Sport voqealari markazida - sport jurnalistikasi afsonasi Marina Yakubova o‘z mahorat sirlarini baham ko‘rmoqda
19 январь

Sport voqealari markazida - sport jurnalistikasi afsonasi Marina Yakubova o‘z mahorat sirlarini baham ko‘rmoqda

Yakubova Marina — 2018 va 2024-yillarda “Eng yaxshi sport jurnalisti” nominatsiyasida Milliy sport mukofoti sovrindori, “Jismoniy tarbiya va sport a’lochisi” ko‘krak nishoni hamda sportni rivojlantirishga qo‘shgan hissasi uchun “Sog‘lom turmush” davlat mukofoti sohibasi. U “Sport” teleradiokanali bosh muharriri o‘rinbosari lavozimida faoliyat yuritmoqda.

— Jurnalistikada necha yildan beri faoliyat yuritayapsiz?

— 1999-yilda O‘zbekiston Milliy universitetiga o‘qishga kirganimni hisobga olsak, u paytlar u hali ToshDU deb atalar edi, 25 yil bo‘libdi. Birinchi kursda bizni amaliyotga yuborishdi, turli sohalarga taqsimlashdi — kimdir gazetalarga, kimdir jurnallarga, radioga, piarni o‘rganishga ketdi. Men esa televidenie guruhiga tushib qoldim. O‘shandan beri jurnalistikada qolib ketdim.

— Nima uchun sport jurnalistikasini tanladingiz?

— Dastlab bu sport jurnalistikasi emas edi. 2004-yilda “Sport” telekanali paydo bo‘ldi. Unga qadar men keyinchalik "Sport‘ga aylangan xalqaro TV4 kanalida ishlaganman. Menga yangi kanalga o‘tishni va sport jurnalistikasida qolishni taklif qilishdi. “Qolishni xohlaysanmi? Qayta o‘qish kerak bo‘ladi,” deyishdi.

Men buni qiziqarli deb o‘ylab, O‘zbekiston davlat jismoniy tarbiya universitetiga bordim. Sport turlarini yaxshiroq tushunish uchun u yerda bir necha oy ta’lim oldim. Menga: “Nega darslarga qatnashyapsan? Bu majburiy emas-ku,” deyishardi. Men esa: “Chunki men bu sohada ishlashim kerak va bu muhim,” deb javob berardim.

— Sport jurnalistikasi boshqa yo‘nalishlardan farq qiladimi?

— Albatta, farq qiladi. Sport jurnalistikasi ancha serharakat. Madaniyat qalb jurnalistikasi bo‘lsa, sport tez reaksiyani talab qiladi.

Siz doimo o‘z mamlakatingning yetakchi sportchilarini va nafaqat ularni kuzatib borishingiz kerak. Yakshanba kuni uyda bo‘lsam ham, bu ishdan uzilganim degani emas. Sport musobaqalarini kuzataman, yangiliklarni o‘qiyman. Agar biror narsani o‘tkazib yuborsam, qandaydir muhim narsa qo‘ldan ketgandek his qilaman.

Kasalxonada yoki ta’tilda bo‘lganimda ham baribir mavzudan uzilib qolmayman. Chunki agar ikki kunga bo‘lsa ham yangiliklardan tushib qolsam, keyin ishda voqealardan xabardor bo‘lmay qolaman.

Sport jurnalistining bilimi yillar davomida to‘planadi. Ko‘p narsani yodda tutish kerak: masalan, 2016-yilda Ruslan Nuridinov Olimpiya chempioni bo‘lgani va Olimpiya rekordini yangilagani. Yoki 2004-yilda kurashchi Aleksandr Dokturishvili oltin medal olib kelganini eslash kerak. Bugun u murabbiy, sportchilarning o‘sib-rivojlanayotganini kuzatish juda yoqimli.

Men uchun sport jurnalistikasida qolish muhim, chunki o‘z ishimda professional bo‘lishni xohlayman. To‘plagan bilimlarim menga nafaqat ishlash, balki ishni sifatli bajarish imkonini beradi.

