“O‘qitish — karyeramning ikkinchi bosqichi”: Dmitriy Kuzin ilmiy va pedagogik faoliyati haqida
Dmitriy Vladimirovich Kuzin — Mixail Vasilevich Lomonosov nomidagi Moskva davlat universitetining Toshkent shahridagi filialida menejment yo‘nalishi uchun “Menejmentga kirish” fanini o‘qituvchi. Dmitriy Vladimirovich menejmentning zamonaviy nazariyalari va konsepsiyalari, boshqaruv fikrlari tarixi, Rossiyadagi korporativ boshqaruv, biznes ta’limining dolzarb muammolari bo‘yicha mutaxassis.
U 33 ta ilmiy maqola, 12 ta kitob va darslik, turli konferensiyalarda 10 dan ortiq ma’ruza, turli universitetlarda 10 dan ortiq o‘quv kursi muallifi va hammuallifi.
— Dmitriy Vladimirovich, o‘zingiz haqingizda bizga va kitobxonlarimizga qisqacha ma’lumot bering.
— Men 1954-yili Moskvada xizmatchilar oilasida tug‘ilganman. Maxsus ingliz maktabini tugatganman. Moskva davlat universitetini bitirganidan so‘ng, SSSR Fanlar akademiyasining Jahon iqtisodiyoti va xalqaro munosabatlar instituti aspiranturasida o‘qidim. 1979-yilda nomzodlik, 1994-yilda esa Rossiya Fanlar akademiyasi Iqtisodiyot institutida doktorlik dissertatsiyasini himoya qildim. Iqtisodiyot institutida sektor mudiri, keyin biznesda (1999-yildan 2003-yilgacha “Sistema Mass-Media” konserni bosh direktori o‘rinbosari), so‘ngra 14 yil Rossiyadagi birinchi nodavlat universitet — Moskva xalqaro universitetida prorektor bo‘lib ishladim. Keyin 3 yil Moliya universiteti professori bo‘ldim. 2020-yildan beri Moskva davlat universitetining iqtisodiyot fakulteti tashkilotni boshqarish kafedrasi mudiri vazifasini bajarmoqdaman. Bu kafedraga 1971-yilda laborant sifatida kelgan edim.
— Abituriyent sifatida dastlab Moskva davlat universitetiga kirishni rejalashtirganmisiz? Yoki o‘qishga kirish uchun boshqa universitetlar variantlari ham bormidi?
— Ha, lekin iqtisodiyot fakulteti bilan iqtisodiy geografiya fakulteti o‘rtasida tanlov qilishim kerak edi. Oxir-oqibat, birinchisini tanladim, chunki ota-onamning ikkalasi ham u yoki bu darajada iqtisodchi edilar. Garchi geografiya va sayohatlarni doim sevgan bo‘lsam-da, hozir ham sevaman.
— O‘quv dasturidagi qaysi fan sizga eng qiyin bo‘lgan?
— Oliy matematika. Garchi iqtisodiy kibernetika bo‘limini tugatgan bo‘lsam-da, ko‘proq gumanitar yo‘nalishda edim.
— Talabalik hayotingizdagi eng yorqin xotirangiz qaysi?
— Talabalik hayotida yorqin va esda qolarli narsalar ko‘p. Barcha do‘stlarim bilan qanday tanishganimni eslaymann. Qurilish otryadlari, birgalikdagi dam olishlar haqida yorqin xotiralarim bor.
— Toshkent shahriga birinchi marta xizmat safariga kelganingizda qanday his-tuyg‘ularni boshdan kechirdingiz? O‘zbekiston filialida menejment yo‘nalishini kelajakda qanday tasavvur qilasiz?
