"Axborot"ning qat’iy intizomi kasbiy mahoratni qanday tobladi? Yuliya Rodimtseva shaxsni shakllantiradigan jurnalistika haqida
24 январь

"Axborot"ning qat’iy intizomi kasbiy mahoratni qanday tobladi? Yuliya Rodimtseva shaxsni shakllantiradigan jurnalistika haqida

Yuliya Rodimtseva — sport jurnalisti, “Axborot” dasturining sobiq sport yangiliklari boshlovchisi.

— Siz televideniyeni tark etdingiz. Bu nima bilan bog‘liq?

— Ha, men ketdim, lekin u menga yoqmay qolgani uchun emas. Televideniye baribir mening bir qismim va u har doim qalbimda bo‘ladi. Ammo 2022-yil oxirida O‘zbekistonda gimnastika sport turlarini qo‘llab-quvvatlash va rivojlantirish bo‘yicha Prezident qarori chiqdi. Bu bizga uzoq vaqtdan beri kutgan ulkan vazifalarni yuklatdi. Ish hajmi keskin oshdi va men jismonan uni televideniye bilan qo‘shib olib borishga ulgurmadim.

Jurnalistika men uchun hamon muhim. Hamkasblarim bilan aloqada bo‘lishni davom ettiryapman, menga murojaat qilishadi, taklif etishadi, materiallarimni ulashaman. Qaysidir ma’noda, hozir ham matbuot kotibi sifatida ishlab, bu sohaning bir qismi bo‘lib qolmoqdaman.

— Sizni jurnalistikasiz tasavvur qilish qiyin. Axir siz bu sohada ko‘p yillar davomida faoliyat yuritgansiz.

— Ha, jurnalistika — bu mening hayot yo‘limning bir qismi. To‘g‘risini aytsam, mening ish uslubim har doim ham hammaga yoqavermagan. Men biroz boshqacha falsafaga amal qilaman. Ehtimol, ba’zi zamonaviy rahbarlar uni to‘liq tushunishmaydi. Ammo men o‘ta professional bo‘lgan eski jurnalistika maktabida tarbiya topganman.

Hech kimni xafa qilmoqchi emasman, lekin o‘sha paytdagi daraja mutlaqo boshqacha edi. Bu zamonaviy jurnalistlar yomon degani emas, shunchaki davr o‘zgardi. Shunga qaramay, yoshlarga o‘z tajribamni ulashishni muhim deb hisoblayman. Uni qabul qilishadimi yo‘qmi — bu ularning tanlovi.

— Siz “eski maktab” haqida gapirdingiz. Bu nima edi, batafsil aytib bera olasizmi?

— Bu chinakam omon qolish maktabi edi. Televideniyega kelganimda, menda jurnalistika bo‘yicha ma’lumot yo‘q edi — men jismoniy tarbiya institutini tugatganman. O‘shanda jurnalistikaning bunchalik murakkabligini tasavvur ham qilolmagandim. Matnlarimni yirtib tashlashardi, qayta-qayta yozishga majbur qilishardi.

O‘sha paytda haqiqiy professionallar, o‘z ishining ustasi bo‘lgan insonlar ishlashardi. Ularning ko‘pchiligi ketdi, kimdir chet elga ko‘chdi, kimdir, afsuski, oramizda yo‘q. Lekin aynan ular tufayli men bugungi kunga kelib, hozirgi men bo‘lib shakllandim.

— Taslim bo‘lmaslikka nima kuch berdi?

— Maqsadga erishish istagi. Men maqsadni ko‘rdim-u, to‘siqlarni ko‘rmadim. Televideniyeda, ayniqsa “Axborot” dasturida talablar shunchaki osmonda edi. Bu birinchi raqamli dastur bo‘lib, unda zarracha xatoga, ayniqsa siyosiy xatoga yo‘l qo‘yilmasdi.

— Demak, siz "Axborot‘da sport mavzulari bilan shug‘ullangansiz, shunday emasmi?

— Ha, lekin faqat boshida. Men u yerga kelganimda, meni "Axborot‘ga ustozim, taniqli sport sharhlovchisi Rixsitilla Umarov qo‘llab-quvvatlab olib kirgan paytda, bizda qat’iy tuzilma mavjud edi. Dastur siyosiy, xalqaro, mintaqaviy va sport bloklariga bo‘linardi. Oxirida esa, odatdagidek, ob-havo ma’lumoti berilardi. Har bir blokning o‘z muharriri, o‘z jamoasi bor edi. Men sport blokida ishlardim.