— Marina, siz yaxshi yoritadigan sport turlarini o‘zingiz tanlaysizmi yoki hamma narsaga — ot sporti, golf, tennis, kurashga ham qo‘l urasizmi? Barcha sport turlariga bir xil munosabatda bo‘lasizmi yoki yoritishni xohlamaydigan biror narsa bormi?

— Yo‘q, menda bunday “xohlamayman” degan gap yo‘q. Hatto olimpiya sport turi hisoblanmaydigan sport turlari ham bor. Lekin, bilganingizdek, doimo olimpiya sport turlari ustuvorlik qiladi. Chunki ularda Olimpiada bilan bog‘liq imtiyozlar, musobaqalar va tadbirlar ko‘proq. Biroq bu olimpiyaga kirmaydigan sport turlari qiziqarli emas degani emas.

Umuman olganda, “Sport” telekanalining vazifasi ommaviy sportni, olimpiya va paralimpiya harakatini rivojlantirishdan iborat. Maqsadimiz — nafaqat olimpiya va paralimpiyachilarning g‘alabalarini yoritish, balki tomoshabinlarni Olimpiya dasturiga kirmaydigan, ammo faol rivojlanayotgan va o‘z yutuqlariga ega bo‘lgan sport turlari bilan tanishtirish. Masalan, karate. Bu sport turi olimpiya turi emas, lekin sportchilarimiz muntazam ravishda medallar qo‘lga kiritib kelmoqda. Sportchilarning bir necha avlodi yetishib chiqdi, ularning ko‘pchiligi murabbiy bo‘ldi.

Bunday rivojlanishni kuzatish qiziq. Misol uchun, federatsiya rahbariyati almashgach, bu sport turini rivojlantirishga ko‘proq e’tibor qaratilmoqda. Bizning telekanalda vazifa oddiy: tadbir bo‘lsa, uni yoritishimiz kerak.

Albatta, Olimpiya va Paralimpiya o‘yinlari arafasida olimpiya sport turlariga ko‘proq e’tibor qaratamiz. Tadbirlarni yoritish bo‘yicha o‘z strategik rejamiz bor va biz unga amal qilamiz.

— Shaxsan sizning, ya’ni Marina Yakubovaning sevimli sport turi bormi?

— Bilasizmi, men sobiq basketbolchiman. Lekin bu basketbol mening sevimli sport turim va men uni tez-tez yoritaman degani emas. Vaholanki, 2024-yil oxirida Prezidentning basketbol, gandbol, regbi, suv polosi kabi o‘yin turlarini rivojlantirish bo‘yicha qarori chiqqan edi. Bu sport turlari rivojlanayotganidan juda xursandman va farzandlarim ham basketbol bilan shug‘ullanishadi, lekin men bu sport turini alohida afzal ko‘rmayman.

Menga yakkakurash turlari yoqadi. Taekvondo, boks, dzyudoni yaxshi ko‘raman. Bu hozirda eng rivojlanayotgan va ko‘p medal beradigan sport turlaridan biri bo‘lgani uchun emas. Shunchaki yoqadi. Bu federatsiyalarda yutuqlar ko‘proq, ularga rahbarlar tomonidan ko‘proq e’tibor qaratilmoqda. Bunday federatsiyalar boshqalarga namuna bo‘ladi deb hisoblayman. Ularda sport menejmenti, sportchilar bilan hamkorlik, ularga munosabat yaxshi yo‘lga qo‘yilgan. Bu juda muhim.

— Sizningcha, yaqinda Olimpiya qo‘mitasi prezidenti etib tayinlangan, ayni paytda mamlakatimiz prezidenti bo‘lgan janob Mirziyoyev to‘g‘ri tanlovmi? Bu holda olimpiya sport turlariga ko‘proq e’tibor qaratiladimi?

— Nega unday bo‘lmasin? Mamlakat prezidenti, Olimpiya qo‘mitasi prezidenti. So‘nggi bir yilda O‘zbekiston prezidentining sportni rivojlantirishga oid 50 dan ortiq qarori imzolangan.

