25 апрель

Sun’iy intellekt yordamida suv resurslarini boshqarish: O‘zbekiston kelajagiga nazar

Markaziy Osiyoda, xususan O‘zbekistonda, sun’iy intellekt nima ekanligi va undan qanday foydalanish mumkinligi haqida to‘liq tasavvurga ega bo‘lgan odamlar hali kam uchraydi. Bu texnologiya kompyuterlarga aqliy fikrlashni talab qiladigan vazifalarni bajarishga imkon beradi. Biroq, sun’iy intellektning ishlashi uchun unga aniq masalalar bo‘yicha yechimlar ishlab chiqishi mumkin bo‘lgan ishonchli ma’lumotlarni taqdim etish zarur.

Suv resurslarini boshqarish sohasida sun’iy intellekt katta hajmdagi ma’lumotlarni tahlil qilishga, ular asosida muayyan harakatlar natijalarini bashorat qilishga, jarayonlarni optimallashtirishga va yanada asosli qarorlar qabul qilish imkonini beruvchi ma’lumotlarni taqdim etishga qodir.

Sun’iy intellektni, xususan, suv hajmi va sifatini nazorat qilish, suv xo‘jaligi infratuzilmasiga xizmat ko‘rsatish, shuningdek, suv resurslarini samarali taqsimlashni ta’minlash uchun qo‘llash mumkin.

Ammo yuqorida aytganimdek, O‘zbekistonda sun’iy intellekt masalalarini yaxshi tushunadigan va uni amalda qo‘llay oladigan mutaxassislar va suv xo‘jaligi xodimlarining o‘zi hali yetarli emas. Shu sababli, bunday mutaxassislarni tayyorlash bilan faolroq shug‘ullanishimiz lozim.

Bundan tashqari, sun’iy intellektni qo‘llash uchun butun suv xo‘jaligi tizimini raqamlashtirish, shuningdek, maxsus kadrlar tayyorlash yo‘nalishida ishlarni jadallashtirishimiz zarur.

Biroq, bugungi kunda O‘zbekistonda sun’iy intellektni joriy etish uchun to‘laqonli siyosiy va me’yoriy baza hali yaratilmagan.

Yaqinda Senat yangi Suv kodeksini tasdiqladi, hozirda u Prezident tomonidan ko‘rib chiqilmoqda. Ammo ushbu kodeksda raqamlashtirish haqida so‘z yuritilsa-da, sun’iy intellektdan foydalanish to‘g‘risida bir og‘iz ham gap yo‘q. Shu bois, suv xo‘jaligida sun’iy intellekt texnologiyalarini joriy etishni tartibga soluvchi maxsus huquqiy bazani yaratish haqida hozirdanoq bosh qotirish nihoyatda muhim.

Siyosatchilar ma’lumotlar maxfiyligi, sun’iy intellekt algoritmlarining xavfsizligi va shaffofligi kabi masalalarni hal etishlari lozim. Biz ushbu texnologiyalar faqat ezgu maqsadlarda qo‘llanilishini kafolatlashimiz kerak.

Suv xo‘jaligi sohasida xalqaro tashkilot — BMTning qishloq xo‘jaligi va oziq-ovqat tashkiloti FAO faoliyat yuritadi. Uning shtab-kvartirasi Italiyaning Rim shahrida joylashgan. Bir necha yil oldin ular dunyo bo‘ylab suv mahsuldorligini kuzatish uchun maxsus WaPor portalini yaratdilar. Sun’iy intellekt allaqachon qo‘llanilayotgan ushbu portal yordamida dunyoning turli hududlaridagi sug‘oriladigan maydonlarni masofadan zondlash ma’lumotlarini tahlil qilish mumkin.

Sun’iy intellekt kosmik suratlar va masofadan zondlash ma’lumotlari asosida ekinlar turini, ularning tarkibini, yer sifatini, qishloq xo‘jaligining rivojlanish bosqichlarini va suv sarfini aniqlab beradi.

Mintaqamizda sun’iy intellektni qo‘llash nuqtayi nazaridan, suv hajmi va sifatini nazorat qilish, uni oqilona taqsimlash, shuningdek, favqulodda vaziyatlar haqida erta ogohlantirish tizimlarini yaratish asosiy yo‘nalishlar bo‘lishi mumkin. Sun’iy intellekt bu masalalarda sezilarli yordam ko‘rsatishga qodir va O‘zbekistonda bu borada ma’lum ishlar olib borilmoqda.

Sun’iy intellektni qo‘llash uchun ishonchli ma’lumotlar zarur, ammo hozircha bu ma’lumotlar qisman raqamlashtirilgan, xolos.