Asta-sekin, televideniye rivojlanishi bilan blok tizimi yo‘qola boshladi. Yangiliklar joriy etildi, xalqaro tajriba o‘zlashtirildi, dastur tuzilmasi yaxlitlashdi. O‘zbekiston dunyoga ochila boshladi: jurnalistlarimiz tobora ko‘proq xorijga chiqadigan, xorijlik hamkasblarimiz esa — biznikiga keladigan bo‘ldi. Endi ma’lumotni alohida bloklarga ajratishning ma’nosi qolmadi — hammasi yagona oqimga aylandi.

— Ya’ni sport jurnalistlari boshqa mavzular bilan ham shug‘ullana boshladimi?

— Ha, vaqt o‘tishi bilan biz universal mutaxassislarga aylandik. Masalan, sport jurnalistini ekologiya yoki iqtisodiyot haqida syujet tayyorlash uchun yuborishlari mumkin edi. Tajriba va ko‘nikmalar orttirib, tor doiradagi mutaxassislardan, aytaylik, keng qamrovli muharrirlarga aylandik. Men bilan ham shunday bo‘ldi. Avvaliga men sport bloki muharriri edim, keyin butun dasturning muharriri va boshlovchisi bo‘ldim. Aslida, meni deyarli darhol boshlovchi qilib tayinlashgandi.

— Bu sizning kasbiy mahoratingizni shakllantirganmi?

— Albatta. Har bir material, har bir so‘z sinchiklab tekshirilardi. Meni xatosiz ishlashga o‘rgatishdi. Albatta, xatolar bo‘ladi, inson omilini hech kim bekor qilmagan. Ammo o‘sha maktab g‘oyat qimmatli tajriba berdi.

— "Axborot‘da necha yil ishladingiz?

— 20 yildan ortiq. Televideniyeda esa — undan ham ko‘proq. Mening bosh ustozim Rixsitulla Umarov edi, u juda mashhur inson edi. Uning sharofati bilan ko‘p narsani o‘rgandim. U o‘zbek televideniyesi afsonasi, eng mashhur telejurnalist va sport sharhlovchilaridan biri edi. Aynan u 90-yillarning boshida meni televideniyega chinakamiga “tortib” olib kirdi. Men esa qarshilik ko‘rsatdim, injiqlik qildim. Ha, televideniye haqida orzu qilardim, lekin bu oson emasligini tushunardim: yozishni bilish, tayyorgarlik ko‘rish kerak edi.

O‘shanda men sport bilan shug‘ullanib, mashq qilardim va har safar unga: “Qo‘ying, yozish mening ishim emas,” derdim. Lekin u: “Sening g‘ayrating va xarizmang bilan uddalaysan,” deb ishontirardi. Natijada, 1996-yilda men baribir televideniyega kirdim, lekin dastlab "Axborot"ga emas.

— Televizion karyerangiz nimadan boshlangan?

— Mening birinchi ko‘rsatuvim TV-4 dagi “Aerobika” bo‘lgan. Sportchilarim bilan aerobika mashg‘ulotlarini tayyorlab, keyin ishtirokimizda chiqishlarni suratga olardik. Bu 2000-yillarning boshlarigacha davom etdi, ammo keyin oldinga siljish vaqti keldi. Menga: “Raqs tushishni bas qiling, sizga yangiliklar tahririyatida joy bor. Bizga siz kabi yaxshi notiqlik ovoziga ega va sportni tushunadigan odamlar kerak,” deyishdi.

Men javob berdim: “Axir men jurnalist emasman-ku”. Bunga javoban menga xotirjamlik bilan: “O‘rgatamiz,” deyishdi. Shunday qilib, men "Axborot“ga keldim. Birinchi haftadayoq bosh muharrir: “U bilan ortiqcha ovora bo‘lmanglar, darhol efirga chiqaring, o‘zi eplab ketadi,” dedi. Meni darhol kamera oldiga o‘tqazishdi. Yozilganini o‘qiyver!

— Bunday yukni qanday uddaladingiz?

