
AQSH 43 mamlakat uchun kirish qoidalarini qattiqlashtiradi: O‘zbekiston ro‘yxatda yo‘q
The New York Times nashri xabar qilishicha, AQSH Davlat departamenti mamlakatlarni kirish cheklovlari darajasiga ko‘ra uch toifaga bo‘lgan. Ro‘yxatga 39 ta davlat kiritilgan, biroq O‘zbekiston unda yo‘q.
Eng qattiq choralar “qizil” ro‘yxatdagi 11 ta davlatga, jumladan Eron, Shimoliy Koreya va Suriyaga nisbatan qo‘llaniladi. Bu davlatlar fuqarolariga AQShga kirish butunlay taqiqlangan. “To‘q sariq” toifaga Rossiya, Belarus, Pokiston va boshqa mamlakatlar kiritilgan bo‘lib, ular uchun qat’iy viza cheklovlari joriy etilgan. Ammo bu mamlakatlarning badavlat fuqarolari ma’lum shartlarga rioya qilgan holda AQShga kira olishlari mumkin. “Sariq” ro‘yxatga tushgan yana 22 davlatga qonunbuzarliklarni bartaraf etish uchun 60 kunlik muddat berilgan. Aks holda, ular ham viza taqiqlariga duch kelishlari mumkin.
Bunday qaror sabablari ba’zi mamlakatlarning AQShga sayohatchilar haqidagi ma’lumotlarni berishdan bosh tortishi, berilayotgan pasportlarning yetarli darajada tekshirilmasligi va viza taqiqlariga duchor bo‘lgan mamlakatlardan kelgan shaxslarga fuqarolik sotilishi bilan bog‘liq. The New York Times ta’kidlashicha, ro‘yxat Davlat departamenti tomonidan bir necha hafta oldin tayyorlangan va u Oq uyda yakuniy tasdiqlangunga qadar o‘zgartirilishi mumkin.
Ilgari Donald Tramp Davlat departamentidan vizalar berish va chet elliklar kirishi ustidan nazorat darajasi yetarli bo‘lmagan mamlakatlarni aniqlashni talab qilgandi. Ushbu tahlil yaqin kunlarda yakunlanishi kerak, shundan so‘ng ro‘yxat kuchga kiradi.