— O‘zbekistonga kelishni ancha vaqtdan beri xohlardim, shuning uchun bunday imkoniyatdan xursand bo‘ldim. Menejment hozirda juda talabgor ta’lim yo‘nalishi, balki haddan tashqari talabgor bo‘lishi mumkin, chunki hozirda professional muhandislar va soha mutaxassislari ko‘proq kerak. Umid qilamanki, Toshkentda ham xuddi Moskvadagi kabi ta’lim darajasi va sifatini saqlab qolib, rivojlantiramiz. Respublikaning o‘ziga xos xususiyatlari va vazifalarini hisobga olgan holda nafaqat fundamental tayyorgarlikni, balki amaliyotga yo‘naltirilgan ta’limni ham ta’minlashni istardim.
— Sizga ilmga muhabbatni kim singdirgan? Kimga o‘xshashga intildingiz? Sizni kim qo‘llab-quvvatladi?
— Otam amaldor bo‘lib ishlagan bo‘lsa-da, iqtisod fanlari nomzodi edi. Onam amaliy iqtisodchi edi. Ikkala bobom ham harbiy edi. Ehtimol, bularning hammasi o‘qish jarayonida, ayniqsa aspiranturada shakllandi. Kafedra mudiri G.X. Popov atoqli olim bo‘lib, juda ko‘p kishilarni tarbiyalab, maktab yaratgan. Birinchi ilmiy rahbarim — Moskva davlat universitetining faxriy professori va Rossiya menejmentining “ustozi” V.I. Marshevga juda minnatdorman va uni hurmat qilaman. Professor N.A. Klimov — ajoyib inson va ustoz, nomzodlik dissertatsiyamning ilmiy rahbari edi. Keyinchalik u bilan Fanlar akademiyasi institutlarida birga ishladik.
— Fikrlari sizga eng yaqin bo‘lgan iqtisodchini aytib o‘ting va, ehtimol, qarashlaringizdan tubdan farq qiladigan olimni misol qilib keltiring.
— Aniq aytish qiyin. Men hech qachon radikal o‘ng va so‘l g‘oyalar tarafdori bo‘lmaganman. Y. Shumpeterning tadbirkorlik haqidagi g‘oyalari menga juda yoqadi. Men P. Druker, G. Minsberg, I. Adizes va boshqa menejment klassiklarining g‘oyalari asosida tarbiya topganman. O‘ta ortodoksal marksistlar menga yaqin emas, garchi barcha qarashlar yashashga haqli bo‘lsa-da.
— Siz ilmiy faoliyatingizda katta yutuqlarga erishdingiz. Bunday natijalarga erishish yo‘lidagi eng murakkab davrlar haqida gapirib bering.
Doktorlik dissertatsiyasi ustida ishlash oson bo‘lmagan, lekin qiziqarli edi, chunki 90-yillarning boshlari har jihatdan qiyin davr edi. O‘sha paytda ko‘pchilik oliy ilm bilan shug‘ullanishga imkon topolmasdi, ko‘plar ilmdan biznesga o‘tdi. Lekin ma’lum darajada omadim keldi, chunki 1990-1991-yillarda Yaponiyaga ilmiy safarga bordim. Undan keyin esa qiyinroq bo‘ldi, biroq biz ishsiz qolib, qashshoqlikka yuz tutganlardan farqli o‘laroq, o‘z mutaxassisligimiz bo‘yicha ishladik.
— Ilmiy faoliyatingizda katta yutuqlarga erishdingiz. Shunday natijalarga erishish yo‘lidagi eng murakkab davrlar haqida so‘zlab bersangiz.
Doktorlik dissertatsiyasi ustida ishlash qiyin, ammo qiziqarli bo‘ldi. 90-yillar boshi har jihatdan og‘ir davr edi. Ko‘pchilik oliy ilm bilan shug‘ullanishga ulgurmadi, ko‘plar ilmdan biznesga o‘tib ketdi. Men esa omadli edim, chunki 1990-1991-yillarda Yaponiyada ilmiy safarda bo‘ldim. Keyin qiyinroq bo‘ldi, lekin biz ishsiz qolib, qashshoqlikka tushganlardan farqli o‘laroq, o‘z mutaxassisligimiz bo‘yicha ishladik.
