
Normatova Shirin: zo‘ravonlikning oldini olish maqsadida uyma-uy yuryapmiz
Normatova Shirin — Toshkent shahar IIBBning Huquqbuzarliklar profilaktikasi boshqarmasi o‘rinbosari, ayollar masalalari bo‘yicha podpolkovnik.
— Zo‘ravonlikka duch kelgan ayollar qayerga murojaat qilishlari mumkin? Ularni himoya qilish uchun davlat qanday chora-tadbirlar ko‘rmoqda?
— Hozirgi kunda tazyiq yoki zo‘ravonlikdan shikoyat qilayotgan ayollar 102, 1146 yoki 1259 qisqa raqamlariga qo‘ng‘iroq qilishlari mumkin. Bunday chaqiruv kelib tushgach, profilaktika inspektori darhol voqea joyiga yetib borib, vaziyatni o‘rganadi: haqiqatan ham ahvol jiddiy va aralashuvni talab qiladimi.
Har bir mahallada “yettilik” komissiyasi a’zolari faoliyat yuritib, ular himoya orderini berishdan avval sinchkovlik bilan tekshiruv o‘tkazadilar. Ular ayolning haqiqatan zo‘ravonlikka uchraganligini yoki unga ma’naviy zarar yetkazilganligini aniqlaydlilar. Agar faktlar tasdiqlansa, ayolga bir sutka ichida himoya orderi beriladi.
Order profilaktika inspektori tomonidan mahalla faollari bilan hamkorlikda rasmiylashtiriladi. Hujjat ikki nusxada tayyorlanadi: biri jabrlanuvchi tomonga, ikkinchisi esa zo‘ravonlik sodir etgan shaxsga topshiriladi. Shu bilan birga, har ikki tomonga ularning huquq va majburiyatlari tushuntiriladi.
Shundan so‘ng, xotin-qizlar ishlari bo‘yicha inspektor zo‘ravonlik takrorlanmasligiga ishonch hosil qilish uchun vaziyatni kuzatishda davom etadi. Ayolga psixologik yordam ko‘rsatiladi, zarur hollarda esa yuridik yordam ham taqdim etiladi.
— Ayol tan jarohati bilan yoki og‘ir ruhiy holatda murojaat qilsa, nima bo‘ladi?
— Bunday hollarda unga shoshilinch yordam ko‘rsatiladi. Tuman kasalxonasida maxsus birlamchi yordam xonalari tashkil etilgan bo‘lib, u yerda ayol uch kungacha qolishi mumkin.
U va bolalari shifokorlar ko‘rigidan o‘tkaziladi, ehtimoliy kasalliklarni aniqlash uchun tashxis qo‘yiladi. Agar ayolning ruhiy tushkunlik holatida ekanligi yoki o‘z joniga qasd qilishga moyilligi aniqlansa, u Shelter — ayollar uchun reabilitatsiya markazlariga yo‘llanadi. Bunday markazlar har bir viloyatda faoliyat yuritmoqda.
Shelterda ayolga zarur psixologik va huquqiy yordam ko‘rsatiladi. Agar u ishsiz bo‘lsa, unga ish topishda yordam berishadi. Shu bilan birga, bolalar maktab yoki bog‘chaga borishda davom etadilar. Agar ayol ishlaydigan bo‘lsa, u ish joyini saqlab qolgan holda davolanishi mumkin.
— Ayol reabilitatsiya markazida qancha muddat qolishi mumkin?
— Hammasi uning ahvoliga bog‘liq. Bu bir oy, uch oy yoki hatto olti oy ham bo‘lishi mumkin. Reabilitatsiya markazlarida barcha sharoitlar yaratilgan: davolanish, qo‘llab-quvvatlash, ovqatlanish — barchasi bepul taqdim etiladi.
Ayolning psixologik holati yaxshilangach, boshqa tomon — zo‘ravonlik sodir etgan shaxs bilan Milliy gvardiya psixolog-inspektori ish boshlaydi. Oilaning muqaddasligi va oilaviy qadriyatlar mavzulariga oid profilaktik suhbatlar o‘tkaziladi. Ba’zi hollarda oilalar tiklanadi va hatto mustahkamlanadi.
— Oila yarashishi mumkin bo‘lmasa yoki xavfli bo‘lsa-chi?
— Agar yarashish og‘ir oqibatlarga olib kelishi mumkinligini ko‘rsak, buni talab qilmaymiz. Masalan, agar erkak kishi giyohvandlik yoki ichkilikbozlikdan aziyat chekayotgan bo‘lsa, biz uni narkologik dispanserga davolanishga yuboramiz. Sog‘aygandan so‘ng biz unga ish topishga va jamiyatga qo‘shilishga yordam beramiz.
Biroq shunday holatlar ham bo‘ladiki, inson allaqachon o‘ta tanazzul darajasiga yetgan va uning xulq-atvori oila uchun xavf tug‘diradi. Bunday vaziyatlarda biz xotin-qizlar va bolalar xavfsizligini ta’minlash uchun tomonlarni ajratish choralarini ko‘ramiz.
— Bu ishlar natijasida qanday o‘zgarishlarni kuzatmoqdasiz?
— Ko‘p hollarda ayol yordam olsa, ish har ikki tomon bilan olib borilsa, vaziyat sezilarli darajada yaxshilanadi. Buzilish yoqasiga kelib qolgan oilalar qayta tiklanib, boshqalarga o‘rnak bo‘ladigan hollar ham bo‘lgan. Ammo oilani tiklashning iloji bo‘lmasa, biz ayollar va ularning farzandlari uchun xavfsizlik va barqaror kelajakni ta’minlash uchun barcha imkoniyatlarni ishga solamiz.