Ushbu qarorlar keng ko‘lamli masalalarni qamrab oladi: ommaviy sport, sportning muayyan turlarini, ham olimpiya, ham noolimpiya turlarini rivojlantirish, paralimpiya harakati. Shuningdek, sport fani, sport ta’limi, paralimpiya va olimpiya zaxira markazlarini tashkil etishga e’tibor qaratilmoqda.

Bu qarorlarning hayotga tatbiq etilishi katta e’tiborni talab etadi va bu Prezidentimizning sportni rivojlantirish va yuqori natijalarni ta’minlashga qaratilayotgan yuksak e’tiboridan dalolat beradi. E’tibor bering, so‘nggi yillarda mamlakatimizda muhim sanalarga bag‘ishlangan ommaviy tadbirlar — marafonlar, yugurish musobaqalari soni qanchaga ko‘paydi. Bu tadbirlarda qanchadan-qancha odamlar ishtirok etmoqda!

Bular ayollar, bolalar va butun oilasi bilan keladigan ota-onalardir. Bu tadbirlarni o‘zim yoritaman va 2020-yildagi pandemiyadan keyin odamlar sport bilan qanchalik faol shug‘ullana boshlaganini ko‘ryapman. Shunday tuyuladiki, xalq sportning nafaqat qulay, balki salomatlik uchun ham juda foydali ekanini anglab yetdi. Bundan tashqari, u aholining barcha qatlamlari uchun mavjud.

Hozir skandinavcha yurish, yugurish, velosiped haydash bilan shug‘ullanish mumkin. Shaharlarda yugurish va velosiped yo‘laklari, mashq maydonlari tashkil etilmoqda. Misol uchun, uydan chiqasiz va shu atrofda mashq qilishingiz mumkin bo‘lgan maydoncha bor. Yoshlar uchun bu qulay, katta yoshdagilar uchun esa shunchaki oyoqlarni yozish uchun ajoyib imkoniyat.

Olimpiya harakati miqyosida gapiradigan bo‘lsak, turli sport turlarini rivojlantirish uchun akademiyalar, markazlar tashkil etilmoqda. Yoshlar katta istiqbolga ega bo‘lmoqda. Bularning barchasi Shavkat Mirziyoyevning Milliy olimpiya qo‘mitasi prezidenti etib tayinlangani bejiz emasligini ko‘rsatadi.

Yurtimizda sportni rivojlantirish yo‘lida qilinayotgan barcha sa’y-harakatlarni nafaqat biz, balki sportchilarning o‘zlari, federatsiyalar rahbarlari ham sezishmoqda. Ko‘pchilik ta’kidlashicha, boshqa mamlakatlarda sportga bizdagiga qaraganda ancha kam e’tibor va mablag‘ ajratiladi.

— Siz bir necha Olimpiya o‘yinlarida bo‘lgansiz. Qaysi oxirgilarda?

— Bu 2020-yildagi Lozanna qishki yoshlar Olimpiadasi va 2021-yildagi Tokio Olimpiadasi.

— Jurnalist xotirjam bo‘lishi kerak. Ammo o‘zbek sportchisi shohsupaga ko‘tarilganda, Sizning his-tuyg‘ularingiz qanday bo‘ladi?

— Go‘yo o‘zim shohsupa ustida turgandek his qilaman, chin so‘zim. Taekvondochimiz Ulug‘bek Rashidov shohsupaning eng yuqori pog‘onasiga ko‘tarilib, O‘zbekiston uchun tarixda ilk bor Olimpiya oltin medalini qo‘lga kiritganida, his-tuyg‘ularim g‘oyat kuchli edi.

Men bu bolani bolaligidan, yoshligidan bilaman. U sakkiz yoki to‘qqiz yoshlarda edi. Uning o‘sishini ko‘rish juda yoqimli. 2018-yilda u yoshlar o‘rtasidagi Olimpiya o‘yinlari sovrindori va g‘olibi bo‘ldi, bir necha yildan so‘ng esa katta sportchi sifatida shohsupaga ko‘tarildi. Taekvondo bo‘yicha O‘zbekiston uchun ilk oltin medal!

