Qozon BRIKS sammitiga tayyorgarlik ko‘rmoqda
Qozonda 22-24 oktyabr kunlari o‘tkaziladigan BRIKS mamlakatlari sammitiga tayyorgarlik ishlari yakunlanish arafasida. Shaharni obodonlashtirish va infratuzilmani modernizatsiya qilish ishlari bir yildan ziyod davom etmoqda.
Yo‘llar, kommunal tarmoqlar ta’miri va jamoat joylarini obodonlashtirish uchun sakkiz milliard rublga yaqin mablag‘ ajratildi. Rejalashtirilgan 29 ta yo‘l qismidan 23 tasida ishlar yakuniga yetkazildi, 17 ta obyektda yangi yoritish tizimlari o‘rnatildi. Shuningdek, uchta yer osti va bir nechta yer usti piyodalar o‘tish joylari ta’mirlandi, ularga yangi liftlar o‘rnatildi.
Jamoat joylari sohasida ham katta ishlar amalga oshirildi: Mingyillik bog‘ini qayta qurish yakunlandi, Bulak kanali, Bauman ko‘chasi, Kreml devorlari yonidagi Mingyillik maydoni va boshqa muhim obyektlar obodonlashtirildi. Ko‘kalamzorlashtirish doirasida shaharda 56 ming tup daraxt va 40 ming tup buta ekildi.
Sammitga shaharni tayyorlash 38 ta ko‘p qavatli uy va mehmonxonalarning tashqi qismini ta’mirlashni ham o‘z ichiga oladi. Sammit ishtirokchilarining talablariga mos kelishi uchun 14 ta mehmonxonada xonalarni yangilash ishlari olib borilmoqda. Mehmonlarni joylashtirish uchun jami 79 ta mehmonxona tayyorlandi, ulardan 55 tasi Qozonda joylashgan. Ularda albatta ingliz tilida so‘zlashuvchi xodimlar bo‘ladi, shuningdek, talab bo‘yicha halol taomnoma va diniy atributlar taqdim etiladi.
Xavfsizlikni ta’minlash maqsadida sammit o‘tkaziladigan joylarda kuchaytirilgan nazorat o‘rnatiladi va “Qozon Ekspo” hududiga kirish faqat ruxsatnomalar orqali amalga oshiriladi. Delegatsiyalarni tashish uchun asosiy transport vositasi Vaxitovo stansiyasidan qatnaydigan elektropoyezdlar bo‘ladi.
Sammit Qozon uchun eng yirik xalqaro tadbir bo‘lishga va’da bermoqda. Unda 18 mamlakat rahbarlari, shuningdek, Indoneziya tashqi ishlar vaziri ishtirok etadi.
Bogdan Burikin, atayin “Karavan-Info” uchun