— Ijtimoiy tarmoqlar va ommaviy axborot vositalarida O‘zbekistonda sodir bo‘lgan fojiali voqea haqida ma’lumotlar tarqaldi. Himoya orderi olgan ayol o‘z eri tomonidan o‘ldirilgan. Nega hatto himoya orderi ham uni himoya qila olmadi? Bunday holatlar takrorlanmasligi uchun nima qilish kerak?
— Afsuski, bunday holatlar haqiqatan ham uchrab turadi. Tanganing ikki tomoni bo‘lgani kabi, bu masalaning ham ikki jihati bor. Himoya orderi berilgandan so‘ng biz har ikki tomonga ularning huquq va majburiyatlarini tushuntiramiz, ayol bilan ishlaymiz, unga ruhiy yordam ko‘rsatamiz. Biroq, ba’zida ayollarning o‘zlari nizolarni keltirib chiqaradi.
Masalan, himoya orderi bir uyda yashashga ruxsat berishi mumkin, lekin turli xonalarda alohida yashashni talab qiladi. Agar uyda faqat bitta hammom bo‘lsa, undan ikkala tomon ham foydalanadi. Shunday hollar ham bo‘lganki, eri ishga ketmoqchi bo‘lib turgan paytda ayol kishi adashib yoki ataylab hammomni ikki soatga band qilib qo‘ygan. Bu janjal chiqishiga sabab bo‘lgan. Men siz aytib o‘tgan voqeadagi ayol aynan shunday vaziyatga duch kelgan deb aytmoqchi emasman, lekin ilgari ham shunday hollar bo‘lgan.
Bugungi kunda Prezidentning 10-maydagi 175-sonli qarori tufayli har ikki tomon bilan ham ish olib borilmoqda. Ilgari biz faqat ayollarni qo‘llab-quvvatlashga e’tibor qaratganmiz, erlar bilan ish olib borilmagan. Endi zo‘ravonlik sodir etgan erkaklarga Milliy gvardiyadan inspektor-ruhshunos tayinlanadi. U ayollar bilan qanday ishlasa, erkaklar bilan ham xuddi shunday ishlaydi.
Bu amaliyot yaqinda joriy etildi va biz ijobiy natijalarni kutmoqdamiz. Erkaklar himoya orderi jiddiy ekanligini tushuna boshlayaptilar. Ular o‘zlariga muammo tug‘dirmaslik uchun bir oy davomida ayolga yaqinlasha olmasliklarini bilishadi.
Bundan tashqari, biz himoya orderini uzaytirish imkoniyatini ham nazarda tutdik. Ilgari muddat bir oy bo‘lgan bo‘lsa, endi uni bir yilgacha uzaytirish mumkin. Bu bir yil davomida tomonlar bir-biridan ajralishi mumkinligini anglatadi va barcha choralar takroriy hodisalarning oldini olishga qaratilgan.
— Siz 15 yil oldin ommaviy axborot vositalarida oiladagi zo‘ravonlik mavzulari deyarli muhokama qilinmaganini ta’kidladingiz. Ularni yashirishga harakat qilishgan, chunki bu bizning mentalitetimizga to‘g‘ri kelmaydi, deb hisoblashgan. Bugun vaziyat o‘zgardi. Bu davlat organlari va jamiyatga qanday ta’sir ko‘rsatdi?
— Darhaqiqat, yaqin o‘tmishda bunday masalalar taqiqlangan mavzu edi. Odamlar buni oila uchun “sharmandalik” yoki urf-odatlarimizga to‘g‘ri kelmaydi deb, muammolarni jamoatchilikka oshkor qilmaslikka harakat qilishardi.
2019-yilda Prezidentimiz tashabbusi bilan xotin-qizlar masalalari bo‘yicha inspektor lavozimi joriy etildi. Bu muhim qadam bo‘ldi. Ilgari bunday lavozim umuman mavjud emas edi. Nima uchun bu muhim? Ayolning dardini ayol tushunadi. Joylarda ayol-inspektorlar ishlaganda, ular vaziyatni boshqacha ko‘rishi va baholashi mumkin.
Prezidentimiz aniq aytgan: “Men O‘zbekistondagi ayollar zo‘ravonlikka va shafqatsiz munosabatga duch kelmasligini, ularning farzandlari baxtli oilalarda ulg‘ayishini xohlayman. Shunda kelajakda jamiyatimiz yanada kuchli va farovon bo‘ladi”.
Biz ommaviy axborot vositalarini ushbu mavzularni yoritishga, zo‘ravonlikka qarshi ko‘rilayotgan choralar haqida so‘zlashga, haqiqiy voqealarni ko‘rsatishga va ayollar huquqlari haqida ma’lumot berishga chaqiramiz. Muammoga duch kelganlar qayerga murojaat qilishni, qayerdan yordam olishni bilishlari kerak.
— Davlat organlari bunday fojialarning oldini olish uchun qanday harakat qilmoqda?
— Biz ayolning o‘zi shikoyat bilan kelishini kutib o‘tirmaymiz. Mahallalardagi vaziyatni faol o‘rganyapmiz. Xotin-qizlar masalalari bo‘yicha inspektorlar uyma-uy yurib, aholi bilan muloqot qilmoqda, yuzaga kelishi mumkin bo‘lgan muammolarni aniqlash va jiddiy oqibatlarga olib kelishidan oldin ularning oldini olishga harakat qilmoqda.
Bunday tizimli ishlar butun respublika bo‘ylab olib borilmoqda. Biz ayollar o‘z muammolari haqida gapirishdan cho‘chimasligini, yordam so‘rab murojaat qilishlarini va yolg‘iz emasliklarini bilishlarini istaymiz. Shundagina biz barcha uchun xavfsiz jamiyat qura olamiz.