Mukofotlashdan so‘ng men u bilan jonli efirga chiqdim. Biz birga turib yig‘ladik. Bu his-tuyg‘ularni so‘z bilan ifodalab bo‘lmaydi. Studiyada otasi bilan akasi ham ko‘z yoshlarini tiya olmasdi.

Men nima uchun buni aytayapman: ko‘p narsa bizga, jurnalistlarga bog‘liq. Biz his-tuyg‘ularimizni sportchilarga yetkazamiz. Nimalarni his qilayotganimni so‘radingiz. Men har bir sportchi uchun qayg‘uraman. Agar ular yutqazishsa, o‘zimni yutqazgandek his qilaman. Agar g‘olib chiqishsa, bu o‘z yutuqingdek tuyuladi.

— Bu haqiqatan ham qadriga yetish kerak bo‘lgan narsa. Birinchi intervyungiz esingizdami?

— Buni intervyu deb atash mumkinmi-yo‘qmi, bilmayman. O‘shanda birinchi kurs talabasi bo‘lib, amaliyot o‘tayotgan edim. Meni qandaydir yuridik universitetga kitoblar bilan bog‘liq savollar berish uchun yuborishdi. Bu menga mutlaqo qiziq bo‘lmagan mavzu edi.

Axborot dasturi uchun atigi ikkita savol berdim. O‘shanda dastur telekanalda efirga chiqqan va hozirgacha mavjud. Men shuning o‘zi yetarli deb hisoblardim, shuning uchun u yerda eslaydigan hech narsa yo‘q.

— Murakkab intervyular olganmisiz? Men sportchilar murosasiz yoki tortinchoq bo‘lgan paytlarni nazarda tutyapman. Har holda, televideniye kanalida jonli efirda ishlash oson emas. Shunday holatlar bo‘ladiki, odam intervyuga tayyor emas, lekin olish kerak. Bunday vaziyatlarda o‘zingizni qanday tutasiz?

— Bunday paytlarda uning o‘rniga gapira boshlaysan. Sport jurnalistikasiga kirishdan oldin TV-4 telekanalida ishlaganman. Uzoq vaqt davomida “Avtostrada” dasturini tayyorlaganman.

Telekanal direktorining taklifiga binoan Toshkent shahar IIBB bilan hamkorlik qildim. Reydlarga chiqardik, yo‘l harakati oyligini yoritardik. Bu men uchun yangi yo‘nalish edi va u juda qiziqarli bo‘lib chiqdi.

Biz Toshkentda paydo bo‘lgan yangi rusumdagi mashinalar, haydovchi ayollar haqida ko‘rsatuvlar tayyorladik. O‘shanda, 2001-2002-yillarda bu tendensiya endigina boshlangan edi. Biz bu mavzuni bir necha yil davomida yoritdik.

Poytaxtdagi IIBB bilan hamkorlik yaxshi samara berdi. Bizda ko‘plab qo‘shma dastur va loyihalar bor edi, ularni tomoshabinlar katta mamnuniyat bilan qabul qilishdi.

— Xorijiy mehmonlarni, masalan, xalqaro federatsiyalar prezidentlarini qabul qilish alohida mas’uliyat. Bunday suhbatlarga qanday yondashasiz?

— Ha, bu haqiqatan ham o‘ziga xos yondashuvni talab qiladi. Xalqaro federatsiya prezidenti bilan suhbat uchun tegishli tayyorgarlik darajasi, ingliz tilini bilish lozim. Albatta, tarjimonlar bor, ammo men o‘zim ingliz tilida gaplashaman. Esda qolarli suhbatlardan biri Xalqaro dzyudo federatsiyasi prezidenti Marius Gizer bilan bo‘lgan edi. Shuningdek, studiyamizga Xalqaro taekvondo federatsiyasi prezidenti Chon Von Chou tashrif buyurganini ham eslayman. U suhbatga juda jiddiy munosabatda bo‘ldi. Bunday holatlar kam uchraydi, lekin ular xotirada qoladi. Bu murakkablik emas, balki ulkan mas’uliyat. Ayniqsa, jonli efirda, hurmatli mehmonlar studiyada bo‘lganida. Mas’uliyat kattaligini tushunasan, lekin hamma narsa yaxshi bo‘lganda, bu zavq bag‘ishlaydi.

