Andrey Lapshov: O‘zgarishlar davrida O‘zbekiston va Rossiya o‘rtasidagi ijodiy almashinuv
Andrey Lapshov — Insiders kommunikatsiya guruhining prezidenti, Jamoatchilik bilan aloqalar bo‘yicha maslahatchi kompaniyalar uyushmasi (AKOS)ning raisi hisoblanadi.
— Assalomu alaykum! Biz xalqaro kreativ iqtisodiyot forumidamiz va bugun Siz — Andrey bilan qiziqarli suhbat o‘tkazmoqdamiz. Forumdan olgan taassurotlaringiz va O‘zbekistonda kreativ iqtisodiyotni rivojlantirish bo‘yicha hozirgi vaziyatni qanday baholaysiz?
— Vaalaykum assalom! Avvalo, shunday yuqori darajadagi tadbirda ishtirok etayotganimdan xursandman. Ko‘plab xalqaro ekspertlar tashrif buyurgan va men buni katta miqyosdagi davra suhbati deb aytgan bo‘lardim. Menimcha, bu nafaqat kreativ iqtisodiyot uchun, balki xalqaro tajriba almashish, erishilgan yutuqlar va yuzaga kelayotgan muammolarni muhokama qilish, shuningdek, hamkorlik yo‘llarini belgilash uchun ham muhimdir.
O‘zbekistondagi kreativ iqtisodiyotga kelsak, u shakllanish bosqichida ekanligi ko‘rinib turibdi. Ko‘plab qiziqarli loyiha va tashabbuslar mavjud, ayniqsa, yoshlarning bu jarayonlarga faol jalb etilayotgani quvonarli. Muhimi, O‘zbekiston hukumati bu mavzuga katta e’tibor qaratmoqda, chunki davlat qo‘llab-quvvatlashisiz kreativ iqtisodiyot muvaffaqiyatli rivojlanishi qiyin. Qonunchilik bazasini yaratish ham muhim ahamiyatga ega va menimcha, O‘zbekiston bu borada to‘g‘ri yo‘nalishda ilgarilamoqda.
— Xalqaro tajriba almashish haqida gapirdingiz. Sizningcha, Rossiya bilan hamkorlik doirasida kreativ iqtisodiyotga oid loyihalar qaysi yo‘nalishda rivojlanishi mumkin?
— O‘ylaymanki, hamkorlik o‘zaro manfaatli bo‘lishi mumkin bo‘lgan bir nechta yo‘nalishlar bor. Birinchi navbatda, bu IT-texnologiyalar sohasidagi qo‘shma loyihalardir, chunki Rossiya bu sohada allaqachon katta tajribaga ega. Bizda O‘zbekiston uchun foydali bo‘lishi mumkin bo‘lgan yaxshi IT-startaplar mavjud. Bundan tashqari, madaniy almashinuvlar va turizmni rivojlantirishni ko‘rib chiqish mumkin, chunki kreativ iqtisodiyot madaniy loyihalarni ham, turistik tashabbuslarni ham o‘z ichiga oladi. O‘zbekiston boy tarix va madaniyatga ega bo‘lgan juda qiziqarli mamlakat, menimcha, bu yerda Rossiya bilan ko‘plab mushtarak nuqtalarni topish mumkin.
— Ha, to‘g‘ri, so‘nggi paytlarda O‘zbekistonda IT sohasi, ayniqsa, yosh mutaxassislarni jalb qilish va startaplar yaratish nuqtai nazaridan sezilarli darajada rivojlandi. Bu yo‘nalishni mustahkamlash uchun qanday qadamlar qo‘yish mumkin?
— Muhim yo‘nalishlardan biri — ta’lim dasturlarini rivojlantirishdir. IT sohasiga qiziquvchi yoshlarga sifatli ta’lim olish va eng yaxshi mutaxassislardan o‘rganish imkoniyatini yaratish muhim. Masalan, Rossiyada O‘zbekiston uchun foydali bo‘lishi mumkin bo‘lgan universitetlar va ta’lim dasturlari bor. Shuningdek, yosh tadbirkorlarga dastlabki bosqichlarda yordam beradigan startaplar uchun akseleratsiya dasturlarini ishlab chiqish kerak, chunki bu juda muhim. Albatta, xalqaro hamkorlik va tajriba almashish — bularning barchasi IT sohasini rivojlantirishga xizmat qiladi.
— Akseleratorlarni tashkil etish tajribangiz haqida gapirib bera olasizmi?
