O‘zbekistonda "alohida ehtiyojli" bolalarga ovoz va ishonch bag‘ishlashda qanday yordam ko‘rsatilmoqda
11 февраль

O‘zbekistonda "alohida ehtiyojli" bolalarga ovoz va ishonch bag‘ishlashda qanday yordam ko‘rsatilmoqda

— Vasila Sattarovna, ishingizda eng yoqimli narsa nima?

— Gapira boshlagan bola. Tasavvur qiling, ilgari jim turgan bola birdan “oyi,” “dada,” “buvi” yoki oddiy “ber,” “ol” deydi. Bu haqiqiy yutuq! Chunki bu endi shunchaki tovush emas, balki haqiqiy murojaat.

— Bu ota-onalar uchun juda hayajonli lahza bo‘lsa kerak?

— Shubhasiz! Ota-onalar ko‘pincha ko‘z yoshlarini tiya olmaydilar. Ayniqsa, ilgari farzandingiz hech qachon gapirmaydi deb ishontirishgan bo‘lsa. Biz rivojlanishida jiddiy nuqsonlari bo‘lgan bolalar bilan ishlaymiz. Ularning birinchi so‘zlari, birinchi reaksiyalari, birinchi qadamlari shunchaki yutuqlar emas, balki ularning hayotini o‘zgartiradigan kichik g‘alabalardir.

— Demak, markazingizda bolalar nafaqat gapira boshlashadi, balki yura ham boshlashadimi?

— Ha, albatta. Ko‘plab tarbiyalanuvchilarimiz bizga kelganda hatto o‘tira olmasdi. Ammo mutaxassislarning yordami va noyob usullar tufayli ular asta-sekin yangi ko‘nikmalarni o‘zlashtiradilar: avval o‘tirishni, keyin turishni o‘rganadilar va nihoyat, birinchi qadamlarini qo‘yadilar. Bir kun kelib, avvallari faqat yota oladigan bola yo‘lakdan ishonch bilan yura boshlaydi! Bu juda katta mehnatni, uzoq va mashaqqatli ishni, cheksiz sabr-toqatni talab qiladi. Mo‘jiza bir zumda, bir-ikki hafta ichida sodir bo‘lmaydi, ammo bir-ikki oydan so‘ng biz kichik bo‘lsa-da, dastlabki o‘zgarishlarni ko‘ramiz. Bu biz uchun ham, ota-onalar uchun ham katta quvonch.

— Markazingiz butun respublika bo‘ylab faoliyat yuritadimi?

— Samarqand, Farg‘ona va Qarshida filiallarimiz bor. Qolaversa, har bir hududda bolalarning ilk muvaffaqiyatlari bilan bog‘liq o‘ziga xos an’analar mavjud. Misol uchun, Farg‘ona viloyatida ilgari yurolmagan, endi ilk qadamlarini qo‘ygan go‘dakni oq yo‘lakdan yurgizib, ustiga shirinliklar sepishadi. Samarqand va Qarshining o‘z urf-odatlari bor, lekin mohiyati bitta — murakkab bosqichdan o‘tgan farzand uchun quvonch.

— Yuzdan ortiq kishi ishlaydigan RBIMM jamoasini qanday qilib jipslashtirishga erishasiz? Axir, haqiqiy motivatsiya uchun faqat umumiy maqsadning o‘zi yetarli emas-ku.

— Jamoamiz katta va ishimiz juda murakkab. Mutaxassislarimiz nafaqat nogironligi bo‘lgan bolalar, balki yetimlar, og‘ir vaziyatga tushib qolganlar bilan ham ishlaydi. Masalan, zo‘ravonlikni boshdan kechirgan yoki urush hududlaridan — Suriya, Iroqdan qaytgan bolalar bilan. Bundan tashqari, ota-onalari chet elga ishlashga ketib, amalda ularni yordamsiz qoldirgan bolalar bilan ham shug‘ullanamiz.

— Bu juda og‘ir ruhiy ish. Xodimlaringiz hissiy zo‘riqishni qanday yengishadi?

— Psixologik barqarorlik bizning faoliyatimizda asosiy omil. Biz nafaqat bolalarga, balki ularning oilalariga ham yordam beramiz. Ota-onalarga uyda mashg‘ulotlarning samarali usullarini o‘rgatamiz, o‘zaro munosabatlarni yo‘lga qo‘yishga va yuzaga keladigan qiyinchiliklarni yengishga ko‘maklashamiz.