So‘nggi ikki yil mobaynida Suv xo‘jaligi vazirligi suv xo‘jaligini raqamlashtirish jarayonini faol rivojlantira boshladi. Bugungi kunda Davlat suv kadastri axborot tizimi yaratilgan bo‘lib, suv resurslari va ulardan turli sohalarda foydalanish to‘g‘risidagi barcha ma’lumotlar shu yerga kelib tushmoqda. Shuningdek, suvdan foydalanish axborot tizimi joriy etilib, 2024-yildan boshlab qishloq xo‘jaligida suvdan foydalanganlik uchun to‘lov tizimi amaliyotga kiritildi.

Ushbu tizim uchun maxsus dasturiy ta’minot ishlab chiqilmoqda. Bu dastur kim va qancha suv ishlatganini hisobga olish, suv uchun to‘lovni yig‘ish, shuningdek, suv taqsimoti va suvdan foydalanish samaradorligini kuzatish imkonini beradi.

Agar suv kadastri va suvdan foydalanish tizimiga sun’iy intellekt elementlari ulansa, axborot tizimlari yanada samarali va oqilona ishlash imkoniyatiga ega bo‘ladi.

Bundan tashqari, O‘zbekistonda muammolardan biri suvni nasos stansiyalari orqali yetkazib berishdir. Sug‘oriladigan yerlarning yarmidan ko‘pi o‘z oqimi bilan emas, balki nasoslar yordamida uzatiladigan suvdan foydalanadi. Nasoslarning ishlashi uchun elektr energiyasi zarur.

2017-yilda Suv xo‘jaligi vazirligi byudjetining yarmi irrigatsiya (ekinlarni sug‘orish) uchun barcha nasos tizimlariga sarflanadigan elektr energiyasi qiymatini to‘lashga ketgan — bu 8,7 milliard kVt bo‘lib, mamlakatimizda iste’mol qilinadigan barcha elektr energiyasining 20 foiziga yaqinini tashkil etgan! 2019-yildan boshlab Suv xo‘jaligi vazirligi eskirgan nasos va uskunalarni almashtirish, barcha nasos stansiyalari boshqaruvini kompyuterlashtirish bo‘yicha maxsus dasturni amalga oshirmoqda.

2024-yilga kelib irrigatsiya tizimidagi umumiy elektr energiyasi iste’moli 6,8 milliard kVt gacha kamaydi. Bu yo‘nalishdagi ishlar davom etmoqda, ammo nasoslarni boshqarish tizimiga sun’iy intellekt vositalari qo‘shilsa, samara yanada sezilarli bo‘ladi.

Yana bir muhim vazifa sug‘oriladigan yerlarda suv-tuz rejimini boshqarishdir, chunki bunday yerlarning deyarli yarmi sho‘rlanishga moyil bo‘lib, bu tuproq unumdorligi va hosildorlikni pasaytiradi. Sun’iy intellekt ushbu masalalarni hal qilishda ham muhim rol o‘ynashi mumkin.

Bir necha yil oldin O‘zbekistonda suv tejovchi texnologiyalarni joriy etishga mo‘ljallangan "Tomchi" mobil ilovasi yaratilgan edi. Bu ilovaning sun’iy intellekt bilan birlashtirilishi suvni tejash bilan bog‘liq ishlarning samaradorligini oshiradi va bu sohada keyingi yutuqlarga kuchli turtki beradi.

Suv tejash chora-tadbirlari tufayli O‘zbekiston bugungi kunda o‘tgan o‘n yilga nisbatan 8,6 milliard kub metr kamroq suv sarflamoqda.

O‘zbekiston Suv xo‘jaligi vazirligi yuritadigan rasmiy suv kadastri ma’lumotlariga ko‘ra, o‘rtacha o‘n yil davomida (2011-2020-yillar) suv olish hajmi 53545 million m3ni tashkil etgan. So‘nggi to‘rt yil ichida (2021-2024-yillar) esa bu ko‘rsatkich 44848 million m3ga teng bo‘lgan.

Prezident tasdiqlagan "O‘zbekiston—2030" strategiyasida 2030-yilgacha suv sarfini yana 7 milliard kub metrga kamaytirish vazifasi qo‘yilgan. Sun’iy intellektni qo‘llash orqali bu masalani yechish ancha osonlashadi.

Biroq, yana ta’kidlayman, suv sohasiga sun’iy intellektni joriy etish uchun siyosatchilar va huquqshunoslarning e’tiborini jalb qilish lozim. Siyosiy va huquqiy qo‘llab-quvvatlashsiz bu ishni samarali yo‘lga qo‘yish mumkin emas. Bunday masalalarni hal etish ma’lumotlarning shaffofligi, xavfsizligi va maxfiyligini ta’minlash hamda texnologiyalarni jamiyat manfaatlari yo‘lida yo‘naltirish uchun mutaxassislarning ishtirokini talab etadi.

Вадим Соколов
Вадим Соколов