“World Games ilhomlantiradi, Toshkent esa hayratda qoldiradi”
27 декабрь

“World Games ilhomlantiradi, Toshkent esa hayratda qoldiradi”

Nikolay Goldobin — Rossiyalik xokkeychisi, Moskvaning “Spartak” jamoasi hujumchisi. U yoshlar xokkeyidagi faoliyatini 2011-yilda MXLning “Russkiye Vityazi” jamoasi tarkibida boshlagan. 2012-yilda "Sarniya Sting‘ga o‘tib, birinchi mavsumda 68 o‘yinda 68 ochko to‘pladi. 2014-yilda “San-Xose Sharks” tomonidan birinchi raundda 27-raqam bilan tanlandi. 2020-yilda SSKA bilan shartnoma imzoladi va 2020-2023-yillarda Magnitogorskning “Metallurg” jamoasida o‘ynadi. 2023-yildan beri Moskvaning “Spartak” jamoasida to‘p surmoqda. 2024-2025-yilgi mavsumda KXL muntazam chempionatida 30 ta o‘yin o‘tkazib, 25 ochko (7 gol va 18 golli uzatma) to‘pladi.

— Nikolay, so‘nggi paytdagi eng yaxshi o‘yinlaringizdan biri. Sizni nima ruhlantirdi?

— World Games ilhomlantirdi. Toshkent — ajoyib joy va biz mehmonda o‘ynaganimizga qaramay, o‘yinlarga shuncha muxlislar kelishi — bu juda zo‘r. Ajoyib o‘yin bo‘ldi.

— Belarus jamoasining ko‘plab xokkeychilari parvozdan shikoyat qilishgan. Bu siz uchun ham sinovmi edi?

— Ha, biz ham to‘rt soat uchdik, ustiga-ustak vaqt farqi ham bor. Bu, albatta, har doim qiyin. Ammo bu yerda quyoshli, ozgina bo‘lsa ham quyoshni ko‘rdik, shuning o‘zi quvonch.

— Toshkentning o‘zi sizga qanday tuyuldi?

— Juda go‘zal shahar ekan. Aeroportdan kelayotganda ko‘plab chiroyli binolarni ko‘rdik, hamma yer yop-yorug‘. Xuddi Moskva-Sitiga o‘xshaydi, faqat bu Toshkent-Siti. Hammasi juda yoqdi.

— Dam olish kunini qanday o‘tkazmoqchisiz?

— Hech qanday reja yo‘q, shunchaki jamoa bilan bemalol ovqatlanib, keyin uchib ketamiz.

— O‘yin jihatlari haqida gapiradigan bo‘lsak: o‘tgan o‘yinda sizning uchligingizni ajratishdi. Ko‘rinib turibdiki, o‘zgarishlar natija bermoqda. Bu haqda nima deysiz?

— Menimcha, zvenolar yoki uchliklar o‘zgarishida hech qanday muammo yo‘q. Hozircha g‘alaba qozonayapmiz — demak, hammasi joyida.

— Bunday o‘zgarishlarga qanday sabab bor edi?

— Bu ichki masala. Qaror murabbiylar shtabi tomonidan qabul qilinadi, biz bunga ta’sir qila olmaymiz.

— Yangi uchlikda o‘ynash sizga qulaymi?

— Ochig‘ini aytsam: Pasha bilan bir yil o‘ynaganim uchun u bilan ko‘nikib qolganman. Lekin men uchun kim bilan o‘ynashning farqi yo‘q. Men har doim bor kuchimni beraman va sherigimni his qilishga harakat qilaman.

— Bugungi o‘yinda chiroqlar xiraroq edi. Murabbiylar hatto bu o‘yinni qandaydir osonlashtirishi mumkinligidan xavotirga tushishdi. Sizga yordam berdimi?

— Shikoyat qilish o‘rinli emas, albatta, lekin yoritish chindan ham biroz xiraroq edi. Muz ham tez erib ketdi. Ammo, umuman olganda, bu xalaqit bermadi.

— Atmosfera qanday edi?

— Atmosfera juda ajoyib! Arena juda chiroyli, hammasi zo‘r qilib ishlangan. Yurganingda ko‘zlaring quvonadi.

— Siz gol urish va natijali uzatma bilan o‘zingizni ko‘rsatdingiz. G‘alaba klubning tug‘ilgan kuniga to‘g‘ri keldi. Bu sizga ishonch qo‘shadimi?

— Ha, bu oy men uchun oson kechmadi. Ba’zan nimadir yaxshi bormaydi — goh asabiylashasan, goh boshqa narsa. Lekin jamoaning g‘alabasiga hissa qo‘sha olganimdan juda xursandman.

— Sizning ehtimoliy ayirboshlanishingiz haqidagi mish-mishlarga ajoyib javob bo‘ldi, shunday emasmi?

— Ha, men mish-mishlarni yaxshi ko‘raman. Ular butun umr meni ta’qib qiladi. Ularni tarqatayotganlar xursand bo‘laverishsin.

— Bu safarga qanday munosabatda bo‘ldingiz? Balki Toshkentdan biror narsa olib kelishni buyurgandirsiz?

— Yo‘q, xotinim hech narsa buyurmadi. Lekin ertaga bozorga borib, biror qiziqarli narsa sotib olishni o‘ylayapman.

— Agar yana World Games’da o‘ynash imkoni tug‘ilsa, qayerda o‘ynashni xohlar edingiz?

— Ochig‘i, menga farqi yo‘q. Lekin, ehtimol, Dubayda o‘ynab, u yerda bir hafta o‘tkazish yaxshi bo‘lardi. Aslida, qaysi shahar bo‘lishidan qat’i nazar, eng muhimi, yaxshi kutib olishsa bo‘lgani.