— Turli mamlakatlarning telekanallari orqali ayol sport jurnalistlari unchalik ko‘p emasligini ko‘rish mumkin. Bu haqiqatdan ham shundaymi?

— Menimcha, masalan, "Match TV"da ayollar bor. Ammo siz haqsiz, umuman olganda, sport jurnalistikasida ayollar erkaklarga qaraganda kamroq. Agar o‘nta jurnalist olinsa, ikkitasi ayol, qolganlari erkaklar bo‘lishi mumkin.

— Sizningcha, sport jurnalistikasi ko‘proq erkaklar kasbi, yoki ayollar ham o‘zini topa oladimi?

— Bu sohada gender tenglik mutlaqo o‘rinli, deb hisoblayman. Ko‘pchilik mendan hamma narsaga qanday ulgurishimni so‘raydi, axir bu kundalik tadbirlar, ustiga-ustak sutkaning turli vaqtlarida. Biz hatto sportchilarni kutib olish uchun aeroportga ham boramiz. Men hamma narsaga ulguraman, chunki ishimni sevaman. Ayollar sport jurnalistikasida ba’zan erkaklarga qaraganda ko‘proq muvaffaqiyatga erishadilar. To‘g‘ri, men har doim ham futbolni yoritmayman, bizda shu sohaga ixtisoslashgan hamkasblarimiz bor. Lekin bu futbol voqealari meni qiziqtirmaydi, degani emas. Masalan, 2024-yil oxirida "Paxtakor»ning yangi bosh murabbiyi taqdim etilgan tadbirda qatnashganman. Bu menga ham qiziq.

Tahririyatimizda faqat xokkey yoki faqat futbolni yoritadigan alohida guruhlar bor. Holbuki, yana 50 dan ortiq sport turlari borki, ularni ham yoritish kerak. Men va jamoam ana shu bilan shug‘ullanamiz.

— Sport jurnalistlarini yoshlikdan tayyorlashadimi? Yoki bu shunchaki jurnalistika fakulteti, ixtisoslashuv esa keyinroq keladimi?

— Hozir bizda aynan sport jurnalistlarini tayyorlaydigan universitet bor. Ko‘plab talabalar menga Instagramda xat yozishadi, kimdir maslahat so‘raydi, kimdir amaliyot o‘tash uchun televideniyega kirishni so‘raydi. Ba’zilariga o‘z tajribam asosida magistrlik dissertatsiyasini yozishda yordam berdim. Talabalar bilan ijtimoiy tarmoqlar orqali to‘g‘ridan-to‘g‘ri muloqot qilaman. Obunachilar mening hikoyalarim va reelsimni kuzatishadi, chunki men tadbirlardan materiallar joylashtiraman. Bu kasbimning bir qismi. Menga aytishlaricha, nashrlarim tufayli ular mamlakatimiz va chet eldagi sport hodisalari haqida bilib olishadi. Ba’zilar hatto minnatdorchilik bildiradi: "Hikoyalar joylaganing uchun rahmat, bugun o‘sha yerga boramiz". Bu menga yoqadi, chunki shunday qilib, biz sportni hamma uchun qulayroq qilamiz.

— Oilangiz sizning bandligingizga qanday munosabatda? Ertalabdan kechgacha: televideniye, aeroport, musobaqa, yana televideniye, aeroport.

— Xo‘sh, men 16 yildan beri turmush qurganman. 15 va 12 yoshli ikkita ajoyib o‘g‘lim bor. O‘g‘illarim ham sport bilan shug‘ullanishadi.

