
Samarqand elektrobuslarida bepul Wi-Fi paydo bo‘ldi
Samarqand shahrida "Samarqand yo‘lovchi trans" AJ tomonidan xizmat ko‘rsatilayotgan elektrobuslarda Wi-Fi internet tarmog‘iga simsiz ulanish tizimi ishga tushdi. Kompaniya matbuot xizmatidan ma’lum qilishlaricha, hozirda servis test rejimida ishlamoqda.
Korxona rahbari Otabek Abdullayev bir necha kun avval OAV vakillari va blogerlar ishtirokida o‘tkazilgan matbuot anjumanida Wi-Fi ishga tushirilishini ma’lum qilgandi. Qisqa vaqt ichida tizim shahar yo‘nalishlarida harakatlanuvchi barcha elektrobuslarga o‘rnatilib, foydalanishga topshirildi. Yo‘lovchilar internetdan bepul foydalanishlari mumkin.
Samarqand yo‘lovchi trans vakillarining ta’kidlashicha, bu yo‘lovchilar uchun yanada qulay sharoitlar yaratish borasidagi sa’y-harakatlarning bir qismidir. Yaqin kunlarda elektrobuslarda Wi-Fi mavjudligi haqida ma’lumot beruvchi maxsus stikerlar paydo bo‘ladi.
Kompaniyaning ogohlantirishicha, Wi-Fi tizimining test rejimida ishlashi sababli vaqtinchalik nosozliklar yuzaga kelishi mumkin, ular tezda bartaraf etiladi.