Migrantlarga oson bo‘ladi: Rossiya "filtr"larni O‘zbekistonga ko‘chirmoqda
19 апрель

Migrantlarga oson bo‘ladi: Rossiya "filtr"larni O‘zbekistonga ko‘chirmoqda

Rossiya va O‘zbekiston mehnat muhojirlari hayotini yengillashtirishga jiddiy kirishdi. Ma’lum bo‘lishicha, tomonlar Rossiya Federatsiyasida ishlash uchun zarur bo‘lgan asosiy tartib-qoidalarni to‘g‘ridan-to‘g‘ri O‘zbekiston hududiga o‘tkazish bo‘yicha faol ish olib bormoqda. Bu shuni anglatadiki, o‘zbekistonliklar tibbiy ko‘rikdan o‘tish, rus tilidan imtihon topshirish va hujjatlarni rasmiylashtirish uchun Rossiyaga borishga vaqt va pul sarflamaydilar.

O‘zbekiston va Rossiyaning turli idoralari vakillaridan iborat ikki tomonlama ishchi guruh Toshkentda samarali uchrashuv o‘tkazdi. Muzokaralarda Rossiya Xalqlar do‘stligi universiteti va Rossiyaning "Pasport-viza xizmati" davlat korxonasi vakillari ham ishtirok etdi.

Uchrashuv davomida tomonlar migratsiya jarayonlarini O‘zbekistonga ko‘chirish, tibbiy ko‘rikdan o‘tish va Toshkentdagi Rossiya oliy o‘quv yurtlari filiallarida rus tilidan imtihon topshirish masalalarini muhokama qildilar.

Gap Toshkentda bo‘lajak mehnat muhojirlariga Rossiyada ishlashga tez va qulay tayyorgarlik ko‘rish imkonini beruvchi to‘laqonli infratuzilmani yaratish haqida bormoqda. Toshkentda "Pasport-viza xizmati" vakolatxonasi va "Saxarovo" ko‘p tarmoqli migratsiya markazi faoliyatini qayta tiklash, til imtihonlariga tayyorgarlik ko‘rish markazlari, jumladan, rus tili, Rossiya tarixi va qonunchiligi bo‘yicha kurslar ochish rejalashtirilgan.

Bundan tashqari, tomonlar O‘zbekistonda tibbiy ko‘rikdan o‘tish ("Gemotest") uchun ixtisoslashtirilgan tibbiyot klinikasini ochish, shuningdek, mahalliy kadrlarni o‘qitish uchun rossiyalik o‘qituvchilarni jalb qilish imkoniyatini ko‘rib chiqmoqda.

Rossiya tomoni vakillari O‘zbekiston Ichki ishlar vazirligining Toshkentda "Pasport-viza xizmati" vakolatxonasi faoliyatini qayta yo‘lga qo‘yish to‘g‘risidagi tashabbusini qo‘llab-quvvatlashga tayyorligini tasdiqladi.

Tomonlar aprel oyi oxirida Moskvada bo‘lib o‘tadigan O‘zbekiston-Rossiya idoralararo ishchi guruhi yig‘ilishida ushbu masalalarni muhokama qilishni davom ettirishga kelishib oldilar.