Turmush o‘rtog‘im sport bilan bog‘liq emas, u umuman boshqa sohada ishlaydi. Lekin shu yillar ichida u bunday jadvalga ko‘nikib qoldi. Birinchidan, u kimga uylanayotganini bilardi. Men darhol kasbim me’yorlashtirilmagan jadvalni talab qilishini aytdim. U: "Mayli, seni kuniga bir necha soat ko‘raman", dedi.

— Ko‘nikdi, shundaymi?

— Ha, ko‘nikdi. Bu vaqt ichida u o‘rganib qoldi. To‘g‘ri, ba’zan jonimga tegib ketadi: endi televideniyedan ketaman, zeriktirdi, boshqa ish bilan shug‘ullanaman. Lekin bilasizmi, u meni qo‘llab-quvvatlaydi. "Nima uchun? Sen suvdagi baliqdek o‘zingni yaxshi his qilasan. Bu sening ishing".

— Ya’ni ishingizga rashk qilmaydimi?

— Yo‘q, rashk qilmaydi. U tushunadi, ishonadi va hatto faxrlanadi. Faqat u emas, bolalarim ham faxrlanishadi. Bu yil menga sovg‘a qilingan kubokni uyga olib kelganimda, bolalarim: "Oyi, sening qo‘sh oltin dubling bor", deyishdi. Bilasizmi, nima uchun? Chunki 2018-yilda Milliy sport mukofotida yilning eng yaxshi jurnalisti deb tan olingan edim. 2019-yilda prezidentning davlat mukofotiga sazovor bo‘ldim. Mana, bir necha yil o‘tib, meni yana yilning eng yaxshi jurnalisti deb topishdi.

Lekin men bu bilan maqtanmayman. Shunchaki o‘z ishimni bajarayapman. Nomzodlik nominatsiyasida aytilganidek: yomg‘irda ham, qorda ham, sovuqda ham, jaziramada ham — biz doimo sportchilar bilan birgamiz.

— Sizga yetib olish haqiqatan ham qiyin. Hammasiga qachon ulgurasiz?

— Biz sportchilar bilan hamqadammiz. Ular qayerga borsa, biz ham o‘sha yerga boramiz. Bu oddiy holat. Kasb-hunar shunaqa. Xudoga shukr, uyda meni tushunishadi. Hammasini uddalayapman.

— Ya’ni, borshch pishirish va material yozishga ham ulgurasizmi?

— Faqat borshch emas! Men yana pishiriqlar ham tayyorlayman. Men yaxshi uy bekasiman. Men uchun uyda doim yegulik narsa bo‘lishi muhim, shundan keyingina ish bilan shug‘ullanaman. Ha, men shundayman. Ota-onam shunday tarbiyalashgan. Ehtimol, ular tufayli men mana shunday: tinim bilmas uy bekasi va fidoyi jurnalist bo‘lib shakllangangandirman.

— Bir kecha-kunduzda atigi 24 soat bor, buni qanday uddalaysiz?

— Kam uxlayman. Yaxshisi, uxlamasam ham, ovqat tayyorlayman.

— Burjingiz qaysi? Chayon mi?

— Ha, hamma narsaga ulgurishim kerak bo‘lgan chayon.

— Qanday onasiz?

— Qattiqqo‘l, adolatli, lekin ba’zida bo‘shashib ketaman. Ikkita o‘g‘lim bor va men ular uchun birinchi navbatda do‘st bo‘lishni xohlayman. Doim ularga shuni aytaman. Qat’iyligim, taqiqlarim va nazoratimga qaramay, ularning rivojlanishiga harakat qilaman.

Ular ingliz tilini birinchi sinfdan boshlab o‘rganishadi. Algebra va geometriya darslariga qatnashishadi. Har kuni sport bilan shug‘ullanishadi: basketbol, kattasi esa yana sport zalida mashq qiladi.

Ularning sayr qilishlari uchun bo‘sh vaqtlari bo‘lishiga harakat qilaman. O‘qish ham muhim: ular a’lo yoki yaxshi baholarga o‘qishadi. Albatta, o‘g‘il bolalarni nimanidir qilishga majbur qilish oson emas, lekin ularning kun tartibi shu qadar barqarorlashganki, ular bunga o‘rganib qolishgan. Ularda boshqa tanlov yo‘q va ular buni tushunishadi. Men ularga: “Agar odam bo‘lishni istasangiz, hamma narsani qilishingiz kerak,” deyman.

