
Buyuk Britaniyada amakivachchalar va ammavachchalar o‘rtasidagi nikohlarni taqiqlash taklif etildi
Parlament a’zosi va Buyuk Britaniya Konservativ partiyasining sobiq raisi Richard Xolden amakivachchalar va ammavachchalar o‘rtasidagi nikohlarni taqiqlash tashabbusini ilgari surdi. U parlamentga qilgan murojaatida bunday nikohlar tug‘ma nuqsonli bolalar tug‘ilish xavfini oshirishini ta’kidlab, jamoat salomatligini himoya qilish maqsadida bu kabi cheklovlarni joriy etish zarurligini uqtirdi.
Xoldenning aytishicha, mamlakatda bunday nikohlar soni kamayib borayotgan bo‘lsa-da, ba’zi etnik diasporalarda ularning ommaviyligi yuqoriligicha qolmoqda va 20-40 foizga yetadi.
Hozirgi paytda Buyuk Britaniya qonunchiligi tug‘ishgan aka-ukalar va opa-singillar o‘rtasidagi, shuningdek ota-onalar va farzandlar o‘rtasidagi nikohlarni taqiqlaydi, biroq amakivachchalar va ammavachchalar o‘rtasidagi nikohlar qonuniy hisoblanadi.