— Albatta, oson bo‘lmadi. Birinchi haftada tez-tez xato qilardim, lekin bu juda katta tajriba bo‘ldi. Uzoq vaqt davomida menga “zaif bo‘g‘in” laqabi yopishib qoldi. Yo‘q, yomon ishlaganim uchun emas, balki meni “Zaif bo‘g‘in” dasturining boshlovchisi, sinxron suzish bo‘yicha Olimpiya chempioni Mariya Kiseleva bilan taqqoslashgani uchun. U juda qattiqqo‘l, toshday sovuqqon, ortiqcha his-tuyg‘ularsiz edi, chimchilab qo‘ysangiz ham qilt etmasdi.

Mendan ham xuddi shunday qat’iyatlilikni talab qilishardi. Hech qanday beadablik yo‘q, faqat aniq ta’riflar. Menga doim: "Siz "Axborot"ning yuzisiz," deyishardi.

— Sport blokidagi ish qanday kechardi?

— O, bu chinakam ekstrim edi! Sport bloki atigi uch daqiqa davom etardi, shundan 45 soniyani kirish qismi, ba’zan reklama egallar edi. Qolgan 2 daqiqada kamida uchta syujet berish kerak edi. Tasavvur qilyapsizmi? Har bir kirish so‘zi uchun bir necha soniya vaqt bor edi, syujet esa bor-yo‘g‘i 3-4 qatordan iborat bo‘lardi.

Shu bilan birga, butun kunni suratga olish bilan o‘tkazib, soat to‘rtga studiyada bo‘lishimiz kerak edi. O‘shanda jonli efirlar yo‘q edi, hamma narsa yozib olinardi. Sport blokini yozib olishga eng ko‘pi bilan 5 daqiqa vaqt berilardi. Xato qilsangiz, qaytadan suratga olasiz, lekin bunga deyarli vaqt yo‘q edi. Agar tez-tez xato qilganimda, meni ishdan bo‘shatib yuborishardi.

— O‘sha paytda “Axborot” qanday ahamiyatga ega edi?

— “Axborot” mamlakatning asosiy axborot dasturi edi. Bu O‘zbekistonning o‘ziga xos tashrif qog‘ozi bo‘lib, madhiya va bayroq kabi muhim edi. "Axborot‘dan odamlar hamma narsani: yangi qonunlar, narxlarning o‘zgarishi, mamlakat va dunyodagi voqealar haqida bilib olishardi.

O‘shanda internet yo‘q edi, yangiliklar saytlari ham mavjud emasdi. Agar yangi qonun chiqsa yoki narxlar oshsa, odamlar bu haqda "Axborot‘dan xabardor bo‘lishardi. Bu dolzarb ma’lumotlarning yagona manbai edi.

Albatta, “Axborot” o‘sha paytda yangiliklarning yagona manbasi bo‘lmaganini unutmaslik kerak. Masalan, “Yoshlar” telekanalida faqat o‘zbek tilida “Davr” ko‘rsatuvi uzatilardi. Agar rus-o‘zbek formati haqida gapiradigan bo‘lsak, bu yerda “Axborot” betakror edi. Bizda hatto maxsus efir tizimi ham bor edi: avval rus tilidagi yangiliklar, keyin o‘zbek tilidagi yangiliklar va kechasi — takrori. Hozir ham shunday davom etmoqda.

— Masalan, jurfakda olingan nazariy bilimlar qanchalik muhim?

— Nazariya, shubhasiz, muhim, lekin amaliyot ham muhim ahamiyatga ega. Men, masalan, jurfakni tugatmaganman, amaliyotchiman va barcha ko‘nikmalarimni ish jarayonida egallagan. Kimdir uchun nazariya asos bo‘lishi mumkin, menda esa faqat amaliyot bor edi. Ammo nazariy asosga ega bo‘lmasdan turib ham professionallikka intilish kerak: yozish, matnlarni savodli tuzish, ma’lumotlarni tahlil qilish va sifatli, mazmunli material tayyorlash qobiliyati.

Yana bir muhim jihat — bu halollik. Hech qachon bo‘lmagan narsani bezatish yoki o‘ylab topish kerak emas. Ha, sariq matbuotda bu ish berishi mumkin, ammo haqiqiy jurnalistika — bu haqiqat haqida. Agar rostini aytolmasangiz, yaxshisi jim turing.

— Ko‘pchilik iste’dodli matn — bu ijod ham deydi. Siz bunga qo‘shilasizmi?

