Birlikda kuch: Dmitriy Xijinskiy sport, madaniyat va Ko‘chmanchilar o‘yinlari to‘g‘risida
7 октябрь

Birlikda kuch: Dmitriy Xijinskiy sport, madaniyat va Ko‘chmanchilar o‘yinlari to‘g‘risida

Dmitriy Xijinskiy — 2024-yilgi ‘Ko‘chmanchilar o‘yinlari‘da mas-restling bo‘yicha bronza medal sohibi, 2023-yilgi mas-restling jahon chempionatining kumush medal g‘olibi, O‘zbekiston Respublikasining mas-restling bo‘yicha besh karra chempioni hamda pauerlifting bo‘yicha to‘rt karra chempioni hisoblanadi.

— Dmitriy, Ko‘chmanchilar o‘yinlarida ishtirok etishingiz qanday boshlangani haqida so‘zlab bering. Sizni bu yo‘lga nima ilhomlantirdi va sportdagi dastlabki qadamlaringiz qanday bo‘ldi?

— Yoshligimdan sportga chuqur qiziqish bilan qarardim va Ko‘chmanchilar o‘yinlarida ishtirok etish imkoniyati tug‘ilganda, hech ikkilanmasdan rozi bo‘ldim. Ayniqsa, bu musobaqalarning xalqaro maqomi meni juda ilhomlantirdi, chunki bu kelgusi Jahon chempionati oldidan noyob bellashuv tajribasini orttirish imkoniyati edi.

Sportdagi faoliyatim mahalliy musobaqalarda ishtirok etishdan boshlandi. Vaqt o‘tishi bilan maqsadga intiluvchanligim, muntazam mashg‘ulotlarim va ustozimning beqiyos yordami tufayli milliy terma jamoaga taklif etildim.

— Qaysi mashg‘ulotlar va tayyorgarlik jarayonlari Siz uchun eng murakkab bo‘ldi? Tayyorgarlik paytida jismoniy va ruhiy qiyinchiliklarni qanday yengib o‘tdingiz?

— Bo‘lajak musobaqalarga tayyorgarligim ular o‘tkazilishidan bir yarim oy oldin boshlandi. Mashg‘ulot jarayoni juda jadal va mazmunli bo‘lib, har kuni ikki marotaba mashq qilishni o‘z ichiga olardi. Biroq, men uchun eng katta qiyinchilik mashg‘ulot zalida tajribali sparring-sherigining yo‘qligi bo‘ldi. Bu holat mas-restling taxtasi ortida bevosita ishlash tajribamni sezilarli darajada cheklab qo‘ydi, bu esa, shubhasiz, tayyorgarlikning samaradorligiga ta’sir ko‘rsatdi.

Psixologik jihatdan esa, jiddiy qiyinchiliklarga duch kelmadim.

— Mukofotni qo‘lga kiritganingizdan so‘ng qanday his-tuyg‘ularni boshdan kechirdingiz? Bunday natijani kutganmidingiz?

— Mukofotni olish men uchun ta’riflab bo‘lmas quvonch va g‘urur oniga aylandi. Sarflangan barcha kuch-g‘ayrat, ko‘p sonli mashg‘ulotlar va yengib o‘tilgan qiyinchiliklar nihoyat o‘zining munosib samarasini berdi. O‘sha lahzada men butun yo‘l davomida meni qo‘llab-quvvatlagan jamoam va yaqinlarimning ishonchini oqlay olganim uchun chuqur mamnuniyat va minnatdorchilik his etdim.

Ochig‘ini aytganda, ijobiy natijaga umid qilgan bo‘lsam-da, oxirigacha sovrinli o‘rnimga ishonchim komil emas edi. Raqobat juda kuchli edi va ishtirokchilarning har biri vazn toifasida mendan sezilarli darajada ustun edi. Shunday bo‘lsa-da, men bu omillarga o‘ralashib qolmasdan, o‘z kuchlarimga e’tibor qaratishga va bor kuchim bilan harakat qilishga intildim.

— Ushbu turnirning siz ishtirok etgan boshqa sport musobaqalariga nisbatan o‘ziga xosligi nimada? Ko‘chmanchilar o‘yinlarini nima alohida qiladi?

