
Uyqu rejimining buzilishi insult va yurak kasalliklari xavfini oshiradi
Tadqiqotlar shuni ko‘rsatdiki, uyqu rejimi doimiyligining buzilishi insult, yurak xurujlari va yurak yetishmovchiligi xavfini sezilarli darajada oshirishi mumkin. Olimlar aniqladilarki, hatto kuniga yetti-to‘qqiz soat uxlash me’yoriga rioya qilinganda ham, bir xil vaqtda uxlab-uyg‘ona olmaslik bu xavflarni 26 foizga oshiradi.
Kasallik xavfi uyqu rejimining beqarorlik darajasiga mutanosib ravishda ortib boradi. Kishi odatiy uxlash va uyg‘onish vaqtidan qanchalik ko‘p chetlashsa, yurak-qon tomir kasalliklari rivojlanish ehtimoli shunchalik yuqori bo‘ladi.
Mutaxassislarning ogohlantirishicha, har kuni ertalab va kechqurun uyqu vaqtining bir soatdan ortiq farq qilishi organizmda surunkali buzilishlarga olib kelishi mumkin. “Haftada bir necha marta turli vaqtlarda uxlash va uyg‘onish jiddiy muammo keltirib chiqarmaydi, ammo bunday rejim doimiy tusga kirsa, bu sog‘liqqa zarar yetkazishi mumkin,” deb ta’kidlashmoqda olimlar.
Tadqiqotlar yurak va qon tomirlar salomatligini saqlash uchun barqaror uyqu rejimiga rioya qilish muhimligini tasdiqlaydi.