
O‘zbekistonda choy importi oshdi
O‘zbekiston 2024-yilning 12 oyi davomida xorijdan qiymati 50,6 million AQSH dollariga teng bo‘lgan 33 378 tonna choy import qilgan, deb xabar bermoqda O‘zbekiston Respublikasi Statistika agentligi. Asosiy yetkazib beruvchilar Xitoy, Keniya, Eron, Hindiston va Rossiya bo‘ldi.
Mamlakatga eksport hajmi bo‘yicha Xitoy yetakchilik qilmoqda. U 26 806 tonna choy yetkazib berdi, bu umumiy import hajmining 80 foizidan ortig‘ini tashkil etadi. Keniya 1651 tonna, Eron 1271 tonna, Hindiston 965 tonna, Rossiya 578 tonna choy yetkazib bergan bo‘lsa, qolgan 2107 tonna boshqa mamlakatlardan keltirilgan.