— Ko‘chmanchilar o‘yinlariga 89 mamlakatdan vakil keldi, jami 2500 dan ortiq sportchi ishtirok etdi. Bu tadbirning o‘ziga xosligi nafaqat ko‘lamida, balki uning oddiy sport musobaqasi doirasidan tashqariga chiqadigan alohida ahamiyatida ham namoyon bo‘ladi. Bu o‘yinlar ko‘plab xalqlarning madaniyati, tarixi va an’analarini birlashtirgan ulkan voqeadir. Boshqa ko‘plab turnirlardan farqli o‘laroq, bu yerda sport milliy o‘ziga xoslik bilan uzviy bog‘lanib, boy madaniy merosni va turli etnoslar o‘rtasidagi o‘zaro tushunishni namoyish etish uchun noyob maydon yaratadi.

— Yutqazaman deb o‘ylagan paytlaringiz bo‘lganmi?

— Albatta, o‘z imkoniyatlarimga nisbatan ma’lum shubhalar bor edi, chunki mening vaznim ko‘pchilik raqiblarnikidan kamroq edi. Axir bu men uchun yangi — 70 kg vazn toifasi edi. Mas-restling taxtasi ortida amaliy tajribaning yetishmasligi mening ishonchsizlik tuyg‘ularimni kuchaytirdi. Zarur musobaqa amaliyoti va yangi sharoitlarga moslashmaganim tayyorgarligim va chiqishlarimga noaniqlik qo‘shdi.

— Raqobat haqida gapirganda, qaysi raqib Siz uchun eng qiyin bo‘ldi va nima uchun?

— Musobaqada Qirg‘iziston va Rossiya sportchilari men uchun eng katta qiyinchilikni keltirib chiqardi. Bu sportchilar nafaqat ajoyib jismoniy tayyorgarligi, balki ko‘p yillik tajribasi bilan mustahkamlangan yuqori texnik mahorati bilan ham ajralib turardilar. Ularning yuqori darajadagi professionalligi, har bir bellashuvga strategik yondashishi va taktik ustunliklardan foydalanish qobiliyati, shubhasiz, ularni boshqa ishtirokchilar orasida ajratib turardi va musobaqalar davomida jiddiy sinovlarni keltirib chiqardi.

— Dmitriy, siz sportchi sifatida kelajakka qanday rejalar tuzgansiz? Keyingi Ko‘chmanchilar o‘yinlarida yoki boshqa xalqaro musobaqalarda ishtirok etasizmi?

— Hozirgi paytda tayyorgarligim noyabr oyida Qirg‘izistonning Bishkek shahrida bo‘lib o‘tadigan mas-restling bo‘yicha jahon chempionatiga qaratilgan. Bundan tashqari, dekabr oyida Toshkentda o‘tkaziladigan pauerlifting bo‘yicha Osiyo chempionatiga saralashdan muvaffaqiyatli o‘tdim.

Albatta, 2026-yilda Qirg‘izistonda o‘tkazilishi rejalashtirilgan navbatdagi Ko‘chmanchilar o‘yinlariga qaytishga umid qilaman. Bu turnir mening sport faoliyatimda alohida o‘rin egallaydi va men unda yana ishtirok etishni maqsad qilganman, ammo bu safar yanada kuchliroq tayyorgarlik va boy tajriba bilan.

— An’anaviy sport turlarida o‘zlarini sinab ko‘rmoqchi va Ko‘chmanchilar o‘yinlari kabi musobaqalarda qatnashmoqchi bo‘lgan yosh sportchilarga qanday maslahat bergan bo‘lardingiz?

— Yosh sportchilarga ulkan va keng qamrovli maqsadlarni o‘z oldilariga qo‘yishdan qo‘rqmasliklarini tavsiya qilmoqchiman. Ko‘chmanchilar o‘yinlari singari nufuzli musobaqalarda ishtirok etish nafaqat jismoniy tayyorgarlikni, balki chuqur fidoyilik, sabr-toqat va doimiy mukammallikka intilishni ham talab etadi. Dastlabki bosqichlarda qiyinchiliklarga duch kelish muqarrar, biroq muvaffaqiyatning asosiy omili to‘xtovsiz oldinga intilish va o‘z ko‘nikma hamda qobiliyatlarini uzluksiz takomillashtirishdir.

Malakali va tajribali sportchilardan ustoz topish, ulardan tajriba o‘rganish, ularning yondashuvlarini tahlil qilish va o‘z tayyorgarligida qo‘llash muhim ahamiyatga ega. Kechagi yutuqlaridan o‘zib ketishga intilish shaxsiy va kasbiy o‘sish yo‘lida doimiy mo‘ljal bo‘lishi lozim.

Bogdan Burikin, atayin “Karavan-Info” uchun