Shavkat Mirziyoyev va Si Szinpin milliardlab dollarlik yangi loyihalar bo‘yicha kelishdi
17 июнь

Shavkat Mirziyoyev va Si Szinpin milliardlab dollarlik yangi loyihalar bo‘yicha kelishdi

O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti Shavkat Mirziyoyev 17-iyun kuni Ostona shahrida Xitoy Xalq Respublikasi Raisi Si Szinpin bilan uchrashuv o‘tkazdi. Tomonlar ikki tomonlama va mintaqaviy ahamiyatga molik keng ko‘lamli masalalarni muhokama qilib, do‘stlik va strategik sheriklik munosabatlarining yuksak darajasini tasdiqladilar.

Davlatimiz rahbarining yanvar oyidagi Xitoyga tashrifi davomida erishilgan kelishuvlarni amalga oshirish, jumladan, barcha darajalardagi aloqalarni faollashtirish, Tashqi ishlar idoralari rahbarlarining Strategik muloqotini yo‘lga qo‘yish va Samarqandda Mintaqalar forumini o‘tkazish masalalariga alohida e’tibor qaratildi.

Iqtisodiy hamkorlik kun tartibidagi asosiy masala bo‘lib qolmoqda: mamlakatlar o‘rtasidagi tovar ayirboshlash hajmi 14 milliard dollarga yetdi, investitsiya portfeli esa 60 milliard dollardan oshdi. O‘zbekistonda Xitoyning texnoparklari va sanoat zonalari muvaffaqiyatli faoliyat yuritmoqda, BYD elektromobillarini ishlab chiqarish ko‘paymoqda, energetika, kimyo, metallurgiya, agrosanoat majmuasi va logistika sohalaridagi loyihalar rivojlanmoqda.

Tomonlar Xitoy — Qirg‘iziston — O‘zbekiston strategik temir yo‘li qurilishini jadallashtirishga kelishib oldilar. Kambag‘allikka qarshi birgalikda kurashish, ta’lim, fan, turizm va madaniyat sohalarida gumanitar hamkorlikni kengaytirish muhim ekani ta’kidlandi. Xususan, Xitoy oliy o‘quv yurtlarining filiallari faoliyat ko‘rsatmoqda, Urganchda Xalqaro matematika markazi ochilgan.

Xalqaro kun tartibi yuzasidan ham fikr almashildi. Yetakchilar BMT, SHHT, "Markaziy Osiyo — Xitoy" formati va boshqa xalqaro platformalar doirasidagi muvofiqlashuvning ahamiyatini ta’kidladilar.

Uchrashuv yakunida O‘zbekistonning JSTga a’zo bo‘lishi bo‘yicha ikki tomonlama muzokaralar yakunlangani ma’lum qilindi.