Oltin medaldan birinchi palovgacha — Viktor Viktorovich Drozdov
20 декабрь

Oltin medaldan birinchi palovgacha — Viktor Viktorovich Drozdov

Drozdov Viktor Viktorovich — iqtisodiyot fanlari doktori, M.V.Lomonosov nomidagi Moskva davlat universiteti iqtisodiyot fakultetining xalq xo‘jaligi tarixi va iqtisodiy ta’limotlar kafedrasi professori. Viktor Viktorovich tarixiy-iqtisodiy tadqiqotlar metodologiyasi, Rossiya va xorijiy mamlakatlar iqtisodiy tarixi tarixshunosligi, moliya va pul-kredit siyosati tarixi bo‘yicha mutaxassis.

U 119 ta maqola, 30 ta kitob, 32 ta konferensiya ma’ruzasi, 21 ta ma’ruza tezisi, 11 ta dissertatsiya, 20 ta diplom ishi, 54 ta kurs ishi va 74 ta o‘quv kursi muallifi.

U xorijda 3 ta stajirovka o‘tagan: Niderlandiyadagi Amsterdam universiteti, Avstriya Bank kolleji va AQShning Merilend shtatidagi universitetda. Tijorat banklarida amaliy ish tajribasiga ega.

— O‘qishga kirish paytida nima uchun aynan MDUni tanladingiz? U sizni nima bilan o‘ziga jalb etdi va boshqa universitetlarni ko‘rib chiqdingizmi?

— Men a’lochi edim. O‘rta maktabni oltin medal bilan tugatganman. Bu menga sifatli ta’lim olish mumkin bo‘lgan nufuzli oliy o‘quv yurtlaridan biriga kirishga umid berardi. M.V. Lomonosov nomidagi Moskva davlat universiteti men uchun shunday oliy o‘quv yurti edi. Buning ustiga Moskva men yashaydigan joydan uncha uzoq emasdi. Boshqa variantlarni ko‘rib chiqmaganman.

— Talabalik chog‘ingizda qanday qiyinchiliklarga duch keldingiz va talabalik yillaringizdan qanday xotiralar qoldi?

— Menimcha, talabalik hayotimda e’tiborga loyiq qiyinchiliklarga duch kelmaganman. O‘qish menga oson kechdi, jumladan, maktabdayoq astoydil shug‘ullangan matematikam ham. Men a’lochi edim, har doim yuqori stipendiya olardim, bu o‘sha paytda munosib edi. Beshinchi kursda esa hatto K. Marks nomidagi stipendiya bilan taqdirlanganman. Uydan ham pul bilan yordam berishardi. Talabalar meni xafa qilishmas va hurmat qilishardi. Men asosan o‘qishga, bir so‘z bilan aytganda, "botanika‘ga mukkasidan ketgan to‘g‘ri yigit edim. Bunday hayot menga yoqardi va u haqda eng yaxshi xotiralarim saqlanib qolgan. Do‘stlarim bor edi. Ularning ba’zilari talabalik yillarida oila qurgan. Xotinimni sal keyinroq — mutaxassislikni tugatishim bilanoq kirgan aspiranturamda uchratganman.

— Siz xorijda stajirovka o‘tagansiz va tijorat faoliyatida tajriba orttirgansiz. Nima uchun o‘qituvchi bo‘lishga qaror qildingiz?

— Maktabdayoq o‘qituvchi bo‘lishni orzu qilardim. O‘qituvchining mehnati menga doimo jozibali ko‘rinardi. Hanuzgacha ilm-fan va o‘qitishni inson faoliyatining eng olijanob sohalaridan biri deb hisoblayman. Men ishlab chiqarish yoki tijorat tajribasiga ega bo‘lmagan holda, maktabni tugatishim bilanoq Moskva davlat universitetining iqtisod fakultetiga o‘qishga kirdim. Fakultetda ishlay turib, ko‘plab hamkasblarim kabi chet elga xizmat safarlarida bo‘lganman, lekin bu vaqtda men allaqachon o‘qituvchi edim. Bank sohasida ham ishlaganman, ammo u yerda tahlil va hisob-kitob bilan shug‘ullanganman, bu tijoratdan ancha uzoq. Bundan tashqari, Moskva universiteti mening asosiy ish joyim bo‘lib qolgan.

— Ilmiy faoliyatingizda katta yutuqlarga erishdingiz. Ularga erishish yo‘lidagi eng murakkab davrlarni aytib bera olasizmi?

— Men o‘z ilmiy faoliyatimni juda muvaffaqiyatli deb hisoblamayman. O‘zimga nisbatan “olim” ta’rifini ishlatishdan qochaman. Menga ko‘proq mos keladigan ta’rif — “ilmiy xodim” yoki o‘qituvchi. Kasbiy faoliyatimdagi eng murakkab davr — 1990-yillar edi. Mamlakatning iqtisodiy rivojlanish modeli o‘zgardi, mafkuraviy qarashlar va yo‘nalishlar o‘zgardi (tarix esa mafkura ta’siriga kuchli bo‘ysunuvchi fan), ish haqi past edi...