— Ha, men uch yil oldin Moskvada Engineering Tech akseleratorini tashkil qilganman. Biz 300 ga yaqin ariza qabul qildik va salohiyatli investorlar ishtirok etgan yakuniy taqdimot sessiyasi uchun 30 ta loyihani tanlab oldik. Ishtirokchilar o‘z loyihalarini taqdim etish uchun to‘rt daqiqa vaqtga ega bo‘ldilar. Agar ular investorlarni ishontira olgan bo‘lsa, hamkorlik qilish va moliyalashtirish imkoniyatiga ega bo‘lishdi.
— Ayting-chi, umuman iqtisodiyotda ijodiy sanoatning rolini qanday baholaysiz? Bu O‘zbekiston kabi mamlakatlar uchun qanchalik istiqbolli yo‘nalish?
— Men ijodiy sohalarni, ayniqsa rivojlanayotgan mamlakatlar uchun juda istiqbolli yo‘nalish deb hisoblayman. Bu nafaqat yangi ish o‘rinlari yaratish imkoniyati, balki investitsiyalarni jalb qilish va turmush darajasini oshirish usulidir. Ijodiy iqtisodiyot inson salohiyatidan foydalanish, nafaqat ichki, balki xalqaro bozor uchun ham foydali bo‘lishi mumkin bo‘lgan yangi g‘oyalarni yaratish imkonini beradi. O‘zbekiston bu borada, ayniqsa madaniyat, san’at va turizm sohalarida ulkan salohiyatga ega. Ijodiy sohalarni rivojlantirishga to‘g‘ri yondashilsa, bu jiddiy iqtisodiy samara berishi mumkin.
Men bu jarayonga shunchaki sho‘ng‘ib ketishni xohladim. Odamlarning qanday yashayotganini ko‘rish uchun uylarning hovlilarini aylanib chiqdim, ya’ni katta ko‘chalarni emas, balki hovlilarni aylandim. Bu qiziqarli edi. Tashqaridan qarash boshqa-yu, ichkariga kirib ko‘rish boshqa. Va, albatta, savdo-sotiq o‘zaro manfaatli bo‘lishi kerak. Siz o‘zingiz ishlab chiqargan mahsulotni sotasiz, biz esa o‘zimiznikini. Siz “Buni rivojlantirishni xohlaymiz” deysiz va biz sizga kerak bo‘lgan narsani taklif qilamiz, siz esa bizga kerakli narsani taklif qilasiz.
— Turli hududlarda startaplarning rivojlanishi bilan bog‘liq vaziyatni qanday baholaysiz?
— Moskva va Toshkent kabi yirik shaharlarda investitsiya va taraqqiyot borligini ko‘rish mumkin. Masalan, Toshkentda Olimpiya bog‘i va yangi aeroport qurilmoqda. Biroq, hududlar hamon kam rivojlangan holda qolmoqda. Men hukumatga ushbu hududlarda startaplarni qo‘llab-quvvatlashi mumkin bo‘lgan rivojlanish institutlarini tashkil etishni ko‘rib chiqishni taklif qilgan bo‘lardim.
— Innovatsion turlarni o‘tkazish haqida aytib o‘tdingiz. Bu haqda batafsil gapirib bera olasizmi?
— 2013-yilda, Ukrainadagi vaziyat ancha barqaror bo‘lgan paytda, biz Kiyevga innovatsion sayohatlar uyushtirgan edik. Biz olimlar va ixtirochilar uchun innovatsiyalarni qanday rivojlantirish va joriy etishni o‘rgatish maqsadida ekspertlarni to‘plab, sessiyalar o‘tkazgan edik. Buni Rossiyada, ehtimol siz bilan hamkorlikda, takrorlash mumkin. Shunga o‘xshash sessiyalarni Skolkovo yoki boshqa innovatsion klasterlarda tashkil etish taklifi bilan hukumatga murojaat qilishimiz mumkin.
— Andrey, birinchi navbatda o‘z startapini rivojlantirishga qiziqayotgan odamlarga nima maslahat bera olasiz? Muvaffaqiyatli rivojlanish uchun qanday tashabbuslarni amalga oshirish mumkin?
— Avvalo, mahsulotni to‘g‘ri taqdim etishni bilish muhim. Sizning g‘oyangiz shunchaki qog‘ozda chizilgan loyiha emas, balki amaldagi model ekanligini investor tushunishi uchun prototip yaratish kerak. Bu investorlarni sizning startapingiz jonli jarayon ekanligiga ishontirishga yordam beradi. Skolkovo kabi yaxshi ta’lim platformalari mavjud, ammo talabalar uchun bu qimmatga tushishi mumkin. Shuning uchun xalqaro dasturlar va akseleratorlarga e’tibor qaratish maqsadga muvofiq.
Gayane Shamsutdinova, atayin “Karavan-Info” uchun