Bolalar xokkeyi istiqboli: Federatsiyaning birinchi vitse-prezidenti katta rejalar haqida
G‘afurov Bahodir Ismoilovich — O‘zbekiston xokkey federatsiyasining birinchi vitse-prezidenti.
— Bahodir Ismoilovich, World Games kabi tadbirning O‘zbekiston uchun ahamiyatini izohlab bersangiz.
— Bu tadbirning ahamiyati haqida gapirish ortiqcha, deb o‘ylayman. U biz olti yil avval xokkey harakatiga asos solganimizdan buyon davom etayotgan rivojlanish jarayonimiz uchun nihoyatda muhim. Bugun biz birinchi marta World Games musobaqalarini qabul qilmoqdamiz va bu sport turiga qiziquvchi barcha uchun yuqori darajadagi xokkeyni yaqindan ko‘rish imkoniyatidir. Muxlislar uchun bu haqiqiy bayram va zavq-shavq manbai bo‘lsa, xokkey bilan shug‘ullanayotgan yoki endi boshlayotgan bolalar uchun kuchli rag‘bat bo‘ladi. Hali bu sport haqida o‘ylamagan yoshlar esa bunday tadbirdan so‘ng, shubhasiz, xokkey bilan shug‘ullanishga qaror qiladilar. Bu voqea taraqqiyotimiz uchun g‘oyat muhimdir.
— Arenada va o‘yinni tashkil etishda o‘zgarishlar kiritish zarurligi tufayli tayyorgarlik jarayonida qandaydir xavotirlar bo‘lganmi?
— Jiddiy tashvishlar bo‘lmadi. Bizda KXL talablariga to‘liq javob beradigan yuqori darajadagi arena mavjud. Faqatgina ayrim mayda, aniqrog‘i, kosmetik o‘zgarishlar talab etildi. Biz bu vazifani, ayniqsa, Liga va o‘yin mezboni bo‘lgan “Dinamo Minsk” jamoasining ko‘magi bilan uddalashimizga ishonchimiz komil edi. Tayyorgarlikning asosiy qismi ularning zimmasida bo‘ldi. Biz Liga bilan birgalikda barcha ishlar yuqori darajada bajarilishini yaxshi tushunardik.
— Siz o‘z xokkeychilaringizni matchni tribunadan tomosha qilishga taklif qildingizmi?
— Ha, barcha o‘yinchilarga chiptalar berildi. Ularning hammasi bu yerda bo‘lishiga umid qilaman.
— Kelgusi yilda o‘tkazilishi rejalashtirilgan debyut jahon chempionatiga tayyorgarlik ko‘rilyaptimi? Jamoa tarkibi shakllantirilyaptimi?
— Ha, tayyorgarlik faol olib borilmoqda. Tarkib shakllantirilmoqda va uning asosini birinchi jamoa o‘yinchilari tashkil etadi. 2025-yil aprel oyida birinchi bor musobaqalarda ishtirok etishni rejalashtirganmiz.
— Terma jamoa bosh murabbiyi masalasi-chi? Nomzod tanlandimi?
— Hozircha uzil-kesil qaror qabul qilinmagan, biroq bir nechta nomzod bor. O‘ylaymanki, yanvar oyining oxirigacha tarkib va bosh murabbiy tasdiqlanadi.
— O‘zbekiston xokkey federatsiyasi va KXL o‘rtasidagi hamkorlik istiqbollari qanday? Qachon Ligaga kirishni rejalashtiryapsiz?
— KXLga kirish biz uchun yagona maqsad emas. O‘yinchilarning o‘z avlodini tarbiyalash uchun bolalar xokkeyini rivojlantirish muhimroq. Hozircha bu vazifani bajarish uchun Qozog‘iston chempionatida ishtirok etishimiz maqsadga muvofiq edi. Albatta, biz bu yerda eng yuqori darajadagi xokkeyni ko‘rishni orzu qilamiz, ammo bu murakkab va qimmat jarayon. Bu yo‘nalishda o‘ylash va harakat qilish uchun hali vaqtimiz bor.
— Olimpiya shaharchasida qurilayotgan arena haqida ma’lumot bera olasizmi? U faqat xokkey uchun mo‘ljallanganmi?
— Ha, arena Prezidentning oktyabr oyida imzolangan qaroriga muvofiq qurilmoqda. Bu milliy terma jamoamizning tayyorgarlik markazi, faqat xokkey maydoni bo‘ladi. Asosiy maqsad — xokkeyni sport turi sifatida yanada rivojlantirish. Hozirda obyektning formati muhokama qilinmoqda: u faqat mashg‘ulotlar uchun bo‘ladimi yoki musobaqalarni ham o‘tkazish imkoniyatiga ega bo‘ladimi. Biz, shubhasiz, arenaning universal va tomoshabinlarni qabul qila oladigan bo‘lishini istaymiz.