
Bundan 80 yil oldin Mixail Devyatayev nemis asirligidan jasoratli qochishni amalga oshirgan edi.
1945-yil 8-fevralda Mixail Devyatayev boshchiligidagi sovet harbiy asirlari guruhi Ulug‘ Vatan urushi davridagi eng dovyurakona qochishlardan birini amalga oshirdi. Uchuvchi va uning hamrohlari nemis bombardimonchi samolyotini olib qochishga erishdilar va muhim razvedka ma’lumotlarini yetkazib, vatanlariga qaytdilar.
1944-yilning yozida Lvov atrofida Devyatayevning samolyoti urib tushirildi, o‘zi esa hushsiz holda asirga tushdi. Bir oydan so‘ng, u qochishga urinib ko‘rdi, ammo qo‘lga olindi va Zaksenxauzen konslageriga jo‘natildi. Keyinchalik, u o‘limga mahkum etilganlar nishonini jazo olgan mahbuslar raqamiga almashtirib, Boltiq dengizidagi Uzedom orolidagi lagerga tushib qoldi. U yerda nemislar “Fau” raketalarini sinovdan o‘tkazayotgan edi.
1945-yil 8-fevralda Devyatayev va uning to‘qqizta hamrohi Penemyunde raketa markazi yaqinidagi aerodromda ishlayotib, soqchini sezdirmasdan o‘ldirishga va Germaniyaning “Xeynkel” bombardimonchi samolyotini qo‘lga kiritishga muvaffaq bo‘ldilar. Uchuvchining mahorati tufayli ular ta’qibdan qutulishga va front chizig‘ini kesib o‘tishga erishdilar.
SSSRga qaytgach, Devyatayev qo‘mondonlikka raketa qurilmalarining joylashuvi haqida qimmatli ma’lumotlarni yetkazdi. Bu axborot sovet aviatsiyasiga dushmanning strategik jihatdan muhim obyektlarini yo‘q qilishga yordam berdi. 1945-yil mart oyida Penemyunde poligoni Sovet qo‘shinlari tomonidan egallandi.
Qahramonligi uchun Mixail Devyatayev 1957-yil 15-avgustda Sovet Ittifoqi Qahramoni unvoniga sazovor bo‘ldi. Uning tarixi jasorat va ozodlikka bo‘lgan bukilmas irodaning ramziga aylandi.