— Sizningcha, talabalarda qanday zaif va kuchli tomonlar mavjud?

— Har kimning kuchli va zaif tomonlari bor. Talabalarga xos bo‘lgan kuchli va zaif tomonlar haqida gapiradigan bo‘lsak, talabaning eng kuchli tomoni, ehtimol, muvaffaqiyatli o‘qishni sport mashg‘ulotlari va, ba’zan biznes bilan birlashtira olish qobiliyati, eng zaif tomoni esa, kelajakda ushbu sohada ishlamasligini oldindan bilib turib, o‘qishni davom ettirishi bo‘lishi mumkin.

— Hamma narsadan voz kechib, qo‘llaringizni tushirib yuborishni o‘ylaganmisiz, agar shunday bo‘lsa, buni qanday yengib o‘tdingiz?

— Menda bunday lahzalar bo‘lmagan. M. V. Lomonosovni esga olaylik:

  • Ilm yoshlarni oziqlantiradi,
  • Keksalarga tasalli beradi,
  • Baxtli hayotni bezaydi,
  • Baxtsizlikda asraydi;
  • Uy tashvishlarida yupanch,
  • Uzoq safarlarda ham to‘siq emas.

— Siz O‘zbekiston poytaxtiga ilk bor tashrif buyuryapsiz. Shahrimiz va xalqimiz haqida qanday fikrdasiz?

— Chiroyli va samimiy xalq ekan. Ko‘pchilik rus tilini juda yaxshi gapiradi. Savol bilan murojaat qilsangiz, yordam berishga intilishadi. Shaharni hali kam ko‘rdim. Ertaga markazga bormoqchiman. Ko‘rganlarim yaxshi taassurot qoldirdi. Toza hududlar, ulug‘vor binolar. To‘g‘ri, menga ko‘kalamzorlashtirish biroz kamdek tuyuldi.

— “Menejment” yo‘nalishi uchun birinchi xizmat safariga yuborilgan o‘qituvchi bo‘lish qanday?

— Sizning (bizning deyishim mumkin) Filialingizga kelganimda, MGUdan yuborilgan “Menejment” yo‘nalishining birinchi o‘qituvchisi ekanligimni bilmasdim. Buni menga ikki kundan keyin aytishdi. Hech qanday muammosiz darhol ishga kirishib ketdim. Talabalar bilan tez aloqa o‘rnatdim va bu yerda uzoq vaqtdan beri ishlayotgandek his qildim. Men uchun g‘ayrioddiy bo‘lgan narsa — hamma men bilan salomlashardi. Lekin tez orada bu yerda shunday odat borligiga ishonch hosil qildim. Bu muloqot muhitini juda ijobiy tomondan tavsiflab beradi. Ehtimol, menga biroz ko‘proq e’tibor berilgandir.

— Milliy taomlarimizni tatib ko‘rdingizmi?

— Ha, tatib ko‘rdim. Ikkinchi qavatdagi Filial bufetida ovqatlanaman. Menimcha, taomlar mazali va arzon. U yerda ishlaydigan ayol va erkak juda mehribon va e’tiborli. “Brokkoli” qahvaxonasida ham bo‘ldim. U ham menga yoqdi. Aytgancha, o‘zbek oshining tengsiz ta’mini talabalik yillarimdan bilaman. O‘zbekistonlik bir do‘stim bor edi, u tez-tez qozonda palov pishirardi.

— MGU iqtisodiyot fakulteti hayoti haqida so‘zlab bersangiz, o‘ylaymanki, talabalarimizga bu haqda o‘qish qiziqarli bo‘lardi.

— Menimcha, MGU iqtisodiyot fakulteti talabalari hayotida hech qanday g‘ayrioddiy narsa yo‘q. Ularning aksariyati tirishqoq bo‘lib, mashg‘ulotlarga tayyorgarlik ko‘rishga ko‘p vaqt sarflaydi. Matematika ko‘p kuch talab qiladi. O‘quv guruhlari katta (ba’zan 33 kishigacha). Reytingga katta e’tibor beriladi, shuning uchun har bir talaba seminarlarda so‘zga chiqishga intiladi. Yuqori kurslarda talabalarning bir qismi firmalarga ishga joylashadi.

