
Xitoy avtomobil ishlab chiqaruvchilari Germaniyadagi Volkswagen zavodlariga qiziqish bildirmoqda
Xitoy avtomobil ishlab chiqaruvchilari va amaldorlari Germaniyadagi zavodlar, jumladan, Volkswagen obyektlarining yopilishini sinchkovlik bilan kuzatib bormoqda. Bu haqda Xitoy hukumatining nuqtayi nazari bilan tanish bo‘lgan manba Reuters agentligiga xabar berdi.
Germaniya zavodlarini sotib olish Xitoy tomonidan Germaniyaning nufuzli avtomobilsozlik sanoatidagi o‘z mavqeini mustahkamlashga imkon beradigan strategik qadam sifatida baholanmoqda. Xitoy kompaniyalari telekommunikatsiya va robototexnika kabi muhim tarmoqlarga ko‘p yillar davomida sarmoya kiritganiga qaramay, Germaniyada avtomobillarni to‘liq ishlab chiqarish hali yo‘lga qo‘yilmagan.
Voqealarning bunday rivoji, ayniqsa, siyosiy nuqtayi nazardan nozik masala bo‘lishi mumkin. Germaniyaning sanoat qudrati ramzi hisoblangan Volkswagen iqtisodiy tushkunlik va talabning pasayishi tufayli bosimga duch kelmoqda.
Xitoylik elektromobil ishlab chiqaruvchilar uchun Germaniyada ishlab chiqarishni tashkil etish sezilarli afzalliklar beradi. Bu Yevropa Ittifoqining Xitoydan avtomobillar importiga soliq to‘lashdan qochish va ayni paytda Yevropa brendlari bilan raqobatni kuchaytirish imkonini yaratadi.
Manbaning ta’kidlashicha, keyingi investitsiya qarorlari fevral oyidagi saylovlardan so‘ng ish boshlayдigan yangi Germaniya hukumatining siyosatiga bog‘liq bo‘ladi.
Xitoyning Chery kompaniyasi allaqachon Yevropada ishlab chiqarishning mumkin bo‘lgan variantlarini ko‘rib chiqmoqda va bu yil qaror qabul qilishni rejalashtirmoqda. Zavodlarning yana bir potensial xaridori BYD hisoblanadi.