Bu juda katta hissiy kuch talab qiladi, shuning uchun jamoa ichida bir-birini qo‘llab-quvvatlashga alohida e’tibor qaratamiz. Timbildinglar, seminarlar, psixologik treninglar o‘tkazamiz. Stressli vaziyatlar yuzaga kelganda yig‘ilamiz, muhokama qilamiz, optimal yechim izlaymiz.

— Lekin baribir kadrlar qo‘nimsizligi bo‘lsa kerak?

— Albatta. Ba’zida yosh mutaxassislar, kechagi talabalar yoki bizga boshqa joydan kelganlar shunchaki hissiy yuklamaga dosh berolmay ketib qolishadi. Bunday holatlar uchrab turadi.

— Qolganlarni nima ushlab turibdi?

— O‘z ishiga muhabbat. Menimcha, xodimlarimiz ulkan qalb egalari. Axir maoshimiz, ochig‘ini aytsam, uncha ko‘p emas. Lekin shunga qaramay, ular o‘z mehnatlari bolalar va ularning ota-onalari hayotini tubdan o‘zgartirayotganini anglab, butun kuchlarini ishga sarflaydilar. Bu esa juda qimmatli. O‘zbekistonda aytishadi-ku, halol bir tiyin topsang, o‘n barobar bo‘lib qaytib keladi — barakya.

— Markazingizda bolalarga fizioterapiyadan tashqari psixologik yordam ham ko‘rsatiladi, shunday emasmi?

— Psixologlarimiz bolalarning aqliy rivojlanishi, sensor integratsiyasi, muloqot qobiliyati ustida ishlaydi. Individual va guruh mashg‘ulotlari mavjud. Guruhlarda bolalar o‘zaro munosabat qilishni o‘rganadilar, chunki ular ulg‘ayib, jamiyatda o‘z o‘rnini topishlari kerak. Ular bilan psixologlardan tashqari defektologlar va maxsus pedagoglar shug‘ullanadilar, ular nutq, motorika, harakatlarni rivojlantirishga yordam beradilar.

— Ota-onalarga ham qo‘llab-quvvatlash kerakdir?

— “Alohida” bolani tarbiyalash nafaqat hissiy jihatdan qiyin, balki juda mas’uliyatli vazifa. Ko‘plab ota-onalar tushkunlikka tushgan, charchagan, ba’zilari esa bunday sinovga umuman tayyor bo‘lmagan. Biz kasallikni davolay olmaymiz, lekin bolaning qobiliyatlarini rivojlantirishimiz mumkin, shunda u dunyoda o‘z o‘rnini topadi. Shuning uchun bizda oilaviy psixologlar bor, ular ota-onalarga vaziyatni yengishga yordam beradi, bolaga qanday g‘amxo‘rlik qilish, u bilan qanday muloqot qilish, uning muvaffaqiyatlari va qiyinchiliklariga qanday to‘g‘ri munosabatda bo‘lish kerakligini tushuntiradi.

— Markazingizda ota-onalarning imkoniyati cheklangan bolalardan voz kechish holatlari kuzatilganmi?

— Ha, shunday voqealar bo‘lgan. Ilgari onalar farzandlari alohida ehtiyojli bo‘lib tug‘ilganini bilganlarida, ba’zilari chaqaloqdan voz kechishni o‘ylashardi. Bunday holatlarda vazirliklar, xalqaro va nodavlat tashkilotlardagi hamkorlarimiz bizdan yordam so‘rab murojaat qilishardi. Shunday og‘ir ahvolga tushib qolgan onalar bilan ishlashlari uchun tug‘ruqxonalarga psixologlarni yubordik. Mutaxassislarimiz bolada to‘laqonli rivojlanish imkoniyati borligini, u bilan ishlash mumkin va kerakligini, katta yutuqlarga erishish mumkinligini tushuntirishardi. Natijada, allaqachon voz kechishga tayyor bo‘lganlarning ko‘pchiligi fikridan qaytardi. Ular hamma narsa yo‘qolmaganini, oldinda o‘zlarining alohida chaqaloqlari uchun baxtli kelajakka umid borligini angladilar.

— Va nihoyat, Respublika markazini uchta so‘z bilan ta’riflash kerak bo‘lsa, nima degan bo‘lardingiz?

— Markaz — katta yuraklar maydoni.

MA’LUMOT. Alimova Vasila Sattorovna — oliy toifali shifokor, tibbiyot fanlari nomzodi, Respublika bolalar ijtimoiy moslashuvi markazi direktori, Toshkent shahar xalq deputatlari Kengashi deputati.