— Mutlaqo! Men har doim matnlarim quruq ma’lumotlar bo‘lmasligi uchun harakat qilganman. Ularni jozibador, qiziqarli, jonli qilishim kerak edi. Bu esa ijodiy yondashuvni talab qiladi. Albatta, bu ham birdaniga sodir bo‘lmadi. Men o‘z ustozlarimga qarab, o‘zim uchun eng yaxshisini o‘zlashtirishga intilardim.

Va, albatta, gapirish qobiliyati. Men filolog emasman, notiqlik san’atini o‘rganmaganman, lekin vaqt o‘tishi bilan "Axborot‘da o‘rgatilgan amaliyot va talablar tufayli bu ko‘nikmani ham egalladi. Bugun ham bu juda muhim. Ayniqsa, axborot dasturlarini ko‘rganda, nutqdagi xatolarni, noto‘g‘ri tugallanishlarni, kelishiklarni eshitganda bularning hammasi diqqatni tortadi va quloqqa yoqimsiz eshitiladi.

— Sizningcha, hozirgi jurnalistikaning ahvoli qanday? Ayniqsa, ko‘pchilik sog‘inib eslaydigan “eski maktab” bilan solishtirganda.

— To‘g‘risini aytganda, vaziyat murakkab. Ommaviy axborot vositalarida faoliyatini boshlayotgan ko‘p yoshlar asosiy ko‘nikmalarga ega emas. Ayrimlari, albatta, iste’dodli, lekin umuman olganda tayyorgarlik yetishmovchiligi sezilmoqda. Muammo shundan boshlanadiki, muharrirlar matn yoki nutqdagi oddiy xatolarni payqamasdan o‘tkazib yuborishlari mumkin. Xalq eshitadi, ko‘radi va agar jurnalist gaplarni tuzishda yoki so‘z qo‘shimchalarida xatoga yo‘l qo‘ysa, bu butun dastur haqidagi taassurotni barbod qiladi.

Afsuski, bugungi kunda ko‘p muharrirlar bunga e’tibor bermayapti. Ilgari maktab qattiq edi: Xudo ko‘rsatmasin, efirda qo‘pol xato qilsang — darrov tahlil, tanbeh, tekshiruv, jazo bo‘lardi. Hozir bu deyarli yo‘q.

— Demak, jurnalist shunchaki yangilik yetkazuvchi odam emas ekan-da?

— Xuddi shunday. Jurnalist — tinglab, tahlil qilib, ma’lumotni xolis va aniq yetkaza oladigan inson. Bu andoza bo‘yicha” ish emas. Bu kasbda aql ham, ziyraklik ham, ijod ham muhim.

— Siz tayyorgarlik mavzusiga to‘xtadingiz. Sizningcha, jurnalist suratga olish va reportajlarga qanday tayyorgarlik ko‘rishi kerak?

— Bu og‘riqli mavzu. Ko‘pincha shunday bo‘ladi: jurnalist tadbirga yoki forumga kelib so‘raydi: “Bu yerda umuman nima bo‘lyapti?” Holbuki, uning arizasida hamma narsa bor edi: forumning nomi, mavzusi. Internetga kirib, o‘tgan yili nima bo‘lganini — kimlar qatnashganini, qanday masalalar ko‘tarilganini, hozir nima dolzarbligini o‘rganish kerak. Axir bu oddiy tahlil-ku! Matbuot xizmati bilan bog‘lanib, tafsilotlarni oldindan bilib olish, savollar ro‘yxatini tuzish lozim. Ammo buning o‘rniga biz tashabbusning butunlay yo‘qligini ko‘ramiz: “Meni shunchaki bu yerga yuborishdi, bu yerda nima borligini esa bilmayman.”

— Blogerlar-chi? Hozir ularni ko‘pincha jurnalistlar bilan taqqoslashadi. Bunday yondashuvga munosabatingiz qanday?

— Blogerlar — bu butunlay boshqa narsa. Ularning o‘z auditoriyasi, o‘z maqsadlari bor. Ular asosan ko‘ngilochar kontent uchun ishlashadi. Instagram, stories — bu chuqur tahlilga emas, balki hissiy idrok etishga mo‘ljallangan format. Albatta, agar bloger professional jurnalist bo‘lsa, bu boshqa masala. Bunday odam materialni savodli, qiziqarli tarzda taqdim eta oladi.

