
Toshkentda orfan kasalliklarini tashxislash va davolash bo‘yicha xalqaro forum o‘tkaziladi
Poytaxtimizda 30-31 oktyabr kunlari “Chegarasiz Hamdo‘stlik” nomi ostida orfan kasalliklarini tashxislash va davolash bo‘yicha xalqaro forum bo‘lib o‘tadi. Ushbu muhim tadbirda Janubiy Koreya, Fransiya, Rossiya, Qirg‘iziston, Qozog‘iston, Belarus, Tojikiston va boshqa mamlakatlardan kam uchraydigan kasalliklar bilan shug‘ullanuvchi mutaxassislar hamda shifokorlar ishtirok etadi.
Forum O‘zbekiston Respublikasi Fanlar akademiyasi, O‘zbekiston Respublikasi Sog‘liqni saqlash vazirligi, “ZAMIN” xalqaro jamoat fondi, Fanlar akademiyasi Immunologiya va gemostaz instituti, shuningdek, “Respublika ixtisoslashtirilgan ona va bola salomatligi ilmiy-amaliy markazi” davlat muassasasi ko‘magida tashkil etilmoqda.
Forumning maqsadi kam uchraydigan va davolashda murakkab bo‘lgani sababli alohida e’tiborni talab qiladigan orfan kasalliklarni tashxislash, davolash va boshqarish sohasida tajriba hamda bilim almashishdan iborat. Ishtirokchilar tadqiqotlardagi so‘nggi yutuqlar, diagnostika va davolashning yangi usullari, shuningdek, bemorlar va tibbiyot muassasalari duch kelayotgan dolzarb muammolarni muhokama qilish imkoniyatiga ega bo‘ladilar.
Bunday tadbir kam uchraydigan kasalliklar haqidagi xabardorlikni oshirish va bu sohada xalqaro hamkorlikni mustahkamlashda muhim rol o‘ynaydi. Bu esa o‘z navbatida orfan kasalliklarga chalingan bemorlarga ko‘rsatiladigan tibbiy yordam sifatini sezilarli darajada yaxshilashi mumkin.