Yuqori darajadagi ko‘ngilocharliklar: O‘zbekistondagi eng katta batut markazi qanday yaratilgan
Karimbekov Timur Igorevich — O‘zbekistondagi eng yirik “Metagalaktika” batut markazining asoschisi va direktori bo‘lgan tadbirkor.
— Timur, “Metagalaktika” batut markazini ochish g‘oyasi qanday paydo bo‘ldi va bu biznesga sizni nima ruhlantirdi?
— Bu g‘oya farzandlarimni Toshkentda ochilgan birinchi batut markaziga olib borganimdan so‘ng paydo bo‘ldi. Dam olishning bu turiga talab katta ekanligini ko‘rib, men bu faoliyat sohasini o‘rgana boshladim. Keyinchalik o‘z batut markazimni ochish fikri paydo bo‘ldi, ammo uni katta miqyosda amalga oshirmoqchi edim, chunki o‘sha paytda mavjud bo‘lgan markaz atigi 23 ta batutga mo‘ljallangan edi.
— O‘zbekistonda loyihani ishga tushirishning dastlabki bosqichida qanday qiyinchiliklarga duch keldingiz?
— Asosiy qiyinchiliklar O‘zbekistonda batut markazini yaratish uchun zarur bo‘lgan ko‘plab komponentlarning yo‘qligi edi. Uskunalarni qisman Rossiyadan, katta qismini esa Xitoydan buyurtma qilishga to‘g‘ri keldi. Eng katta muammo — mos keladigan xona topish bo‘ldi, chunki batut markazi baland shiftlarni talab qiladi.
— Filiallar ochish uchun nega aynan Toshkentni tanladingiz? Mamlakatning boshqa shaharlari ko‘rib chiqildimi?
— Toshkentni shuning uchun tanladimki, men shu yerda yashayman, bu mening ona shahrim, bu yerda hamma narsa menga tanish. Biz boshqa shaharlarni ko‘rib chiqmadik, chunki Toshkent — poytaxt va aholining asosiy qismi shu yerda to‘plangan.
— O‘zbekistondagi ko‘ngilochar bozorning o‘ziga xos xususiyatlari qanday va ular sizning strategiyangizga qanday ta’sir ko‘rsatdi?
— Birinchi “Metagalaktika” markazi 2018-yilda ochilgan paytda bunday ko‘ngilochar obyektlar juda kam edi. Strategiyamiz bozorning bunday markazlar bilan to‘yinmaganligiga asoslangan edi. Biz yuqori raqobat yo‘qligiga e’tibor qaratdik.
— “Metagalaktika” batut markazining boshqa shunga o‘xshash muassasalardan farqi nimada?
— Markazimizning o‘ziga xosligi uning ko‘lamidadir. “Metagalaktika” bir yarim ming kvadrat metr maydonni egallaydi. Bunday katta maydon tufayli markaz tashrif buyuruvchilar orasida mashhur.
— O‘zbekistonda faol ko‘ngilochar tadbirlarga bo‘lgan talabni qanday baholaysiz? Bunday xizmatlarga qiziqishni oshirish tendensiyasi bormi?
— O‘zbekistonda turli xil ko‘ngilochar tadbirlar soni sezilarli darajada ko‘paydi va raqobat ancha kuchaydi. Bu odamlarga qayerga borishni tanlashda ko‘proq imkoniyat beradi.
— Biznesni boshqarishda qanday asosiy qiyinchiliklarga duch kelmoqdasiz?
— Asosiy qiyinchilik — bu xodimlarni tanlash. Savodli va malakali xodimlarni topish juda qiyin.
— Mijozlarni qanday jalb qilasiz va ushlab turasiz? Qandaydir noyob marketing strategiyasidan foydalanasizmi?
— Biz “mijoz mamnun bo‘lishi kerak” degan tamoyilga amal qilamiz. Farroshlardan tortib direktorgacha butun jamoamiz bayram muhitini yaratadi. Tashrif buyuruvchi quvonch va mamnuniyat bilan ketishi kerak.
— Markaz ichida jamoani qanday rivojlantirasiz? Xodimlarni o‘qitish qanday rol o‘ynaydi?
— Yangi xodimlarni o‘qitish tajribali hamkasblar rahbarligida amalga oshiriladi. Jamoaning rivojlanishi turli rag‘batlantirishlar, shu jumladan mukofotlar bilan qo‘llab-quvvatlanadi.
— Tashrif buyuruvchilar, ayniqsa, bolalar uchun xavfsiz sharoitlarni ta’minlash uchun qanday xavfsizlik choralari ko‘riladi?
— Xavfsizlik choralari batut arenasiga tashrif buyurishdan oldin majburiy yo‘riqnoma berishni o‘z ichiga oladi. Murabbiylar tashrif buyuruvchilarning mushaklari isishi uchun chigil yozdi mashqini o‘tkazadilar. Murabbiylar batutlarda bo‘lish davomida tashrif buyuruvchilarni kuzatib boradilar va to‘g‘ri xulq-atvor bo‘yicha tavsiyalar beradilar.
— Kelajakda biznesingizni kengaytirish uchun qanday istiqbollarni ko‘rmoqdasiz? Yangi filiallar ochishni yoki qo‘shimcha xizmatlar qo‘shishni rejalashtiryapsizmi?
— Kelgusida turli xil faoliyat va ko‘ngilochar mashg‘ulotlarga mo‘ljallangan sport-ko‘ngilochar majmua tashkil etishni rejalashtirganmiz.
— Biznesingiz muvaffaqiyatini qanday ta’riflagan bo‘lardingiz va sizningcha, unga erishishning asosiy omili nima edi?
— Muvaffaqiyatning asosiy omili bozorni o‘z vaqtida tahlil qilish bo‘ldi. 2018-yilda bunday sport-ko‘ngilochar markazlar juda kam edi va "Metagalaktika‘ning ochilishi o‘z vaqtida qo‘yilgan muvaffaqiyatli qadam bo‘ldi.
— Xalqaro miqyosda kengayish yoki xorijiy hamkorlar bilan hamkorlik qilish rejalaringiz bormi?
— Hozircha bunday rejalar yo‘q.
— O‘zbekistonda qanday ijtimoiy loyihalar yoki tashabbuslarni qo‘llab-quvvatlaysiz va ular biznesingiz bilan qanday bog‘liq?
Biz sog‘lom turmush tarzini targ‘ib qilish va sportni rivojlantirishga qaratilgan loyihalarni qo‘llab-quvvatlaymiz.
— O‘zbekistonda bunday biznesni ochmoqchi bo‘lgan yangi tadbirkorlarga qanday maslahat bera olasiz?
— Mening maslahatim: har qanday ishni boshlashdan oldin uni yaxshilab o‘rganib chiqish kerak. Marketing tadqiqotlarini o‘tkazing, bozorni va sotish imkoniyatlarini o‘rganing. Barcha ijobiy va salbiy tomonlarni taroziga soling, so‘ngra rejalaringizni amalga oshirishga kirishing.