Ammo millionlab obunachilarga ega bo‘lgan ko‘plab blogerlar shunchaki tadbirga kelib, “Mana men hozir shu yerdaman, hozir u yerga, mana bu yerga boraman” deb boshlaydilar. Taqdimot tartibsiz, so‘zlar pala-partish. Albatta, bu auditoriyaga ta’sir qiladi, o‘zlariga o‘xshash odamlarni jalb etadi. Ular o‘z reklamalaridan pul ishlashadi va bu ularning tanlovi. Lekin shaxsan men uchun kasbiy obro‘yim muhimroq. Men ustozlarim menga qarab: “Nima, butunlay adashib qoldingmi?” deyishini istamayman.

— Jurnalist bo‘lishni orzu qilayotganlarga, ayniqsa "katta jurnalistika‘da nima maslahat berardingiz?

— Birinchidan, o‘z shaxsiyatingizni topishingiz kerak. Bu juda muhim. Jurnalist shunchaki hikoya qiluvchi emas. Bu shaxs. Har kimning o‘z uslubi, o‘ziga xos ish yuritish usuli bo‘lishi kerak. O‘zingizni namoyon etishni, odamlar bilan ishlay olishni, murakkab vaziyatlar va qo‘zg‘atuvchi holatlardan qo‘rqmaslikni o‘rganish lozim.

Ikkinchidan, yozishni o‘rganish muhim. Matn — kasbning asosi. U quruq, siyqa bo‘lmasligi kerak. Hatto axborot xabarini ham jonli, qiziqarli qilish, unga ijodiy yondashuv kiritish mumkin.

Haqiqatan ham katta jurnalistika bilan mavzularga chuqur kirib borishga, ularni har tomonlama yoritishga tayyor bo‘lganlar shug‘ullanishi mumkin. Siyosat, sport, madaniyat, tibbiyot, dam olish — har bir mavzu iste’dod, tahlil va xolislikni talab qiladi. Bu shunchaki “maqola yozish” yoki “bodring narxi oshganini aytish” emas. Bu kasbga bo‘lgan chin qiziqishni talab qiladigan mashaqqatli mehnatdir.

Tavsiyalar haqida gapiradigan bo‘lsak, eng muhimi o‘ziga xoslikdir. O‘z uslubingizni, o‘z ovozingizni, o‘z qiyofangizni topishingiz kerak. Boshqa birovga o‘xshashga urinmang. O‘zini, betakrorligini namoyon eta olish — bu professionalni ajratib turadigan xususiyatdir.

Ikkinchisi — odamlar bilan muloqot qilish qobiliyati. Savol berishdan, suhbatga kirishishdan, haqiqatni izlashdan qo‘rqmaslik kerak. Jurnalistika muloqot haqida va bu yerda bardoshlilik muhim. Qiyinchiliklar, provokatsiyalar bo‘ladi, ammo kuchli asab tizimi — zaruriy fazilatlardan biridir.

Va, albatta, nutq. Gapirish qobiliyati — bu asosiy sifat. Bu birdaniga shakllanmaydi, biroq hamma narsani o‘rganish mumkin. Men, masalan, filolog emasman, lekin yillar davomida fikrlarni to‘g‘ri ifodalashni o‘rgandim. Bu, ayniqsa, ko‘pchilik nutq madaniyatiga e’tibor bermayotgan hozirgi paytda juda muhim.

— Oxirgi savol. Sizningcha, haqiqiy jurnalistning media sohasidagi boshqa mutaxassislardan farqi nimada?

— Mas’uliyat. Jurnalist o‘z so‘zlari uchun javobgar. Buning ustiga, nafaqat yuridik, balki axloqiy ham. Bu ikkalasi bog‘liq: biz faktlarni tekshirishimiz, haqiqatni gapirishimiz, reytinglar uchun bo‘yab ko‘rsatmasligimiz kerak. Agar biror narsaga ishonchimiz komil bo‘lmasa, yolg‘on gapirishdan ko‘ra jim turgan ma’qul.

Haqiqiy jurnalist — voqealarning mohiyatini tushunishga, ma’lumotni auditoriyaga xolis yetkazishga intiladigan inson. Bu doimiy o‘qish, rivojlanish, o‘z ustida ishlashni talab qiladigan ulkan mehnatdir. Ammo ishtiyoq, istak bo‘lsa — hammasi amalga oshadi.

Gayane Shamsutdinova, atayin “Karavan-Info” uchun