
O‘zbekistonlik arxeologlar Qozog‘istondagi qadimiy Jankent shahrining xalqaro qazish ishlarida qatnashmoqda
O‘zbekiston Madaniy meros agentligi qoshidagi Samarqand arxeologiya instituti mutaxassislari — Oysuluv Iskandarova va Niyoz Rashidov Qozog‘istonning Qizilo‘rda viloyatida joylashgan qadimiy Jankent shahri xarobalari o‘rnidagi xalqaro arxeologik tadqiqotlarda ishtirok etmoqdalar.
Ekspeditsiya Xalqaro turk akademiyasi ko‘magida va Qo‘rqit ota nomidagi Qizilo‘rda davlat universiteti bilan hamkorlikda uyushtirilgan. Loyihaning maqsadi o‘rta asrlar davri turkiy dunyosining moddiy va ma’naviy merosini har tomonlama o‘rganishdir.
Ekspeditsiya rahbari Oysuluv Iskandarova ta’kidlaganidek, Jankent Orolbo‘yining eng muhim arxeologik yodgorliklaridan biri sanaladi. Qazishmalar davomida ilk bor o‘g‘uzlarga tegishli IX asrga oid kumush tangalar xazinasi topildi. Tangalar olimlarning fikricha, badavlat shahar aholisiga tegishli bo‘lgan uydan topilgan. Tadqiqotchilar taxmin qilishicha, X-XI asrlarda aynan shu hududda O‘g‘uz davlatining ma’muriy markazi — Yangikent shahri joylashgan bo‘lgan.
Joriy yilning iyun oyida qazishma maydonida Jankentning turkiy dunyo uchun madaniy ahamiyatini ifodalovchi yodgorlik stelasi o‘rnatildi. Qazishmalarning hozirgi bosqichi mintaqaning savdo va madaniy aloqalari bilan bog‘liq me’moriy qoldiqlar va artefaktlarni o‘rganishga qaratilgan.