Tanaffuslarda talabalarimiz har bir qavatda mavjud bo‘lgan dam olish maskanida biroz vaqt o‘tkazishi, tennis o‘ynashi, qahva ichishi (asosan, avtomatlardan) mumkin. Ammo moskvalik talabalarda bunday uzoq tanaffuslar (1 soat, 15 daqiqa) yo‘q. Barcha tanaffuslar 10 daqiqadan. O‘ylaymanki, filial talabalarining omadi kelgan. Ular bemalol ovqatlanib, dam olishlari mumkin. Tanaffus paytida yangrayotgan yoqimli musiqa ham yaxshi kayfiyatga hissa qo‘shadi. Moskvadagi iqtisodiyot fakultetida madaniy-ommaviy tadbirlar ham o‘tkaziladi, lekin menimcha, sizlarda ular kam emas, balki ko‘proqdir. MGUda yotoqxonalar ko‘p, u yerda o‘ziga xos hayot mavjud, ammo men bu haqda juda oz bilaman.

— Mamlakatimiz bilan qanday aloqalaringiz bor?

— Quyoshli mamlakat; Buxoro, Xiva, Samarqanddagi eng qimmatli me’moriy yodgorliklar; masjid va madrasalar; Amir Temur; Ibn Sino; mo‘l uzum, boshqa meva va sabzavotlar; paxta; cho‘llar, dashtlar va tog‘lar; tuyalar; chiroyli va mehnatsevar odamlar; ish o‘rinlarining yetarli emasligi.

— Qaysi mamlakatning milliy taomlarini ko‘proq yoqtirasiz?

— Boshqa milliy oshxonalarga kelsak, bu sohadagi bilimlarim juda cheklangan. Xizmat safarlarida yoki sayohatlarda bo‘lganimda, asosan umumiy ovqatlanish joylarida (Makdonalds, KFS, arzon kafelar, kampuslardagi oshxonalar va boshqalar) ovqatlanardim. Taassurotlarimga ko‘ra, Gretsiyada sayyohlarga mazali taomlar taklif etiladi. Men Shenchjendagi MGU-PPI universiteti kampusida tanishgan xitoy oshxonasi o‘ziga xosligi bilan hayratga soladi.

— Ishdan tashqari nima bilan shug‘ullanasiz? Sizga zavq bag‘ishlaydigan sevimli mashg‘ulotlaringiz bormi?

— Ishdan keyin boshqa mashg‘ulotlarga vaqtim kam qoladi. Mening yoshimda odam tezroq charchaydi. Ammo hozircha malaka oshirish, shuningdek, dala hovlida ishlash uchun vaqt topishga muvaffaq bo‘lyapman. Mening sevimli mashg‘ulotim — chet tillarini o‘rganish.

— Qanday xorijiy tillarni bilasiz va u yoki bu tilni o‘rganishga qanday qiziqib qolgansiz?

— Men faqat bitta ona tilim — rus tilini mukammal bilaman. Nemis, ingliz, fransuz, ispan, shuningdek, lotin tillarini o‘rganishimga va ulardan foydalanishimga to‘g‘ri keldi. Xitoy tilini ozgina o‘rganib olsam deyman. Tillarni o‘rganish sabablarim turlicha edi. Nemis tilini maktabda va universitetda o‘qitishgan, fransuz tilini yotoqxonadagi xonadoshim o‘rganardi va menga qiziq tuyuldi, ingliz tilisiz ilm-fanda (hatto zamonaviy hayotda ham) ishlab bo‘lmaydi, ispan tilini turistik sayohatga tayyorgarlik ko‘rayotganimda o‘rgandim, nomzodlik dissertatsiyamning birlamchi manbalari lotin tilida bo‘lgani uchun uni ham o‘rganishga to‘g‘ri keldi. Oddiy xitoy tilini bilish menga xitoylik talabalar bilan ishlashni osonlashtirgan bo‘lardi.

— Intervyuga tayyorlanar ekanman, Sizning Xitoyga xayrixohligingizni bilib qoldim. Bu mamlakat sizni nima bilan qiziqtirganini aytib bera olasizmi?

— Bu juda boy va ibratli tarixga ega bo‘lgan sirli mamlakat, men unga maktab yillarimdayoq qiziqib qolganman. Bilishimcha, Rossiyada ko‘pchilik Xitoyga xayrixoh. Men Xitoyda bo‘lganimda, xitoylik talabalarning ajoyib mehnatsevarligi, maqsadga intiluvchanliklaridan, laoshilarga (o‘qituvchilarga) va umuman, yoshi kattaroq odamlarga hurmat bilan munosabatda bo‘lishlaridan hayratga tushardim. Ular haqiqatan ham buyuk Konfutsiy g‘oyalarining izdoshlari, deb o‘ylay boshlaysan. Xitoyda yosh bolalarni ko‘rganman. Ular juda yoqimtoy va qiziqarli! Kattalar juda xushmuomala. Odamlarning tobora yaxshilanib borayotgan hayotlaridan mamnun ekanliklari sezilib turadi.

Tyuxay Artur, atayin “Karavan-Info” uchun