat boji to‘lash muddatlari aniq ko‘rsatilmoqda. Bundan tashqari, "Alkogol va tamaki mahsulotlarining tarqatilishi hamda iste’mol qilinishini cheklash to‘g‘risida"gi qonunga tamaki mahsulotlarini sotishda tegishli organlarni xabardor qilishni talab etuvchi norma kiritilmoqda.
Ushbu qonunning qabul qilinishi alkogol va tamaki mahsulotlarini ishlab chiqarish hamda sotish sohasidagi nazoratni kuchaytirish, shuningdek, yanada aniq va izchil huquqiy asosni yaratishga qaratilgan. Qonun loyihasi deputatlar tomonidan ma’qullandi va Senatga yuborildi.