Donald Tramp Si Szinpinni inauguratsiyaga taklif etdi
13 декабрь

Donald Tramp Si Szinpinni inauguratsiyaga taklif etdi

AQShning saylangan prezidenti Donald Tramp Xitoy Xalq Respublikasi raisi Si Szinpinga o‘zining inauguratsiya marosimiga tashrif buyurish uchun taklifnoma yubordi, deb xabar qilmoqda CBS News. Agar Xitoy rahbari taklifni qabul qilsa, bu 1874-yildan buyon chet el davlat rahbarining bunday marosimda ishtirok etishining birinchi holati bo‘ladi.

Telekanal ma’lumotlariga ko‘ra, taklifnoma noyabr oyi boshidayoq yuborilgan ekan. Biroq Si Szinpinning tashrif buyurishga rozilik bergani yoki yo‘qligi hozircha noma’lum.

Xabar qilinishicha, Tramp jamoasi inauguratsiyaga boshqa jahon yetakchilarini ham taklif etish imkoniyatini ko‘rib chiqmoqda. Jumladan, Vengriya bosh vaziri Viktor Orban marosimda qatnashish bo‘yicha hali uzil-kesil qaror qabul qilmagani haqida CBS manbalaridan biri ma’lum qildi.

An’anaga ko‘ra, AQSh prezidentining inauguratsiyasiga elchilar va diplomatlar taklif etiladi. Davlat departamenti aniqlik kiritishicha, xorijiy davlat rahbarlari deyarli 150 yil davomida bunday tadbirlarda ishtirok etmagan.