— Oilangizda kim obro‘li: ona yoki otami?

— Ham ona, ham ota. Lekin ona ko‘proq dugona.

Ona — ham dugona, ham himoyachi. Bilasizmi, bir kuni psixolog menga farzandlarimni koyimasligim kerakligini aytdi. Shunda men so‘radim: “Nega? Shunday paytlar bo‘ladiki, o‘zimni tutolmay qolaman va nazarimda, ularni koyishim kerakdek tuyuladi.” Menga esa: “Yo‘q, buning uchun ota bor,” deb javob berishdi.

Men aniqlashtirdim: “Nima, ota koyiydi, ona esa himoya qiladi va erkalaydi?” Menga: “Ha,” deyishdi. Shunda men: “Yo‘q, unday bo‘lsa men ular uchun obro‘li odam bo‘lolmayman,” dedim. Ammo psixolog: “Agar sen koyiydigan bo‘lsang, bolalarda barcha ayollarga nisbatan nafrat paydo bo‘lishi mumkin,” deb turib oldi. U qo‘shib qo‘ydiki, men ular uchun do‘st, dugona, doimo qo‘llab-quvvatlaydigan mehribon ona bo‘lishim kerak.

Lekin, ochig‘ini aytsam, har doim ham uddalay olmayman. Qattiqqo‘lman. Masalan, men har doim uyga kelganimda hamma narsa toza bo‘lishini talab qilaman.

— Menimcha, bolalaringiz va eringiz siz bilan juda omadli ekan. Ijtimoiy tarmoqlaringizdagi suratlarga qaraganda, ularning ko‘zlari baxtiyor ko‘rinadi.

— Rahmat.

— Yoshlarga, ayniqsa, jurnalist-talabalarga nima tilar edingiz? Balki endigina rivojlanish yo‘lini boshlagan qizlarga, yigitlarga maslahatlar berarsiz?

— Birinchi navbatda, diplom uchun emas, bilim uchun o‘qing. O‘qish qog‘oz uchun emas, balki rivojlanish va ishlash uchun bo‘lishi kerak. Jurnalistika — bu ijodiy kasb, bu yerda karyerani boshlash uchun universitetni tugatishni kutish shart emas. Oliy o‘quv yurtiga kirgan birinchi kundan boshlab o‘z ustingizda ishlashingiz kerak.

Hozirgacha mendan minnatdor bo‘lgan ko‘plab amaliyotchilarim bor. Ularning ko‘pchiligi jurnalistikada qolmadi: kimdir ilm-fanga ketdi, kimdir o‘qituvchi bo‘ldi. Lekin ular: “Marina, qanday qilib chiroyli gapirishni va so‘zlarni to‘g‘ri talaffuz qilishni o‘rganish mumkin?” deb so‘rashadi. Men ularga doimo oyna oldida turib, mimika ustida ishlash, she’rlar, maqolalar o‘qish, matnlarni ovoz chiqarib aytishni maslahat beraman. Bu rivojlanishga yordam beradi.

Mening eng katta tilagim — har kim o‘z sevimli ishini topsin. O‘zingizni bag‘ishlagan narsadan voz kechmang, hatto bu vaqt talab qilsa ham. Tinimsiz mehnat har doim o‘z samarasini beradi. Men, masalan, Sport kanaliga sodiqman.

Boshqa sohalarga o‘tishni taklif qilishgan bo‘lsa-da, o‘z o‘rnimda qoldim. Sport kanalida ishlagan yillar davomida ko‘p narsaga erishdim. Menga mas’uliyatli materiallar, taniqli shaxslar bilan suhbatlar ishonib topshiriladi. Bu ishonch hayotimda nimagadir erishganimning isbotidir. Men bundan juda xursandman.

Yuriy Belolipetskiy va Gayane Shamsutdinova, atayin “Karavan-Info” uchun