— Tijorat faoliyatida muvaffaqiyatga erishish imkoniyatingiz bo‘la turib, nega o‘qituvchilikni tanladingiz? Balki o‘qituvchilikni boshqa faoliyatlar bilan birga olib borarsiz?
— O‘qituvchi bo‘lishim kasbiy faoliyatimning ikkinchi bosqichida sodir bo‘ldi. Avval ilm bilan, keyin ozroq biznes bilan shug‘ullandim. Har kim o‘ziga ko‘proq mos keladigan ish bilan shug‘ullanishi kerak. Sof biznes men uchun to‘g‘ri kelmasligini tushundim, garchi biznes, ilm va o‘qitishning uyg‘unligi juda foydali.
— Sizningcha, zamonaviy iqtisodiyot fani qaysi yo‘nalishda rivojlanmoqda? Uning qanday kuchli va zaif tomonlari bor? Nimalarni o‘zgartirish mumkin?
— Bu savolni sof nazariyotchi iqtisodchilarga bergan ma’qul. Men menejment uchun muhim bo‘lgan bir nechta sohalarni ko‘ryapman: yangi institutsional iqtisodiyot, murakkablik iqtisodiyoti, e’tibor iqtisodiyoti, barqarorlikning turli jihatlari, innovatsion iqtisodiyot va boshqalar.
— Sizningcha, o‘tmishning qanday keng ko‘lamli iqtisodiy muammolari bizni hamon ta’qib etmoqda?
— Afsuski, XX asrda bizda yomon iqtisodiy meros qoldi — totalitar davlatning haddan tashqari katta roli, iqtisodiyotda erkinlik va ijodkorlik emas, balki cheklash va nazoratga og‘ishdan tortib madaniyatgacha.
— Turli mamlakatlarning “iqtisodiy mo‘jizasi” siri nimada va ular bir-biridan qanday farq qiladi deb o‘ylaysiz?
— Bu mavzuda butun boshli dissertatsiya yoqlaganman, siz esa qisqa javob kutmoqdasiz. Eng qisqasi — bu jamiyatni maksimal darajada erkin, bozorga yo‘naltirilgan, samarali institutlarga ega, yakka shaxslar emas, balki ko‘pchilik fuqarolarning farovonligi va hayot sifatini yaxshilashga qaratilgan maqsadli, qat’iy va izchil o‘zgarishlar tizimidir.
— Respublikamiz poytaxtiga ilk bor tashrif buyurdingiz. Bu yerda bo‘lgan vaqtingizda shahrimiz va xalqimiz haqida qanday taassurot hosil qildingiz?
— Ha, birinchi marta. O‘g‘lim va xotinim ilgari kelishgan va ularga juda yoqib qolgan ekan. Garchi ko‘p narsani ko‘rishga ulgurmagan bo‘lsam-da, menga ham yoqdi. Mahalliy kishilardan birontasi qabul qilsa, doim yaxshiroq bo‘ladi. Taassurotim ijobiy, men muloqotda bo‘lgan odamlar juda xushmuomala ekan.
— Milliy taomlarimizni tatib ko‘rdingizmi? Qaysi mamlakat milliy taomlarini ko‘proq yoqtirasiz?
— Albatta, o‘zbek oshxonasini sovet davridan beri juda yaxshi ko‘raman. Umuman olganda, sharq taomlarini yaxshi ko‘raman.
— Biznesda xatolarga yo‘l qo‘ymasliklari uchun yosh mutaxassislarga qanday maslahatlar bera olasiz?
Biznes haqida biznesmenlar maslahat bersin. Men hamkasblarim bilan 2012-yilda “Ish yuritishdagi muvaffaqiyat tamoyillari” qo‘llanmasini yozganmiz. Bu muvaffaqiyatga qanday erishish haqida emas (har kim bunga o‘zi erishadi), balki u nimalarsiz sodir bo‘lishi dargumonligi haqida.